Jahon bozorlarida oltin narxi tushishi O‘zbekiston iqtisodiga qanday ta‘sir qiladi?

Jahon bozorlarida oltin narxi oxirgi 2 kun mobaynida keskin tushib ketdi.

Tillo narxining 9 foizdan ko‘proqqa tushib ketishi oxirgi 30 yil mobaynida kuzatilmagan hol, deya baholanmoqda.

Oltin bilan birga neft, alyuminiy, mis kabi tabiiy zaxirlarga ham narxlar tushgan.

Oltin ishlab chiqarish O‘zbekiston iqtisodining salmoqli sohalaridan biri ekanligi ma‘lum. Jahon bozorlarida narxlarning tushishi mamlakat iqtisodiga ne qadar ta‘sir qiladi?

Iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanovning aytishicha, bu ta‘sir ne qadar bo‘ilishini taxmin qilish juda mushkul.

Alisher Taksanov: Bilasizmi oxirgi yillarda O‘zbekiston oltin savdosidan qancha mablag‘ olayotganini aytish imkonsiz edi. O‘zbekiston yiliga taxminan 90 tonnadan 120 tonnagacha oltin ishlab chiqarib kelgani ma‘lum. O‘zbekiston sho‘rolar davrida oltin ishlab chiqarish bo‘yicha kishi boshiga olganda birinchi o‘rinda edi. Lekin bu salmoqli ishlab chiqarishning mamlakat moliya sohasida tutgan o‘rni va undan tushadigan pullar nimalarga sarflangani deyarli ochiqlanmagan. Boshqa tomondan O‘zbekiston oltin ishlab chiqarayotgan bo‘lsa ham sotuvga chiqarmayotgani ehtimolini ham rad etib bo‘lmaydi. Balkim oltin banklarda sarmoyalar va barqarorlik kafolati sifatida shunchaki saqlanar. Shuning uchun jahon bozorlarida oltinga narxlar tushgan vaqti mamlakat iqtisodiga qanday ta‘sir qilishini aytish qiyin. Balkim O‘zbekiston oltin sotayotgan bo‘lsa ham, narxlar tushgan vaqti sotmay turar. Oltin o‘z hislatini o‘zgartirmaydigan tovar, uni kelgusi yil sotsa ham bo‘ladi, yoki 100 yildan keyin ham.

BBC: Demak jahon bozorlarida narxlar tushishi O‘zbekiston iqtisodiga qanday ta‘sir qilishini aytish imkonsiz, shundaymi?

Alisher Taksanov: Bilasizmi oltin ishlab chiqarish mamlakat iqtsidining bir qismi bo‘lsa ham asosiy sohasi emas. Albatta bu juda foyda keltiruvchi soha, lekin bu oltinning qanchasi sotuvga qo‘yilayotgani, tushayotgan pullarning qanchasi davlat byudjetiga qo‘yilayotgani, iqtisoddagi ulushi qanchaligi haqidagi ma‘lumotlar yo‘q ekan, buni aytish juda qiyin. Bir vaqtlar O‘zbekistonning Shvetsariyaga eksport hajmi milliard dollar, deb aytilardi. O‘zbekiston Shvetsariyaga nima eksport qilishi mumkin, albatta oltin. Lekin "Zeromaks" shirkati yopilganidan so‘ng eksport hajmi birdaniga 1 milliarddan 70 millionga tushib ketdi. Lekin shunda ham bu oltin sotuv uchunmi yoki saqlash uchun chiqarilganmi baribir noaniq.

BBC: Oxirgi yillarda O‘zbekistondan oltin ishlab chiqarish sohasiga sarmoya kiritgan ikki yirik g‘arb shirkati chiqib ketishga majbur bo‘ldi, bu holat oltin ishlab chiqarish sohasiga ta‘sir qilganmi yoda u avvalgi sur‘atda davom etyaptimi?

Alisher Taksanov: Mening fikrimcha sur‘atlar saqlanib qolgan. Chunki yaxshi asos solingan, ishlab chiqarish bazasi, turtkilar saqlanib qolgan. Aynan shu sababli ham, ya‘ni "g‘arb shirkatlarsiz endi o‘zimiz ishni davom ettirish uchun imkoniyatlar yaratib bo‘lindi", deb hisoblangani tufayli ham ularni siqib chiqarishdi. Lekin muammo shundaki, endi bundan buyog‘iga g‘arb sarmoyachilari bu kabi sohalarga kirib kelishdan ehtiyotkorroq bo‘ladilar. Oltin, neft-gaz, paxta soxalari esa bu iqtisodning strategik sohalaridir.

BBC: O‘zbekistonning oltin zapaslari haqida biron ma‘lumotlar bormi?

Alisher Taksanov: Tasavvur qiling, agarda yiliga o‘rtacha 90 tonnadan oltin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, demak Karimov rahbarlari ostida oxirgi 20 yil mobaynida deyarli 2 ming tonna oltin ishlab chiqarilgan. Lekin bu oltin qayerda hech kim bilmaydi. Agar esingizda bo‘lsa 90- yillar boshlarida Prezident "biz g‘arb banklarida sarmoyalarga kafolat sifatida 100 tonna oltin saqlaymiz" deb aytgandi. O‘shandan beri oltin zapaslari va qayerda saqlanishi, yoda savdosi haqida hech nima aytilmaydi.