Afg‘on dehqonlari yana ko‘knori ekishga qaytishmoqda

Image caption Paxtaning narxi arzon, ko‘knori qimmat...

2006 yilda Helmand viloyatida xavfsizlik Britaniya kuchlari nazorati ostiga o‘tganidan beri afyun yetishtirish uch karra oshgan.

BMTga ko‘ra, bu yilgi hosil undan ham ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.

Afyun geroinning xomashyosi sanaladi.

Buyuk Britaniya va Ovro‘po ko‘chalarigacha kirib keladigan bu noqonuniy zahri qotil Afg‘onistonda ishlanadi va yo bu mamlakatda hosil bo‘lgan xomashyodan yasaladi.

Helmanddagi boshqa dehqonlar kabi Hamidulloh o‘tgan yili paxta ekdi.

Amerika va Britaniyadan kelgan qishloq xo‘jaligi mutaxasisi ularga "haybarakalla"chilik qilib turishdi.

Ammo paxtasini sotishga bozor topmagan dehqon bu yil yana ko‘knori ekdi.

"Paxtaning narxi arzon, unga sarflagan mehnat va o‘g‘itni qoplamaydi", deydi Hamidulloh.

U oilasini boqish uchun paxtasini arzon-garovga sotib yuborishga majbur bo‘ldi.

Ko‘knoridan tushadigan foyda esa o‘n karra ko‘proq bo‘lishini hisob-kitob qildi.

Paxta "oq oltin" bo‘lmadi...

Image caption "Paxta bilan kosam oqarmaydi", deydi dehqon Hamidulloh

Xorijdan kelgan qishloq xo‘jaligi mutaxasislari bir necha yildan beri afg‘on dehqonlarini ko‘knoriga muqobil ekin-tikin yetishtirishga chorlab, turfa dasturlar taqdim etib kelishadi.

Bu dasturlarning aksariyati muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilik tashkilotining taxminiga ko‘ra, bu yil ko‘knori yetishtirish yana ortadi.

Bunga qisman qishloq xo‘jaligiga yordam ozaygani sababdir.

Boshqa bir muhim omil xavfsizlik vaziyatining "xavotirli" darajada yomonlashib borayotgani deb ko‘rsatiladi.

Xalqaro ittifoqchi kuchlar o‘z qo‘shinlari sonini ozaytirishi ham ko‘knori hosilini "sug‘oradi".

Bu turfa xalqaro loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganidan darak beradi.

Dunyoda ishlab chiqariladigan aksariyat geroinning xomashyosi Afg‘oniston yetishtiriladi.

2001 yilda Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyr (sobiq) giyohvand moddalar savdosini Toliblar rejimining qon tomirlaridan biri deya tasvirlagan va "biz bu savdoni vayron qilishimiz kerak" , deb aytgandi.

Buyuk Britaniya giyohvand moddalarga qarshi kurashda yalovbardorlik qilgan va 2006 yili Helmand viloyatida xavfsizlik nazoratini o‘z ma‘suliyatiga olgan edi.

Mintaqa mamlakatda ko‘knori yetishtirish bo‘yicha eng ilg‘ori edi.

BMT hisobotining taxminiga ko‘ra, bu yil Helmanddagi 75000 gektar yerga ko‘knori ekilgan.

Bangilar

Image caption Ko‘knori gulladi...

Helmandning yangi hokimi Muhammad Naim ko‘knorizorlarni yo‘q qilish uchun keng bir dasturni taqdim qildi.

Bu dastur ishlovchilari politsiya himoyasi ostida dalalarga borib, ko‘knori hosilini vayron qilishlari kerak.

Ammo men dekabr oyida Helmandga borganimda aksariyat bu loyihaga qarshi norozilik izhor qildi.

Boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun bozor kasod bo‘lgan bir vaqtda ayni chora-tadbirlar dehqonlarni qashshoqlik girdobiga otadi.

Ana undan keyin chorasiz qolgan dehqonlar Toliblar tarafiga o‘tib ketishi mumkin.

BMTning hisob-kitoblarga qaralsa, bu yil Afg‘onistonda afyun etishtirishning yarmi Helmand hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ammo yaqingacha ko‘knorizordan xoli bo‘lgan Taxor va Nangarharda ham afyun yetishtirilmoqda.

Afg‘onistonda yetishtirilgan afyun faqatgina Pokistonu Eron orqali tashqi dunyoga chiqarilmaydi.

Mamlakatning o‘zida ham bir millionga yaqin bangilar borligi taxmin qilinadi.

Bangilar Kobulning yirik masjidi ortida, futbol stadioniga yaqin joyda ochiq shaklda afyun iste‘mol qilishadi.

Hozir 22 yoshda bo‘lgan Hashmat 12 yoshligidan beri afyun chekishini aytadi.

Fazilning esa uch nafar farzandi bor.

Image caption Helmand viloyati 2006 yildan beri Britaniya kuchlari nazorati ostida edi

U Kobulga shu odatini tashlash uchun kelgani, ammo uddasidan chiqolmaganini aytadi.

Giyohvand moddalarga qarshi kurashuvchi mulozimga ko‘ra, bir necha bangilar qo‘lga olinganini aytadi.

Ammo uning aytishicha, aksariyatni hisbga olishning imkoni yo‘q, chunki ularni tepadagilar qo‘riqlaydi va u o‘z ishini yo‘qotishdan xavotirda...

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi mulozimiga ko‘ra, "BMTning bu yil ko‘knori hosili ortishi haqida hisoboti albatta hafsalani pir qiladigan omil, ammo afyun narxining ko‘kka o‘rlayotgani hisobga olinsa bu kutilmagan hol deb bo‘lmaydi".

"Afg‘onistonda giyohvand moddalarga qarshi kurash boshlanganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Boshqa davlatlar tajribasiga e‘tibor bersak, bu kurash murakkab va bir necha o‘n yillab davom etishi mumkin. Bir yilda natijaga erishish mushkul", deydi Britaniya mulozimi.

Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Buyuk Britaniya bundan keyin ham Afg‘on hukumatining afyun yetishtirishni nazorat etishga qaratilgan harakatlarini dastaklashni davom etadi.