Amerikada yana portlash, qurbonlar bor

Kuchli portlash bu gal Texas shtatidagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodda yuz bergan. Kamida 100 kishi yaralangan. Qurbonlarning aniq soni hozircha ma‘lum emas. Ko‘pchilik bedarak ketgan.

Zavod Vako shahridan 30 chaqirimcha uzoqlikdagi Uest shaharchasida joylashgan.

Portlash chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat kechki sakkizga yaqin ro‘y bergan. Hodisa sababi hozircha ma‘lum emas.

Portlash oqibatida bir qancha binoga o‘t ham ketgan. Binolarda odamlar qamalib qolishgani taxmin etilmoqda.

Amerikalik mas‘ullar qurbonlar borligini inkor etishmayotir. Biroq hozircha ularning sonlariga oid aniq raqamlarni keltirishmagan.

Bedarak ketganlar

Texas Jamoat xavfsizligi boshqarmasi vakili Din Uilsonning aytishicha, hozir qutqaruv ishlari ketmoqda.

Unga ko‘ra, yong‘in hamon davom etayotir. Yangi portlashlar ehtimolidan xavotirda bo‘lgan o‘t o‘chiruvchilar ham uni o‘chirishga urinishayotgani yo‘q.

Janob Uilsonning bildirishicha, Uest shaharchasi aholisining yarmi ko‘chirilgan. Bu yerda uch mingga yaqin kishining yashashi aytiladi.

Agar, mahalliy matbuot xabarlariga qaralsa, dastlab zavodda yuz bergan yong‘inni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilar chaqirilgan.

Ular yong‘inni o‘chirishga urinayotgan paytlarida esa, kuchli portlash yuz bergan.

O‘t o‘chiruvchilardan ham bir qanchasi bedarak ketgan.

Tez tibbiy yordam xodimlari esa, jabrdiydalarni mahalliy stadionga olib o‘tishmoqda.

Ularning orasida jarohati og‘ir bo‘lganlarining soni ham o‘nlab ekani aytilmoqda.

Shohidlar iqrori

Mahalliy politsiya noziriga ko‘ra, umri bino bo‘lib, bu kabi hodisaga guvoh bo‘lmagan.

“Kechayotgan hodisalar xuddi jang maydonini eslatadi”, deydi Parnell Maknamara.

Boshqa bir guvoh Debbi Marakning aytishicha, avval ko‘zi osmonga o‘rlayotgan tutunga tushgan. Keyin nima bo‘lganini bilish uchun zavodga yaqinroq borgan.

“Keyin qandaydir go‘mbirlash sadosi eshitildi. Yonimga qo‘rqqanlaridan qichqirib, bolalar chopib kelishdi. Zavod portlab ketishi mumkin, deb politsiya bizdan sathni zudlik bilan tark etishimizni so‘radi”, deydi u.

Mahalliy aholi vakillaridan yana birining so‘zlariga ko‘ra, zavoddan 20 chaqirimcha uzoqlikda bir qancha portlash ovozini eshitgan.

"Xuddi uchta bomba portlagandek tuyuldi", deb aytgan Lidiya Tsimmerman.

Texas shtati gubernatori o‘z bayonotida, "Hozir vaziyatni kuzatib, ma‘lumot to‘playotganliklari, barcha zaxiralar ishga solingani va Uest aholisining omonligi uchun duo qilib qolishlari"ni bildirgan.

Shu dushanba kuni Boston shahrida kechayotgan marafon chog‘ida yuz bergan qo‘shaloq portlash esa, uch kishining umriga zomin bo‘lgan va 150 dan ortiqrog‘ini yaralagandi.

So‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, xavfsizlik mas‘ullari gumondorlardan birini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo uni hibsga olishganiga oid gap-so‘zlarni keskin rad etishgan.