"Palovni baribir Ginneslar rekordlar kitobiga kiritamiz"

Bu haqda O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bildirdi.

Unga ko‘ra, hozir o‘zbek palovini xalqaro Ginnes qo‘mitasi me‘yorlariga muvofiq pishirish ustida bosh qotirishmoqda.

Ayon bo‘lishicha, xalqaro qo‘mita ularning murojaatlariga rekord miqdorda tayyorlanajak guruchli taomning sakson foizi guruchdan iborat bo‘lishini aytib, javob bergan.

"Mana, hozir mutaxassislarimiz bu xususda bosh qotirishayapti. Palov-oshni tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha, 60 foizi boshqa masalliqlardan, qolgan 40 foizi guruchdan tashkil topadi. Shuning uchun ham, biz hozir guruchni qanday qilib 80 foizga yetkazish masalasini o‘ylab turibmiz", deydi O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi.

"Shu go‘shtini kamroq qo‘shib turib, balki yog‘ini ozroq solib, piyozi endi erib, yo‘q bo‘lib ketadi, agar, qo‘y go‘shti solsak, hajmi kamayib ketishi ham inobatga olib, bu to‘g‘risida bosh qotirayapmiz".

Akbar Umarovning aytishicha, O‘zbek palovini tayyorlash texnologiyasining o‘ziga xosliklarini xalqaro Ginnes qo‘mitasiga ham ma‘lum qilishgan.

"Rekordlar kitobiga kiritish uchun qoidalarimiz bor, ana shu qoidalardan chetga chiqmasligimiz kerak", deb aytishayapti, deydi u.

Ammo, O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisining ta‘kidlashicha, bularning barchasiga qaramay, "boshlagan ishlarini oxiriga yetkazishga harakat qilishadi".

"Bizning maqsadimiz - O‘zbek milliy pazandachilik san‘atini butun dunyoga yoyish. Shu jumladan, O‘zbek palovini Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish ham asosiy rejalarimizdan biridir", deydi Akbar Umarov.

O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisiga ko‘ra, "kengash a‘zolari, bosh oshpazlar bilan o‘tirib, bir to‘xtamga kelishgach, palovning tayyorlanish texnologiyasi, vazni bo‘yicha yana xalqaro qo‘mitaga ma‘lumot berib, murojaat etishadi".

"Ular bizlarga javob berishi bilanoq, bu narsani boshlab yuboramiz", deydi Akbar Umarov:

So‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, tashabbuskorlar 4 tonna 998 kg palov pishirish rejasidalar.

Ular o‘tgan yil rekord tonnadagi palovga ketajak yakuniy masalliqlar miqdorini ham ishlab chiqishgandi.

Tashabbuskorlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, buning uchun bir yarim ming tonnadan ortiqroq guruch, shunga yaqin miqdorda go‘sht lozim bo‘ladi.

Ularning aytishlaricha, rekord tonnadagi palovga ketajak sabzi, yog‘, piyoz va boshqa masalliqlarning miqdorini ham batafsil ishlab chiqishgan.

Tashabbuskorlar, bundan tashqari, shuncha ulkan miqdordagi palovni pishirish uchun maxsus qozon tayyorlash ustida bosh qotirayotganliklarini ham aytishgandi.

Orada Akbar Umarov BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida O‘zbekistonning o‘zi va chet ellardan tashabbuslarini qo‘llab, yordamlarini taklif etgan insonlar soni ortganligini ham ma‘lum qilgandi.

"Hozir uyushmamizning juda katta sondagi a‘zolari bor. Bir mutaxassisimiz men 100 kg. oshning xarajatini qilaman, desa, birisi men bunisini qilaman, degan. Internet orqali tashabbusimizdan boxabar bo‘lgan yana ayrimlari esa, qo‘ng‘iroq qilib, guruchi, sabzisi yoki yog‘ini olib beraman, degan takliflar bilan ham chiqishyapti", degandi janob Umarov.

Uyushma raisining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Moskva va Ukrainadagi O‘zbek milliy taomlari restoranlari rahbarlari ham o‘z yordamlarini taklif etishgan.

O‘zbekistonlik tashabbuskorlar bir yarim yilcha burun rekord tonnada palov pishirib, "Ginnes"ning kitobiga kirish istagida ekanliklarini bayon qilishgandi.

Ushbu loyiha www.oshxona.uz sayti tashabbusi va O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi ko‘magi va boshchiligida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tashabbuskorlar bundan maqsad O‘zbekiston, O‘zbek milliy oshxonasi va palovini dunyoga tanitish ekanini aytishadi.

Dastlabki xabarlarda tashabbuskorlar rekordni o‘tgan yil mart-aprel oylarida o‘rnatish rejasida ekanliklarini bildirishgan va aniq sanasini tayin etish uchun xalqaro Ginnes qo‘mitasining javobini kutishayotganini aytishgandi.

O‘zbek milliy taomlaridan hali hech biri "Ginnes"ning rekordlar kitobidan o‘rin olmagan.

Eng og‘ir vazndagi palov esa, so‘nggi bor 2007 yilda Urumchida tayyorlangan.

Ayrim manbalarda uning vazni bir tonnadan ziyod bo‘lgani va 10.000 kishiga mo‘ljallangani ham aytilgan.