Hijobi sabab jahon chempioni ochkolari inobatga olinmadi

Hijobsiz chiqishga rozi bo‘lmagani uchun turkiyalik Zaynab Oqyuzning ushu bo‘yicha Ovro‘po chempionatida qayd etgan natijalari inobatga olinmadi.

Xabarlarga ko‘ra, avvaliga 13 yoshli musulmon sportchisining aynan hijobi sabab birinchilikda ishtirok etishiga umuman ruxsat etilmagan.

Ammo Turkiya Ushu Federatsiyasining shikoyati ortidan, Zaynab Oqyuzga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan.

Hakamlarning qarori ortidan, Zaynab endi shikoyat arizasi bilan Inson huquqlarini saqlash bo‘yicha Ovro‘po mahkamasiga shikoyat arizasi bilan chiqmoqchi.

Turkiyalik yosh sportchining aytishicha, Ovro‘po Ushu Federatsiyasi tomonidan uning insoniy huquqlari poymol etilgan.

Turkiya parlamenti qoshidagi inson huquqlarini nazorat etish qo‘mitasi va parlament spikeri muovini ham Zaynab Oqyuzning huquqlari buzilgan, degan xulosaga kelishgan.

"Ovro‘poning qoq markazida inson haqlari toptalayotganini ko‘rishning o‘zi juda qiziq. Yana Ovro‘po Ittifoqining qanchalar demokrat, erkin va mutaassiblikdan xoli ekani haqida bong urishadi. Boshqalarni hukm etgandan ko‘ra, ovro‘polik siyosatchilar o‘z davlatlarini rivojlantirish bilan shug‘ullansalar, yaxshiroq bo‘lardi", deb aytgan Turkiya parlamenti spikeri muovini Nevzat Pakdil.

Ushu bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Zaynab o‘zi bilan yuz bergan so‘nggi hodisadan so‘ng qaytib Ovro‘po chempionatida ishtirok etmasligini ham bayon qilgan.

Turkiyalik sport mas‘ullariga ko‘ra, bungacha hech bir xalqaro turnirda Zaynabning hijobi yuzasidan bu kabi holatga tushishmagan.

Bu yilgi birinchilik esa, o‘tgan hafta Ruminiyaning Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgandi.

Musobaqalarda dunyoning 24 davlatidan 700 dan ortiq sportchi ishtirok etishgandi.

Xabarlarga ko‘ra, g‘oliblarga medallarni topshirish jarayonida Turkiya milliy terma jamoasi a‘zolari Isroil madhiyasiga hurmat ko‘rsatib, o‘rinlaridan turishmagan.

Mavjud holat ham anchagina gap-so‘zlarga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Sport va hijob

Sport olamida muslima sportchilarning hijoblari bilan bog‘liq mojarolar ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Afrika Futbol Konfederatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining sa‘y-harakatlari ortidan, FIFA ham muslima futbolchilarning hijoblariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgandi.

2007 yildan buyon jarohat olishlari xavfi borligi aytilib, FIFA (Xalqaro Futbol Uyushmasi) tomonidan muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari man etib qo‘yilgandi.

Ushbu amal tanqidchilariga ko‘ra, mazkur taqiq dunyodagi eng ommabop sport o‘yinida notenglikning oliy darajada targ‘ib etilishiga yo‘l ochgan.

Taqiqning bekor qilinishi esa, minglab muslima futbolchilarning yana katta maydonlarda to‘p surishlariga imkon bergan.

Hozir yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida sportchilarning hijobda bo‘lishlariga ruxsat beriladi.