Venesueladagi saylovda Ugo Chaves o‘rinbosari g‘alaba qozongan

Venesuela Markaziy saylov komissiyasi 14 aprel tunida e‘lon qilishicha, 50,76 foiz ovoz to‘plab mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Nikolas Maduro saylovda yutib chiqqan.

Markaziy Saylov komissiyasi prezidentlik saylovi natijalarini mahalliy vaqt bilan soat 23:15 da e‘lon qilgan.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, sotsialist nomzod Nikolas Maduro 50,76 foiz, uning raqibi, muxolifat nomzodi Enrike Kapriles 49,07 foiz ovoz to‘plagan.

Venesuelaliklarning 80 foizi ovoz berishda ishtirok etganlari xabar qilingan.

Komissiya e‘loni ortidan poytaxt Karakasdagi prezidentlik saroyida gapirgan Nikolas Maduro so‘zlariga ko‘ra, u "haqqoniy, qonuniy va konstitutsion" g‘alabaga erishgan.

Enrike Kapriles saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgan.

Uning aytishicha, yakshanba kuni saylov qonuni buzilgani haqidagi 300 mingdan ortiq holat haqida axborot olgan.

Oldinroq muxolifat nomzodi hukumat saylov natijalarini soxtalashtirishni rejalashtirayotgani haqidagi bayonot bilan chiqqan edi.

Vensuela Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini "qaytarib bo‘lmas" deb ta‘riflagan, norozilik amaliyotlarini tashkil qilmaslikka chaqirgan.

Nikolas Maduro tarafdorlari uning g‘alabasi haqidagi xabarni poytaxt Karakasda mushakbozliklar va avtomobili signallarini chalish bilan qarshi olganlar.

Janob Maduro so‘zlariga ko‘ra, o‘zining g‘alabasi "Ugo Chavesning yengilmas ekanligini, u hamon janglarda g‘alabaga erishayotganini" ko‘rsatadi.

U o‘zi uchun ovoz bermaganlarni mamlakat kelajagi uchun "birga ishlashga" chaqirgan.

Ugo Chaves ikki yil davom etgan saraton xastaligidan shu yil 5 martida vafot etdi, uning qaysi organi saratonga chalingani oshkor etilgani yo‘q.

U o‘tgan yili oktyabrida Venesuelada o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Enrike Kapriles ustidan kam farq bilan g‘alaba qozongan, biroq o‘z vakolatlariga kirisha olmasdan Kubaga davolanishga ketishga majbur bo‘lgan edi.

Ugo Chaves Nikolas Maduroni o‘zining vorisi deb e‘lon qilgan, Chaves yo‘qligida mamlakat boshqaruvi Nikolas Maduro qo‘lida qolgan edi.

U Ugo Chavesning inaguratsiyasi belgilangan shu yilning yanvar oyidan buyon Venesuela prezidenti vazifasini ado etuvchi bo‘lib qolmoqda.

Nikolas Maduroning prezident sifatida qasamyodga keltirilishi 19 aprelda bo‘lib o‘tishi lozimligi xabar qilinmoqda.

O‘shanda u Ugo Chaves to‘la ado etishi talab qilingan 6 yillik prezidentlik muddatida 2019 yil yanvarigacha qola oladi.