"Mardikorlar qozoq iqtisodiga 1 milliard dollar foyda keltiradi"

Image caption Mustaqil iqtisodchilarga ko‘ra, mardikorlar keltirayotgan foyda rasmiy raqamlardan o‘n baravar yirikroq

BMT hisobotiga ko‘ra, mehnat muhojirlari bir yilda Qozog‘iston iqtisodiga 1 milliarddan ko‘proq foyda keltiradi. Hisobotda aytilishicha, Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat muhojirlari ishlab topgan pullarning hammasini vataniga yuborgan taqdirda ham, ishlab turgan joyida harajat qilish orqali mezbon davlat iqtisodiga 1 milliarddan ko‘proq foyda keltiradi.

Mustaqil kuzatuvchilar esa ishchilarning Qozog‘iston byudjetiga keltirayotgan daromadi aslida o‘n baravar oshiq bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi tadqiqotlarida migrantlarning Qozog‘iston iqtisodiga keltirayotgan sof foydasi kamida 1,1 milliard dollar ekanligi aytilgan.

Bu Qozog‘iston Ichki yalpi mahsulotinining 0,57 foizini tashkil qiladi.

Bu haqda Qozog‘istondagi KazTag axborot agentligi xabar bergan. Agentlikning hisobotga iqtibosan yozishicha, mehnat muhojirlari topgan-tutganini qoldirmay o‘z vatanlariga yuborgan taqdirda ham, bir qism pullarini ishlayotgan yurtida oziq ovqat, yashash joyi, tibbiyot xizmati, ko‘ngilxushlik va xizmatlardan foydalanishga sarflashadi.

"Natijada umumiy talab ortadi, bu IYaM darajasining ko‘tarilishiga olib keladi", - deyiladi hujjatda.

Ammo, "Mashvarat-Maslahat" konsalting firmasi asoschisi, iqtisodchi anvar Husainov hisobotda ishchilarning mehnati orqali qolayotgan foyda hisoblanmagan deydi.

"Migrantlarning Qozog‘iston iqtisodiyotiga keltirayotgan foydalari haqida kamtarona gapiriladi. Ko‘p hollarda, ongli ravishda ularning mamlakat iqtisodiyotidagi muhim o‘rni, keltirayotgan daromadlari kamsitiladi, yashiriladi. Bu haqdagi statistikaning juda ko‘p xatolarini aniqlash mumkin", - deydi janob Husainov.

Iqtisodchiga ko‘ra, mehnat muhojirlari tomonidan Qozog‘iston bjdjetiga 10-15 foiz foyda kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan qurilish va neft sohasidagi mutaxassislarning asosiy qismini chetdan kelgan mehnat muhojirlari tashkil qiladi.

"Kelayotgan foydani agar 10-15 foiz deb oladigan bo‘lsak, migrantlarning mehnati orqali 10-12 milliard dollar atrofida qo‘shimcha qiymat hosil bo‘ladi. Chunki neft, gaz sohasida Atirau, Pavlodar va boshqa joyda texniklar, o‘rta texnik kasblarining egalari, injener, menejerlar orasida migrantlar yetakchi o‘rinlarni tutishadi", - deydi iqtisodchi.

Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan migrantlarning asosiy qismi noqonuniy ravishda ishlashga majbur.

Qozog‘iston fuqarolariga uy yumushlari uchun besh nafargacha mehnat muhojirlarini yollash haqida qonun parlament va senat tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa-da, prezident tomonidan imzo chekilmagani uchun hali kuchga kirgani yo‘q.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga muhojirlarni ishga yollash uchun bir yillik kvota 100 ming kishi etib belgilangan. Tahminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, qonun kuchga kirishi bilan tahminan 200 mingdan ortiq mehnat muhojirining ishlashi qonuniylashtiriladi.

Ishlash uchun keladigan migrantlarning soni esa bir yilda 1 million atrofida ekani aytiladi.

Iqtisodchi Husainov Qozog‘iston iqtisodi mehnat muhojirlarining kuchi evaziga yanada gurkirab rivojlanishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

Buning uchun migrantlarning faoliyati qonuniylashtirilishi va ulardan soliq olinishi yo‘lga qo‘yilishi lozim. Hamda xorijliklarga kichik va o‘rta biznesni yuritish uchun ruxsat berilishi kerak.

"Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi, chorvachilik sohasini ko‘tarish, cheksiz yerlarini o‘zlashtirib o‘sha yerlarda masalan, oziq ovqat mahsulotlari yetqazishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu ishlarni amalga oshirishga qozoq xalqining jismonan soni yetishmaydi. Demak, kelayotgan mehnat muhojirlarini faqat qora mehnatchi qilib qo‘ymaslik kerak", - deydi janob Husainov.

Qozog‘iston Rossiyadan so‘ng Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari uchun ikkinchi eng yirik mehnat bozori hisoblanadi.

Siz Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat muhojirimisiz? O‘z tajribangiz bilan o‘rtoqlashing.