BBC mehmoni Dovudxon Nazarovga savol yo‘llang

Image caption BBC mehmoni Dovudxon Nazarovga savol yo‘llang

Dovudxon Nazarov 1986 yil Namangan shahrida tavallud topgan. U - taniqli o‘zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovning o‘g‘li.

Dovudxon dastlabki diniy ta‘limni oilada buvisi Muharramxon aya tarbiyalari ostida va Namangan shahridagi bir necha hujralarda, so‘ngra o‘z otasi qaramog‘ida olgan.

1993-2004 yillarda Namanganda, keyinroq Toshkentda o‘rta maktabda o‘qigan.

U o‘zining o‘quv yillari otasining mamlakatdagi diniy faoliyati tufayli oila-a‘zolariga tinimsiz tazyiqlar avjga olgan paytga to‘g‘ri kelganini aytadi. Bu esa, Dovudxonga ko‘ra, beta‘sir qolmagan.

1998 yil otasi Obidxon qori Nazarov o‘zbek hukumati ta‘qiblaridan yashirinishga majbur bo‘larkan, oila hayoti keskin o‘zgarib ketadi.

Dovudxon avvaliga O‘zbekistonda, keyinchalik Qozog‘istonda hech kimga bildirmagan holda otasining doimiy hamrohi bo‘lgan.

Bu vaqt mobaynida Dovudxon diniy va dunyoviy ilmni mustaqil ravishda olishiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda, u otasi bilan Qozog‘istonda ilmiy-ma‘rifiy kitoblar, risolalar chop qilish va web-sahifalarni boshqarish bilan shug‘ullanadi.

2004 yil to‘ng‘ich akasi Husniddin Nazarovni Toshkentda, Obidxon qori oilasiga ko‘ra, MXX tomonidan o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng hayotning keyingi mashaqqatli sinovlari boshlangan edi.

Dovudxon O‘zbekiston hukumatining musulmonlarga, erkin fikrli insonlarga qarshi tazyiqlari keskin kuchayishi ortidan oila-a‘zolari va yoru-do‘stlari qattiq jabr ko‘rganlarini aytadi. Ulardan bir qanchasini qamoqqa tashlangan, o‘g‘irlangan va qamoqxonalarda qurbon bo‘lishgani haqida ham xabarlar bor.

2006 yil BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi yordami orqali u otasi bilan Shvetsiyaga ko‘chib keladi. Yangi yurtda uni hayotning yangi bosqichi kutayotgan edi. Dovudxon Nazarov shu yilning o‘zidayoq bir necha o‘quv markazlarida til kurslarini yakunlab, jamiyatshunoslik, texnika va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha ta‘lim ola boshladi.

Obidxon qori Nazarovning faoliyati bu yangi yurtda erkin imkoniyatlar yordamida yana qaytadan boshlangan edi. Dovudxonga ko‘ra, u har doimgidek otasining din va musulmonlar uchun xizmatlaridagi eng yaqin hamrohi va yordamchisi bo‘lgan.

Dovudxon o‘zlariga nisbatan O‘zbekiston hukumati tomonidan tahdid va hujum ehtimoli hech qachon to‘xtamaganini aytadi.

2012 yil 22 fevral, chorshanba kuni uning otasi Obidxon Nazarov joniga qasd qilindi.

Qator inson huquqlari tashkilotlari, O‘zbekiston masalalarida mutaxassislar ayni hujum ortida O‘zbekiston hukumati turganini urg‘uladilar.

Dovudxon: "Ko‘z yoshlarim bilan otamni o‘z qo‘limda ko‘targan holda shifoxonaga bordim", deydi. Obidxon qori Nazarov hamon shifokorlar nazoratida qolmoqda.

Dovudxon o‘z otasining ma‘rifat tarqatish va haqiqat uchun kurash yo‘lini tanlagani va davom etayotganini aytadi. "Otamga nisbatan bu og‘ir jinoyat ijrochilarini fosh etishga bel bog‘laganman", deya qo‘shimcha qiladi u.

BBC mehmoni Dovudxon Nazarovga savollaringizni quyidagi forma orqali bbcuzbek.com ga yo‘llang.