Tolibon xorijiy fuqarolarni garovga olgan

Image caption Afg‘oniston uchun tikucharlar o‘ta muhim naqliyot turi hisoblanadi

Afg‘oniston sharqida Tolibon jangarilari to‘qqiz xorijiy va mahalliy fuqarodan tashkil topgan guruhga hujum qilgan. Xabar qilinishicha, garovga olingan guruhning ikki a‘zosi Rossiya fuqarolaridir. Qolgan yetti xorijlik - Turkiya fuqarolari.

Logar viloyatidagi Azra tumanida jangarilar fuqarolik tikucharini majburan to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu haqida qo‘lga olingan tikucharning egasi bo‘lmish Khorasan Cargo Airlines havo yo‘llari shirkati ma‘lum qildi.

Tolibon guruhni garovga olganini tasdiqladi. Isyonchi harakatning bu hududdagi mavqei juda kuchli.

Garovgirlarni ozod etish yo‘lidagi harbiy amaliyotga hozirda xalqaro koalitsiya qo‘shinlari jalb qilingan.

Notinch hudud

Aviashirkatning xabar qilishicha, mamlakat janubi-sharqidagi Xostdan Kobulga uchgan tikuchar yomon havo sharoitlarida yakshanba oqshomida qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Khorasan Cargo Airlines bildirishicha, uchoqda to‘qqiz odam: rossiyalik uchuvchi va bort muhandisi, turkiyalik yetti quruvchi va bir afg‘on uchuvchisi bo‘lgan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi bu masala bilan yaqindan shug‘ullanayotganini aytgan.

"Biz faraz qilishimizcha, qo‘lga olinganlar sog‘-omon, bu masala yuzidan Turkiya rasmiy doiralari afg‘on vakillari bilan yaqindan ish olib borishayapti", - deyiladi Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Tikuchar qo‘nishga majbur bo‘lgan Azra tumani Pokiston chegarasiga yaqin joylashgan, va mahalliy rasmiylarga ko‘ra, afg‘on qo‘shinlarining joylashuviga qaramay, Tolibon va boshqa qurolli guruhlar mavqei kuchli sanalgan hudud hisoblanadi.

Aftidan, tuman va yomg‘ir tufayli qo‘nishga majbur bo‘lgan tikucharni jangarilar o‘rab olishgan.

BBCning Kobuldagi muxbiri David Loynning xabar qilishicha, Afg‘onistonda fuqarolik tikucharlari kuniga yuzlab parvozlarni amalga oshiradilar.

Bu naqliyot turi chekka hududlarga ishchilar va mahsulotni yetkazib berishning yagona yo‘lidir. Uchuvchilar esa odatda Rossiya fuqarolari.

Afg‘on jangarilari muntazam ravishda xorijiy fuqarolarni garovga olib keladilar. AQSh armiyasi serjanti Boui Bergdal deyarli to‘rt yil garovda ushlangan.