Dovudxon Nazarov: "Haqni yashirish eng og‘ir gunohlardandir"

Image caption Dovudxon Nazarov: "Eng muhimi haq so‘zni ayta olishingizdir".

Dovudxon Nazarov 1986 yil Namangan shahrida tavallud topgan. U - taniqli o‘zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovning o‘g‘li.

Dovudxon dastlabki diniy ta‘limni oilada buvisi Muharramxon aya tarbiyalari ostida va Namangan shahridagi bir necha hujralarda, so‘ngra o‘z otasi qaramog‘ida olgan.

1993-2004 yillarda Namanganda, keyinroq Toshkentda o‘rta maktabda o‘qigan.

U o‘zining o‘quv yillari otasining mamlakatdagi diniy faoliyati tufayli oila-a‘zolariga tinimsiz tazyiqlar avjga olgan paytga to‘g‘ri kelganini aytadi. Bu esa, Dovudxonga ko‘ra, beta‘sir qolmagan.

1998 yil otasi Obidxon qori Nazarov o‘zbek hukumati ta‘qiblaridan yashirinishga majbur bo‘larkan, oila hayoti keskin o‘zgarib ketadi.

Dovudxon avvaliga O‘zbekistonda, keyinchalik Qozog‘istonda hech kimga bildirmagan holda otasining doimiy hamrohi bo‘lgan.

Bu vaqt mobaynida Dovudxon diniy va dunyoviy ilmni mustaqil ravishda olishiga to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda Dovudxon otasiga Qozog‘istonda ilmiy-ma‘rifiy kitoblar, risolalar chop qilishda ko‘maklashadi.

2004 yil to‘ng‘ich akasi Husniddin Nazarovni Toshkentda, Obidxon qori oilasiga ko‘ra, MXX tomonidan o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng hayotning keyingi mashaqqatli sinovlari boshlangan edi.

Dovudxon O‘zbekiston hukumatining musulmonlarga, erkin fikrli insonlarga qarshi tazyiqlari keskin kuchayishi ortidan oila-a‘zolari va yoru-do‘stlari qattiq jabr ko‘rganlarini aytadi. Ulardan bir qanchasini qamoqqa tashlangan, o‘g‘irlangan va qamoqxonalarda qurbon bo‘lishgani haqida ham xabarlar bor.

2006 yil BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi yordami orqali u otasi bilan Shvetsiyaga ko‘chib keladi. Yangi yurtda uni hayotning yangi bosqichi kutayotgan edi. Dovudxon Nazarov shu yilning o‘zidayoq bir necha o‘quv markazlarida til kurslarini yakunlab, jamiyatshunoslik, texnika va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha ta‘lim ola boshladi.

Obidxon qori Nazarovning faoliyati bu yangi yurtda erkin imkoniyatlar yordamida yana qaytadan boshlangan edi. Dovudxonga ko‘ra, u har doimgidek otasining din va musulmonlar uchun xizmatlaridagi hamrohi va yordamchisi bo‘ldi.

Dovudxon o‘zlariga nisbatan O‘zbekiston hukumati tomonidan tahdid va hujum ehtimoli hech qachon to‘xtamaganini aytadi.

2012 yil 22 fevral, chorshanba kuni uning otasi Obidxon Nazarov joniga qasd qilindi.

Qator inson huquqlari tashkilotlari, O‘zbekiston masalalarida mutaxassislar ayni hujum ortida O‘zbekiston hukumati turganini urg‘uladilar.

Dovudxon: "Ko‘z yoshlarim bilan otamni olgan holda shifoxonaga bordim", deydi. Obidxon qori Nazarov hamon shifokorlar nazoratida qolmoqda.

Dovudxon o‘z otasining ma‘rifat tarqatish va haqiqat uchun kurash yo‘lini tanlagani va davom etayotganini aytadi. "Otamga nisbatan bu og‘ir jinoyat ijrochilarini fosh etishga bel bog‘laganmiz", deya qo‘shimcha qiladi u.

BBC mehmoni Dovudxon Nazarov bilan suhbat

BBC: Bu galgi BBC mehmoni Shvetsiyadan Dovudxon Nazarov bo‘ladilar. Assalomu alaykum Dovudxon, dasturimizga xush kelibsiz.

Dovudxon Nazarov: Assalomu alaykum, rahmat.

BBC: Tinglovchilarimizga eslatib o‘tamiz. Dovudxon - o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarovning o‘g‘li. Ma‘lumki, o‘tgan yilning fevral oyida Obidxon Nazarovga qurolli hujum qilingan, og‘ir yaralangan taniqli imom hozir ham shifokorlar nazoratida qolmoqda. Dovudxon, sizga savol yo‘llagan muxlislarimizning aksariyati otangiz Obidxon qori Nazarovning tezroq sog‘ayib ketishlarini tilab qolishgan. Ilk bor Istanbuldan Ravshanning maktubini o‘qib bersam: "Assalomu alaykum Dovudxon Nazarov, so‘zimning boshida Alloh taolodan Obidxon qori aka Nazarovga tez kunlarda shifo berishini va Islom ummatiga yana xizmatini davom ettirishini so‘rab duo qilib qolaman...Otangizning hozirgi ahvoli qanday? Shu haqda qisqacha ma‘lumot bersangiz". Marhamat, Dovudxon.

Dovudxon Nazarov: Bismillahir Rohmanir Rohiym. So‘zimning avvalida Allohga hamdu sanolar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga salotu salomlar yo‘llayman. So‘ng bunday foydali uchrashuvni uyushtirgan radio xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Savolllarga javob berishga o‘tishdan avval savol egalariga va barcha tinglovchilarga samimiy tilaklarim va salomlarimni, xayrli duolarimni, ular bildirgan hamdardliklari uchun cheksiz tashakkurlarimni izhor qilaman. Dadamlar uchun Allohdan shifo tilab yozayotgan mo‘min-musulmonlardan Rabbimiz O‘zi rozi bo‘lsin va duolarini O‘z dargohida qabul aylasin. Ularning savollari boshidagi salomlariga javobim: Va alaykum assalom va rohmatullohi va barakatuh!

Duolaringiz uchun katta rahmat. Alloh ijobat qilsin. Bizning ham umidimiz yolg‘iz Allohdan. Dadamlarning hayotlarini saqlanib qolishini iroda qilgan zot Hakiymdir. Ishonchimiz komilki, ular yana albatta oramizga soppa-sog‘ holda qaytadilar.

Ularning holatlari kundan-kunga yaxshilashib boryapti. Yetkazilgan jarohat og‘ir bo‘lganligi uchun davolanish muddati ham vaqt talab qilar ekan. Bu suiqasdning ustida hozirgi kunda keng maydonda olib borilayotgan tekshiruv ishlari ularning sog‘liklariga ham bog‘liq jihatlari borligi uchun, ular haqlarida batafsil ma‘lumotlar chiqishi sal qiyinlashyapti.

BBC: Ovro‘podan Oyatullo ham otangizning tezda sog‘ayib ketishlarini tilab, bu ishning ortida kim turgani borasida nima deb o‘ylashingiz bilan qiziqqanlar. Marhamat.

Dovudxon Nazarov: Bu suiqasdga ko‘maklashganlikda gumonlangan o‘zbekistonlik ikki shaxs qo‘lga olingan edi. Ularning birinchi mahkamalari ham bo‘lib o‘tdi. Ular bu ishga yordam berganliklarini ularga qarshi to‘plangan dalillar asosida isbotlangan. Ammo, mahkama ularning bu ishga o‘zlari bilmagan holda aralashib qolgan, degan fikr bilan qo‘yib yuborgan edi. Ammo, prokuror tomon bu hukmni noto‘g‘ri deb, hozir ishni yuqori mahkamaga topshirilgan. Ularning mahkamasi yana bo‘lib o‘tishi ko‘tilyapti. Aynan jinoyatni o‘z qo‘li bilan sodir qilgan shaxsni ham kim ekanligi va yana bu ishga yordamlashgan boshqa odamlar ham borligi aniqlangan. Bu suiqasd MXX tomonidan bajarilganligida zarracha shubha yo‘q.

BBC: Suiqasd ortida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati turganini aytayapsiz. Bu da‘vongizda qanday asos bor? Biron-bir dalil-isbot bormi bunday ayblov qo‘yishga?

Dovudxon Nazarov: Bunga juda ko‘p kuchli dalillar ham mavjud. Shvetsiyaning rasmiy idoralari ham, hatto mahkama ham bunga shubha yo‘qligini tasdiqlayapti. O‘ylaymanki, mazkur jinoyat ortida turganlar bu safar osonlikcha qutila olmaydilar. Ular bu gal ikkita katta muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqishdi, deb aytish mumkin. Birinchisi, ular dadamlarni yo‘q qilish rejasini uzoq yillar qilib kelganlar va bunga ko‘p uringanlar. Bu ham so‘ngi urinish edi. Ammo, ular xohishlariga erisha olmadilar. Aksincha, Allohning xohlagani bo‘ldi. Ikkinchisi, ular har doim dindorlarga va muxolifat vakillariga qarshi suiqasdlar uyushtirishganda yoki ularni o‘g‘irlashganda ishni silliq va izsiz qilamiz, deb o‘ylashadi. Ammo, bu galgi jinoyatlarida bunday xomxayollari puchga chiqdi. Hammasi fosh bo‘lyapti va bu hali boshlanishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Londondan Adham: "Qadrli Dovudxon, Qori aka o‘zbek xalqining jonkuyar farzandi ekaniga shubha yo‘q, lekin katta o‘zgarishlarni birgina shaxs amalga oshira olmasligi ma‘lum. Masalan, Abduvali qori o‘g‘irlanganda uning atrofidagilar qanday falaj holatiga tushgan bo‘lsa, Qori akaga suiqasd qilinganda shogirdlari shunday karaxt bo‘lib qolganlariga shohid bo‘ldik. Balki, kuzatuvchilarga shunday tuyuladi. Bu holatdan chiqish uchun biron tashkilot tuzilsa, ma‘qul bo‘lmasmikan?" deb yozibdilar.

Buxorodan savol yo‘llagan Shuxrat ham: "...hozirgi qiyin sharoitga qaramay, Shvetsiyadan tashqaridagi o‘zbek musulmonlar uchun ham qandaydir da‘vat yoki amri ma‘rufni o‘ylayapsizlarmi? Qandaydir tashkilot tuzish vaqti kelmadimikan?" savollarni yo‘llaganlar. Marhamat Dovudxon.

Dovudxon Nazarov: Insonga og‘ir bir musibat yetganda har xil qiyinchiliklarga uchrashi tabiiy. Inshoalloh, haqiqat baribir g‘alaba topadi. Alloh mo‘min insonlarni maqtab bunday degan: "Ular shunday zotlarki, agar zulmga duchor bo‘lsalar albatta g‘olib bo‘lurlar". (Shuro - 39). Men ham juda orzu qilgan bo‘lar edim, xuddi siz aytganday jonkuyar xolis insonlar ko‘proq bo‘lishlarini. Chunki, shular tufayli dinimizga ham, xalqimizga ham Allohning nusrati kelajak. Shunday insonlar, inshoalloh, yo‘q emas. Parvardigorim O‘zi ularning sonini ko‘paytirsin.

Dadamlarning faoliyatilari, amri-ma‘ruflari eng birinchi o‘rinda O‘zbekistonlik musulmonlar uchun bo‘lib kelgan, albatta. Ular imkon qadar O‘zbekiston ichkarisida og‘ir qiyinchiliklar orasida ana shu omma xalqqa xizmat qildilar. Keyinchalik, bu xizmatlarini qaysi joyda bo‘lishlaridan qat‘iy nazar qo‘llaridan kelganicha davom ettirishga harakat qildilar va inshoalloh qiladilar. Karimov hukumati dadamlarni va dadamlarga o‘xshagan insonlarni tinimsiz ta‘qib ostiga olib kelayotganligi, shunday xolis insonlar ochiq, qo‘rqmasdan qilgan da‘vatlarining ta‘sirini ko‘rsatadi. Agar bu xolis insonlar faqat maxfiylik bilan yurishganda, o‘zbek MXX agentlari ularni o‘g‘irlab keta olmasdi, qamoqqa tashlay olmasdi, otib keta olmasdi, deb o‘ylayman. Tashkilot tuzish masalasida, muhit va vaziyatni mendan ko‘ra yaxshiroq biladiganlar va bunday ishlar bo‘yicha tajribasi ko‘proq odamlar gapirishgani to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Ammo, zulmga qarshi kurashish, haq so‘zni aytish har bir musulmon uchun har qanday holatda zarurligi hammaga ma‘lum, deb o‘ylayman. Sizga Islom Ovozi vebsahifasiga kirib tanishishni tavsiya qilgan bo‘lar edim. U yerda hamma o‘zbeklar uchun foydali yozuv va audio-video shakldagi juda ko‘p yaxshi ma‘lumotlar topiladi.

BBC: Toshkentdan Bobur: Assalomu alaykum. Biz tinch joylarga chiqib oldik, qolganlarga Alloh O‘zi yordam bersin, deb faqat besh vaqt namozu bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lasizlarmi yoki zulmga qarshi qo‘llaringizdan kelguncha kurashasizlarmi? Qanday shaklda, aniqroq aytsangiz, oldindan rahmat", deya so‘rabdilar.

Dovudxon Nazarov: Bu savolga men to‘liq javob bera oladigan shaxs emasman. Har bir inson qayerda bo‘lmasin, o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholagan holda, zulmga qarshi qo‘lidan kelganicha kurashishi kerak, deb hisoblayman. Mendan ko‘ra ilmliroq insonlar batafsil javob bera oladilar, degan umiddaman. Undan tashqari, biz juda ham tinch joylarga chiqib olganimiz yo‘q. Zolim zulmini shu yerga kelib ham bajarib ketyapti.

BBC: Qibraydan Dilshod: "Assalomu alaykum Dovudxon, men Qori akaning eski muxlisiman, Toshkentda Qori aka shogirdlarida biroz o‘qiganman. Qori aka Shvetsiyaga ketmaslaridan oldin birodarlar bilan yaqin aloqada edi, qayerda bo‘lsak ham bir-birimizdan xabar olar edik. Afsuski, Shvetsiyaga ko‘chganlaridan keyin u kishi atrofidagilar bilan uzoqlashib ketdik. Nima uchun, oldingidek mehr-oqibat yo‘q, Shvetsiyadagilar bilan faqat Shvetsiyada yaqin bo‘lish mumkin xolosmi, xavfsizlik chorasimi bu?" maktub yo‘llabdi.

Kosondan Olimjon ham: "Hurmatli Dovudxon, avvalo, Qori akaga shifoi komil va sizlarga sabr-toqat tilayman. Nima uchun, Qori aka jamoatchilikdan vaqtincha uzilishlari u kishining shogirdlarini o‘lik sukunat holatiga yetakladi? Nahotki, hamma narsa bitta Qori akaga qarab qolgan bo‘lsa? Qori aka Qozog‘istonda yurganlarida O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi o‘zbek birodarlari bilan aloqalari ancha yaqin va saflar jips edi, hozir esa, Shvetsiya tashqarisidagilar go‘yo unutilgandek", deya so‘ragan. Boshqa bir qator tinglovchilarimiz ham xuddi shu mazmunda xat yo‘llashgan.

Dovudxon Nazarov: Qozog‘istonda yashirin yashab yurgan paytlarimizda ham birodarlarimiz yordamida harakatlarimizni to‘xtatmaslikka uringanmiz. Ammo, O‘zbekistondagi va Qozog‘istondagi o‘sha birodarlarimizning juda ko‘pchiligi MXX tomonidan o‘g‘irlab ketildi va uzoq yillarga qamab yuborildi. Bu narsa hozirgacha davom etyapti. Shvetsiyaga kelishimiz o‘sha o‘z yurtlarimizda dinimiz buyurgan ishlarni bemalol qilishga imkon qolmaganiligidandir. Lekin, bu geografik uzoqlikka qaramasdan dadamlar har doim xizmatlarini keng qilishga harakat qilib kelyaptilar, deb o‘ylayman. Ular iloji boricha aloqa uchun ochiq bo‘lishga harakat qilib keldilar va yaqinlik, mehr-oqibat yo‘llarini ko‘paytirish maqsadida ham sayt tashkil qilingan. Odam bolasida qandaydir kamchiliklar bo‘lishi tabiiy. Umid qilamanki, boshimizga tushayotgan musibatlar bizlarni yanada rivojlantiradi, kuchaytiradi, birlashish yo‘lidagi imkoniyatlarimiz va mehr-oqibatlarimiz takomillashib boradi.

BBC: O‘zlarini Qishloqdan deya Shokir ismi bilan xat yo‘llagan tinglovchimiz: "Shvetsiyada musulmonlarga sharoit qanday? O‘zbekistondagidek tazyiq yo‘qmi, agar bemalolgarchilik bo‘lsa, internet orqali ayollar uchun darslar uyushtirilsa bo‘ladimi?" deb so‘rabdilar.

Dovudxon Nazarov: Bu yerlarda diniga amal qilaman degan insonlar uchun imkoniyatlar bemalol, alhamdulilloh. Siz aytgan takliflarni amalga oshirsa bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. O‘zbekiston ichkarsidagilar uchun haqiqatdan ham juda og‘ir.

BBC: "Assalomu alaykum Dovudxon. Hurmatli qori akamizga Allohdan shifo tilab qolamiz. Xudo xohlasa, tez kunlarda bag‘ringizga qaytib, biz musulmonlarni darslari bilan bahramand qilib, yana Islomga, musulmonlarga xizmatlarini nasib etsin. Yuqorida Obidxon qori aka Qozog‘istonda paytida siz ba‘zi ilmiy asarlarda ko‘maklashibsiz, deyilibdi. Bu nima asarlar? Ularni kitob shaklida chiqarish niyat- rejalaringiz bormi?" deb yozadi o‘ziga Bo‘ston deya ism qo‘ygan tinglovchilarimizdan biri.

Dovudxon Nazarov: Duo va tilaklaringizni tez kunda ijobat bo‘lishini umid qilib qolamiz.

Qozog‘istonda yashagan paytimizda dadamlar boshchiliklarida bir necha risola va kitoblar ustida ishlaganmiz. Ularning ba‘zilarini bosmadan ham chiqarishga muvaffaq bo‘lingan. Bu ishlarda juda ko‘p xolis insonlarning xizmatlari bo‘lgan. Hammalaridan Alloh rozi bo‘lsin. Bosib chiqarilgan kitoblardan eng asosiylari Navaviyning "Qirq Hadis" kitoblarini o‘zbekcha sharhi va yosh bolalar uchun mo‘ljallangan bir necha kitobchalar. Masalan, "Musulmon bolaning kitobchasi" deb nomlangan kitobni o‘zbek, qozoq va rus tillarida bosib chiqarilgan. Bularning ba‘zilari Islom Ovozi vebsahifasiga ham ko‘yilgan. Bu kitoblarda dadamlar muallif sifatida boshqa taxallus bilan nomlanar edilar, bosmaxonalarda va o‘quvchilarning qo‘lida xavf bo‘lmasligi uchun. Yana shu kabi amalga oshishi kerak bo‘lgan bir qancha rejalarimiz bor, albatta. Sizlarning duolaringiz bu ishlarda ko‘p yordam bo‘ladi, inshoalloh.

BBC: "Hurmatli Dovudxon, kelajakda qanday rejalaringiz bor, O‘zbekistonga qaytishni istaysizmi? Qori aka boshqa qarashdagilarga toqatli inson, biroq nima uchun atrofidagilar ham shunday emas?" so‘rabdilar Toshkentdan Erkin. Tataristondan Arkon ismli tinglovchimiz esa, duoi salomlarini yo‘llab: "Agar sizda O‘zbekistonga borishga imkoniyati bo‘lganda Obidxon qori ustozga o‘xshab haqqa qanday da‘vat qilgan bo‘lardingiz? Bugungi zulmlarni minbardan turib ayta olarmidingiz? Katta rahmat. Alloh sizdan va oila ahlingizdan rozi bo‘lsin va sabr bersin. Obidxon qori ustozimizga shifo ato etsin", deb yozganlar.

Dovudxon Nazarov: Inson o‘z kelajagini aslo O‘zi belgilay olmaydi va oqibat kanday bo‘lishini ham bilolmaydi. Buni faqat Alloh biladi. Har bir o‘zbekistonlikda o‘z yurtiga, O‘zbekistonga kaytish niyati bo‘lsa kerak. Bu juda yaxshi xislat, deb o‘ylayman. Har kimni o‘z fikr va qarashlari bo‘ladi. Hammamiz bir-birimizga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishligimizni men ham juda xohlayman. Atrofidagilar deganda aynan kimlarni nazarda tutayotganingizni bilmadim. Boshqalar uchun men baho bera olmayman. Har birimiz o‘zimizni isloh qilish yo‘lida ko‘p ishlashimiz, ko‘proq ilm olishimiz va chiroyli xulqlarni O‘zimizga kasb qilishimiz zarur, deb bilaman.

Men ilm va tajriba jihatdan juda yoshman. Olimlarimiz doim bor bo‘lishsin, biz ularni qadrlariga yetadigan odam bo‘laylik. Birinchi o‘rinda og‘ir ahvolda qolayotgan mazlum birodarlarimiz haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Qamalganlar va o‘g‘irlanganlarni ozod etilishini talab qilamiz. Buning uchun olim bo‘lish ham talab qilinmaydi va qayerda bo‘lishingizni katta farqi ham yo‘q. Eng muhimi Diningizga bemalol amal qilib va haq so‘zni ayta olishingizdir.

BBC: Shvetsiyadan Zaynab ismli muxlisimiz: "Ayrim musulmonlar demokratiyani kufr deyishadi. Demokratik tuzumga nisbatan sizning munosabatingiz qanday?" deb so‘rabdilar.

Dovudxon Nazarov: Aytib o‘tganimday, mening Islom ilmlari bo‘yicha bilimim chuqur emas. Bu masaladagi javobim mukammal bo‘lmasligi mumkin. Ammo mening bilishim bo‘yicha "demokratiya" nima o‘zi, degan nuqta ustida hali bir xillik yo‘q. Hamma jamiyatlarda har xil talqin qilinadi. Hatto g‘arb mamlakatlarining qonunlari ham bu borada bir-biridan katta farq qiladi. Agar demokratiyani biz o‘zimizcha ta‘riflab va shunga binoan uni qabul qilishga yoki rad qilishga da‘vat qilsak ko‘pchilik to‘g‘ri tushunmasligi aniq.

Eng asosiy gap da‘voda emas. Hozirgi kunda demokratiyani da‘vo qilayotganlarning juda ko‘pchiligi, qilayotgan ishlari adolatsizlik va diktaturadan boshqa narsa emas. Mening ojizona tushuncham bo‘yicha bizga va barcha xalqlarga eng zarur narsalardan biri adolat va adolat uchun kurashish. Adolat bo‘lgan joydagina erkinlik va taraqqiyot bo‘ladi. Bu eng zarur qadriyatlardan bo‘lganligi uchun ham Alloh taolo Qur‘oni Karimning juda ko‘p oyatlarida shunga buyurgan. Misol uchun, Niso surasida, 135 oyatining avvalida ham marhamat qiladiki: "Ey Iymon keltirgan zotlar, adolat bilan turingiz, Alloh uchun (to‘g‘ri) guvohlik beruvchilardan bo‘lingiz". Shuning uchun ham, aytamizki, biz odillik bilan boshqariladigan adolatli jamiyatni xohlaymiz.

BBC: "Assalomu alaykum Dovudxon. Men avvalom bor, Obidxon qori janoblarini tezroq sog‘ayib ketishlarini tilar edim. Aytingchi, nima sababdan ko‘p musulmon davlatlar kambag‘al? Sizningcha, O‘zbekistondek davlatda din qanday rol o‘ynashi kerak? Hozir siz yashayotgan davlatdagi tartib qoidalarni O‘zbekistonda qo‘llashni xohlagan bo‘larmidingiz? Rahmat", deya maktub yozgan Jo‘rabek ismli tinglovchimiz.

Dovudxon Nazarov: Tilaklaringizni Alloh qabul etib, tez kunda ro‘yobga chiqarsin.

Qaysi mamlakat bo‘lmasin u yerdagi siyosat xolis, keng bag‘irli, hammaga barobar, fitna va makr-hiylalardan holi bo‘lsagina o‘sha mamlakatda totuvlik va har tomonlama barqarorlik yuzaga keladi. Ammo, hozirgi kunda O‘zbekistonning teppasiga o‘tirib olgan zolim, qonxo‘r, haromxo‘r, manfaatparast va poraxo‘rlardan yaxshilik kutib bo‘lmaydi va yaxshilik kutib o‘tirish joiz ham emas.

Musulmonlar uchun ularning dinlari hamma vaqt, har qanday holatda katta ahamiyatga ega. Xalqning manfaatlarini qondirib berishlik o‘sha yurtdagi hukumatning vazifasi.

Har xil davlat va millatlarning erishgan yaxshi yutuqlarini musulmonlar o‘zlashtirishi, tadbiq qilishlari mumkin, balki zarur. Ammo, Islomdan o‘zga yo‘llardan qabul qilinadigan narsalar aqida, axloq, ahkom va ibodatga oid yo‘l-yuruqlar bo‘lmasligi kerak. Bunday narsalar Islomda to‘la-to‘kis bayon qilib berilgan va ular o‘zgarmasdir. Doimiy rivojlanishda bo‘ladigan, o‘zgarib turadigan har-xil foydali dunyoviy narsalarni esa kimdan bo‘lsa ham o‘rganilishi mumkin, vallohu a‘lam.

BBC: "Dovudxonga quyidagicha savolim bor edi. Aytingchi, o‘zbek musulmonlari orasidagi siyosiy sustlikning sababini nimada, deb o‘ylaysiz va nega Islom dini o‘zbek musulmonlarini yirik siyosiy kurashlarga chiqishlariga to‘sqinlik qiladi? Gap shundaki, qaysi bir vatandoshim bilan suhbatlashsam, u musulmon ekanligini va faqat Ollohdangina so‘rab duo qilishini aytadi. Agarda birgina duo bilan muammolar hal bo‘lib ketaversa, arablarning Isroil bosib olgan yerlari qachonlar ozod qilingan bo‘lardi", deya xat yo‘llangan To‘lqin Qorayev Shvetsiyadan muxolifat faoli va mustaqil jurnalist To‘lqin Qorayev

Dovudxon Nazarov: Islomga to‘la amal qilmagan musulmonlarga qarab Islomni muayyan shaklda tasavvur qilib olish noto‘g‘ri. Islom dini hech qachon musulmonlarni siyosiy kurashlarga chiqishlariga to‘sqinlik qilmaydi. Qaysiki inson o‘z diniga to‘la ishonch bilan, Parvardigoriga duo-iltijolar bilan harakat qilsa, uning ta‘siri butun olamga tarqashi aniq. Bunga oddiy misol Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam bitta o‘zlari boshlagan Islom da‘vati mana butun olamga tarqalib, deyarli Islom yetib bormagan joy qolmagan. Duo agar xolis, to‘g‘ri va jiddiy harakat bilan birga bo‘lmasa siz aytgan misolga o‘xshash voqealar takrorlanaveradi.

BBC: O‘shdan Odiljon Mahdumiy: "Muhtaram Dovudxon janoblari, O‘zbekistonda musulmonlarning bugungi davlat tomonidan yaratilgan diniy sharoitlariga qoniqmay, hech masjidu madrasalarga ibodat va ilm uchun yo‘l ochilganini inobatda olmay, Islomdagi vasatiya yo‘lidan og‘ib, shar‘iy asosda hijrat qilishligi vojibmi?" deb so‘rabdilar.

Dovudxon Nazarov: O‘zbekistonda musulmonlarga qo‘yilgan to‘siqlar ular uchun berilgan diniy sharoitlardan ko‘ra kamida o‘n barobar ko‘p. Bunga son-sanoqsiz misollar keltirish mumkin. Siz O‘zbekistonda o‘rta holda, diningiz buyurgan ishlarni bajarib, qaytariqlaridan tiyilib, chiroyli amal qilgan holda yashayman desangiz, albatta to‘siqlarga duch kelasiz. Inson hayotga bir marta kelar ekan, unda haqni haq, yolg‘onni yolg‘on deb, ochiq ayta olmasa, bu qanday hayot bo‘lishi mumkin? Vaholanki, haqni yashirish eng og‘ir gunohlardandir. Undan tashqari, siz O‘zbekistonda necha ming masjidu-madrasalar bor debsiz. Qani aytingchi, mustaqillikdan keyin to bugunga qadar ularning soni ko‘paydimi yoki kamaydimi? Qanchadan-qancha masjid va madrasalar yopib tashlandi, ularning imomlari qamab yuborilidi. Hozirgi kunda nisbat umuman to‘g‘ri emas. Musulmon erkaklar bemalol soqollarini ko‘yib yura olmasalar, muslima ayollar ro‘mollari uchun o‘quv yurtlaridan haydalsalar, xohlagan yeringizda, xohlaganingizcha Kur‘on va hadislardan dars qila olmasangiz, buni qanday sharoit deyiladi? O‘z fikrlaringizni bemalol aytsangiz, zulmga, poraxo‘rlikka qarshi kurashsangiz, mazlumlarga yordam bersangiz, siz albatta jinoyatchi bo‘lasiz va eng kamida qamoqqa tashlanasiz. Vaholanki, Islom zulmga ko‘z yumib yashashga, hukumat nima desa, o‘shani qilishga buyurmaydi. Oyat va hadislardan juda ko‘p dalillar keltirish mumkin.

BBC: BBC bilan suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat, tinglovchilarimizga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

Dovudxon Nazarov: Sizlarga ham katta rahmat. Hamma musulmon birodarlarimizdan duolarida va xayrli harakatlarida sobitqadam bo‘lishlarini so‘rab qolamiz. Alloh hammamizni Yolg‘iz O‘ziga ibodat qilishda va xalqimizga xolisona xizmatda bo‘lib, zulm va nohaqliklarni bartaraf etish yo‘lida mustahkam bo‘lishimizni nasib etsin.