"Mintaqa tinchligi uchun Rossiya kerak"

O‘zbekistonning 75 yashar prezidenti Rossiya safari chog‘i mintaqa xavfsizligi borasidagi doimiy xavotirini har doimgidek qat‘iy ohangda izhor etdi.

Moskvada, Prezident Putin yonida jurnalistlarga qarata gapirgan Prezident Karimov NATO kuchlari Afg‘onistonni allaqachon tark etayotganini va mintaqa uchun ekstremizm hamda e‘lon qilinmagan urushlar qanchalik xavf solishini ta‘kidladi.

So‘nggi paytlari Toshkent siyosati tarozi posangisi AQSh tarafiga og‘ayotganini urg‘ulagan kuzatuvchilar aynan Toshkent-Moskva munosabatlari borasida biron oydinlik kutishayotgandi.

Biroq O‘zbek prezidenti aynan xavfsizlik masalasiga bog‘lab, Rossiyaning Markaziy Osiyoda tutajak o‘rni muhimligini urg‘uladi va ikki davlat o‘rtasida yechilmas muammolar yo‘qligi xususida ta‘kidladi.

Islom Karimov turli guruhlarga a‘zolikdan ko‘ra, O‘zbekiston manfaatini aniqroq va to‘liqroq ifoda etadigan ikki taraflama munosabatlarni afzal biladi.

Shu bois O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqib ketgan, Toshkentni Bojxona Ittifoqiga tortish harakatlari hali samara berayotgan ko‘rinmaydi.

Buning ustiga, tashqi kuchlar ta‘sirida Markaziy Osiyo davlatlarining turlicha siyosiy yo‘nalishlari sekin-asta bo‘y ko‘rsatarkan, O‘zbekistonning Moskvaparast davlatga aylanishi ehtimoli ham pasaya boshlamoqda.

Rossiya mintaqaning ikki kichik davlati - Tojikiston va Qirg‘izistonni GESlar qurilishini qo‘llash va harbiy hamda moddiy ko‘mak bilan o‘z ta‘sir doirasiga olish bobida bir qadar muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Iqtosodida sug‘orma dehqonchilik muhim o‘rin tutadigan va aholisi katta O‘zbekiston aynan ana shu GESlardan xavotirda. Buning ustiga, Rossiyaning ushbu qo‘shni mamlakatlardagi harbiy ishtiroki Toshkent uchun yaxshi xabar emas.

Ayrim tahlilchilar esa AQSh va Britaniya endilikda harbiy texnik jihatidan Islom Karimov hukumatiga ko‘mak berishini va shu asno mintaqada muvozanat ushlab turilishini ayta boshlashgan.

Lekin aksincha, tashqi raqib kuchlarning harbiy ishtiroki mintaqa uchun yaxshi oqibatlarni keltirib chiqarmasligi borasida ham hadiklar oz emas.

O‘zbekiston o‘z qurolli kuchlarini zamonaviylashtirish va kichikiroq qo‘shnilariga o‘z kuch-qudratini ko‘rsatib turishga ehtiyoj sezishi mumkin.

Prezident sog‘lig‘i, MTS va muhojirlar

Ayni damda, O‘zbekiston uzoq yillik keksa rahbar almashinuvi kabi jarayon ostonasida turgani haqida gapirila boshlangan.

Ayniqsa, Islom Karimovning sog‘lig‘i yomonlashgani, O‘zbekistondagi qudratli guruhlar va yo shaxslar o‘rtasida allaqachon hokimiyat uchun talashish boshlanib ketgani haqidagi turli taxminu farazlar ortidan Toshkent va Moskva aloqalarini yana kun tartibiga tushdi.

O‘zbekiston qanchalik amerikaparast bo‘lmasin, bu o‘rinda Rossiyaning istak-irodasi ham muhim o‘rin tutishi aytiladi.

So‘nggi oylardagi MTS mojarosi, Rossiya havo shirkatlari o‘z pullarini O‘zbekistondan olib chiqib keta olishmayotgani kabi xabarlar manzarasida bu qiyin masala edi.

Ammo Islom Karimov safari oldidan O‘zbek tarafi tezkor suratda Rossiya havo shirkatlari pullari masalasini hal qildi.

Negadir, MTS masalasi ham ochiq ko‘tarilgani yo‘q.

Shu asno, ko‘plar nazdida Islom Karimov bu safar ham o‘zining mohir siyosatchi ekanligini namoyon etdi.

Biroq millionlab o‘zbeklar kutayotgan boshqa masala ham bor edi.

Bu - Rossiyadagi son jihatdan eng ko‘p, ammo eng huquqsiz sanaladigan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari sharoitlarini yengillatishga oid biron kelishuv umidi edi.

"Lekin har doimgidek O‘zbekiston hukumati o‘zi ish topib berolmayotgani bois chetda kun o‘tkazishga majbur fuqarolari ahvolini muhim masala sifatida ko‘rmadi" - deb yozishmoqda Rossiyadagi mustaqil o‘zbek jurnalistlari.

Boshqa davlat rahbarlari tashriflaridan farqli tarzda Rossiya matbuotida bosh sarlavhaga aylanmagan ayni safar natijalari ham har doimgidek bir nechta savdo-iqtisodiy va hamkorlikka oid shartnomalar bilan tugagani aytilmoqda.

Ammo kuzatuvchilar rahbarlar "do‘stlik" kalimalarini qo‘llashmagani va yuz ifodalarida qoniqishu xursandchilik alomatlari ko‘rinmagani xususida yozishmoqda.

Bunaqa tashqi ko‘rinishlariga qarab bashorat qilish, shaksiz, safarning parda ortidagi suhbatlarini ochiqlay olmaydi.

Ayni damda, ko‘plar kutgan "hassos va muhim" masalalar hal etilib-etilmagani va yo hatto muhokama qilingan-qilinmaganini ham faqat shunday bashorat qilish mumkin bo‘ladi, xolos.