Pokistonda sobiq prezident Musharraf hisbga olingan

Image caption Parvez Musharraf o‘n yillik quvg‘in ortidan Pokiston siyosiy sahnasiga qaytish ilinjida mamlakatga kelgan

Pokistonning sobiq harbiy rahbari Parvez Musharraf Islomoboddagi uyida ikki kunlik uy hibsida ushlanmoqda.

Avvalroq televizon lavhada uning tuman mahkamasiga qattiq xavfsizlik choralari ostida kirib kelayotgani namoyish qilingan.

Payshanba kuni mahkama u 2007 yilda hakamlarni uy hibsida ushlashga harakat qilgani uchun uning o‘zini hibsga olish bo‘yicha hukm chiqargan.

Islomoboddagi muxbirimizga ko‘ra, mamlakatni qariyb o‘n yil boshqargan sobiq armiya rahbarining hibsga olinishi misli ko‘rilmagan holdir.

Janob Musharraf o‘ziga qarshi chiqarilgan hukm siyosiy asosga ega ekanini aytgan.

U payshanba kuni hibs hukmini eshitganida mahkama binosida bo‘lgan, biroq shahar tashqarisidagi uyiga qaytishga shaylanganida politsiya uni to‘xtatishga yoki hibsga olishga harakat qilmagan.

Musharraf janoblarining maslahatchilari bildirishicha, juma tongida janob Musharraf tuman mahkamasiga qaytib borgan va payshanba kungi hukmga binoan o‘zini hibsga topshirgan.

Politsiya esa u o‘z uyida tun osha hibsga olinganini aytmoqda.

Uning advokatlari hibs hukmi ustidan Pokiston Oliy Mahkamasiga shikoyat qilishlarini bildirishdi.

O‘tgan oy janob Musharraf o‘n yillik quvg‘in ortidan Pokistonga qaytgan va kelgusi oyga mo‘ljallangan saylovlarda Umum-Pokiston musulmon ligasi nomli partiyaga boshchilik qilishini e‘lon qilgan.

Hafta boshida u o‘z nomzodini ilgari surishi kutilayotgan to‘rtta saylov okruglaridan biri bo‘lmish Chitral okrugi uning nomzodligini rad qilgan.

Janob Musharrafning qolgan uchta okrugda o‘z nomzodini surish harakatlari allaqachon ish bermagandi.

Uning hibsga olinishiga asos bo‘layotgan mubohasali hodisa u 2007 yilda favqulodda vaziyatni o‘rnatib, bir necha hakamlarni ishdan olishi, xususan Oliy hakam Muhammad Iftixor Chaudrini lavozimidan chetlatishiga bog‘liq.

Pokistondagi Tolibon harakati ham agar u mamlakatga qaytsa, uni o‘ldirishini aytib ogohlantirgan. Janob Musharraf 1999 yilgi davlat to‘ntarishida hukumat tepasiga kelgandi.