HRU: O‘zbekiston va Turkmanistonni inson huquqlari vaziyatini o‘nglashga undash kerak

"Turkmaniston va O‘zbekistonning yuqori darajali qatag‘on siyosati 2013 yilning 23-24 aprel kunlari sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi", deya xabar beradi Human Rights Watch.

Shu kunlar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a‘zo davlatlar Jenevadagi Inson Huquqlari Kengashida to‘planadi.

HRUga ko‘ra, yig‘in har ikki mamlakatda davom etayotgan repressiya borasida ochiq so‘zlashish, vaziyatni qoralash, shu bilan birga, inson huquqlarini toptash hollariga barham berish talabini ilgari surish imkoniyatidir.

"Turmaniston va O‘zbekiston hukumatlari dunyodagi eng repressiv tuzumlar qatorida", deydi Human Rights Watch.

Inson Huquqlari Kengashining oldingi yig‘ini 2008 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan. Human Rights Watchga ko‘ra, o‘shandan beri O‘zbekiston va Turkmanistondagi vaziyat qariyb o‘zgarmagan.

"Favqulodda darajali qatag‘on hukumron O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari muammolarni bartaraf etishga urinish u yoqda tursin, ularni tan olishmaydi. Mazkur holat esa, ular qat‘iy va bir ovozda ogohlantirilishi zarurligini anglatadi", deydi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Veronika Goldston.

"Ashxobod va Toshkent o‘zlaridagi inson huquqlarini tahqirlash bilan bog‘liq rekord qabul qilib bo‘lmas ekani hamda qanday muayyan o‘zgarishlar qilish kerakligini qattiq va aniq qilib quloqlariga qo‘yishlari zarur", deya qo‘shimcha qiladi Goldston xonim.

Tavsiyalar

Yig‘indan oldin Turkmaniston va O‘zbekiston borasida tayyorlangan hisobotda asosiy xavotirli nuqtalar urg‘ulangan. Shu bilan birga, muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ham berilgan.

Ulardan eng asosiysi - har ikki hukumatni ham BMT kuzatuvlariga izn berishga undash lozimligidir. Human Rights Watchga ko‘ra, shu paytgacha, BMTning 10 nafar ma‘ruzachisi Turkmanistonga kirishiga ruxsat berilmagan, O‘zbekiston rad etgan ma‘ruzachilar soni esa, 11 nafarga yetgan.

Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti bilan hamkorlik esa, yana bir diqqat qaratilishi kerak bo‘lgan masaladir.

12 aprel kuni Xalqaro Qizil Xoch Tashkiloti ochiqdan-ochiq O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalariga borishni to‘xtatayotganini e‘lon qilgandi.

Xavotirlar

Hukumatning mustaqil fuqarolik jamiyatlari faoliyati va so‘z erkinligini to‘xtovsiz ravishda bostirishi, inson huquqlari va jurnalistlarning soxta ayblovlar bilan qamoqqa tashlanishi O‘zbekistondagi vaziyat bilan bog‘liq xavotirlar sirasiga kiradi.

"Natijada, 10dan ortiq huquq himoyachilari va qator mustaqil jurnalistlar hamda muxolifat faollari noto‘g‘ri ayblovlar bilan qamoqda qolishmoqda", deydi Human Rights Watch.

Bundan tashqari, tashkilot o‘z hisobotida qiynoqlar va nomaqbul munosabat O‘zbekiston uchun surunkali muammoga aylanib bo‘lganini urg‘ulaydi.

Yillik paxta yig‘im-terim mavsumida muntazam ravishda majburiy mehnat, jumladan, bolalar mehnatidan foydalanilishi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini mamlakatga qo‘yilmayotgani ham diqqat qaratilishi lozim bo‘lgan masala sifatida ta‘kidlangan.

Turkmaniston

"Turkmaniston qamoqxonalari ham tashqi kuzatuvga yopiq qolmoqda", deydi inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch.

Tashkilot Turmaniston bilan bog‘liq boshqa xavotirlar jumlasiga o‘zgacha fikrlovchilarni qamoqqa tashlash siyosatini ham kiritadi.

"Yigirma yildan ortiq vaqtdan beri noma‘lum sondagi insonlar siyosiy vajlar bilan mamlakat qamoqxonalarida qolayotir", deya bong uradi HRU.

"Hukumat yaqinda 4 kishini ozod qildi. Ulardan ikki nafari 6 yarim yillik qamoq jazosini to‘la o‘tab bo‘lgan. Ammo, ularning qo‘yib yuborilishi qamoqda yana qancha mahbus qolgani borasidagi savolni o‘rtaga tashladi xolos", deydi Human Rights Watch.

Tashkilot Turkmanistondagi qatag‘onlar tufayli inson huquqlari himoyachilari va jurnalistlar ochiq faoliyat yuritishlariga imkon yo‘qligini ham ta‘kidlaydi.

Veronika Goldstonga ko‘ra, BMT Inson Huquqlari Kengashi muhokamasi o‘tgan galgi yig‘indan qariyb 4 yarim yil o‘tib, Turkmaniston va O‘zbekistondagi vaziyat qanchalar kam o‘zgarganini anglashga xizmat qiladi.

"Ushbu hukumatlarning hamkorlari o‘zlaridan so‘raydigani: qanday qilib ularni ko‘proq murosaga undash mumkin, degan savoldir. Javob esa, aniq - ko‘proq bosim o‘tkazish", deya xulosa qiladi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Veronika Goldston.