Xitoydagi kuchli zilzila qurbonlari soni yuzdan oshgan

Xitoyning 2008 yilda vayronakor yer qimirlashiga sahna bo‘lgan Sichuan viloyatida kuchli zilzila ro‘y bergan.

Zilzila ortidan yer ko‘chkilari kuzatilgan.

Rasmiylar tabiiy ofat qurbonlari 100 dan oshganini aytganlar.

Sichuan Xitoy janubi-g‘arbida joylashgan.

Dastlabki silkinish kuchining Rixter shkalasi bo‘yicha 6.6 ball, keyingisi esa 7.0 ballni tashkil etgani xabar qilinmoqda.

Sichuan viloyatida 2008 yilda yuz bergan zilzila bundan kuchli bo‘lgan va oqibatlari bundan kattaroq hududda sezilgan, demoqdalar Xitoy rasmiylari.

2008 yilgi zilzila kuchi 8 ballni tashkil etgan va 90 ming inson umriga zomin bo‘lgan edi.

Ertalabki soat 8.02 da yuz bergan zilzila oqibatida minglab insonlar jarohatlangan.

Silkinish epitsentrining Sichuan viloyati markazi Chengdudan 115 kilometr janubi-g‘arbda, yer sathidan 12 kilometr chuqurlikda bo‘lgani aytilmoqda.

Epitsentrdan 50 kilometr janubda Yaan shahri joylashgan, bu shaharda 1,5 million aholi istiqomat qiladi.

Havodan olingan tasvirlarda Yaan shahridagi binolar tomlari qulaganini ko‘rish mumkin, biroq muxbirlarga ko‘ra, aftidan shaharga katta shikast yetmagan.

Xitoy davlat televideniyesi butun boshli ko‘chalar vayron bo‘lgani tasvirlarini namoyish etgan.

Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyan zilzila ro‘y bergan joyga yo‘l olgan.

Sinxua axborot agentligi xabar qilishicha, 6000 dan ortiq harbiy qutqaruv amaliyotlariga jalb etilgan.