Alisher Usmonov - Britaniya va Irlandiyaning eng badavlat shaxsi

Image caption Alisher Usmonov matbuotga juda kamdan-kam holda intervyu beradi

O‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonov 13.3 milliard funt sterling (20.26 milliard dollar) bilan Britaniya va Irlandiyadagi eng badavlat shaxslar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan. Ro‘yxat Londonda chop etiluvchi Sunday Times gazetasida har yili nashr qilinadi.

London tashqarisidagi Sarrey tumanida yashovchi 59 yoshli tadbirkor Arsenal futbol klubining 30 foiz hissalariga, hamda Metalloinvest temir ishlab chiqarish shirkatiga egalik qiladi.

25 yildirki chop etilayotgan badavlat shaxslar ro‘yxatida bu yil Uorner Myuzik shirkatining rahbari Len Blavatnik 11 milliard funt sterling bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Po‘lat korchaloni Lakshmi Mittal 10 milliard funt sterlingi bilan birinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushib qolgan.

Britaniya va Irlandiyadagi 1000ta eng badavlat kishilarning umumiy hisobdagi boyligi 450 milliard funt sterlingdir.

Ro‘yxatda Britaniyada tug‘ilgan shaxslar orasida eng yuqori o‘rinni 7.8 milliard funt sterlingi bilan Vestminster Gertsogi egallagan. Umumiy ro‘yxatda sakkizinchi o‘rinda bo‘lgan gertsog 25 yil ichida eng yuqori o‘nlikdan tushmagan yagona shaxsdir.

Virdjin shirkati asoschisi Ser Richard Branson 3.5 milliard funt sterlingi bilan 19-o‘rinda, Chelsi futbol klubining rossiyalik egasi Roman Abramovich esa 9.3 milliard bilan uchinchidan beshinchi o‘ringa tushgan.

Uchinchi o‘rinda Londonda joylashgan yirik Xinduja Grup konglomeratining aka-uka egalari Sri va Gopi Xindujalar. Ularning boyligi 10.6 milliardga teng.

Sobiq Britaniya go‘zallik tanlovi g‘olibi Kersti Bertarelli 7.4 milliard funt sterlingiga eri Ernesto bilan egalik qiladi. Bu o‘tgan yilgi miqdorga teng, ammo bu yil juftlik uch o‘rin pastga tushishgan.

Ro‘yxatdagi milliarderlar soni rekord 88taga yetgan. O‘tgan yili milliarderlar soni 77ta edi, ro‘yxat 1989 yilda boshlanganida ular atigi to‘qqizta bo‘lgan va ro‘yxatda Qirolicha ustunlik qilgan.

Usmonovning biznes va siyosiy ambitsiyalari

Janob Usmonov o‘z biznes imperiyasini plastik paketlar ishlab chiqarish bilan boshlagan.

Uning biznes manfaatlariga Rossiyaning eng yirik temir ishlab chiqaruvchi Metalloinvest shirkati, mail.ru va Facebook internet biznesi, hamda MegaFon telefon operatoridagi hissalar kiradi.

Janob Usmonov neft magnati Jey Pol Gettining Sarreydagi sobiq saroyi Satton Pleys, hamda shimoliy Londondagi 48 million funtlik uyga egalik qiladi.

U o‘tgan oy Forbs jurnalining Rossiyadagi eng badavlat odami deya topilgandi.

Alisher Usmonov bundan avval ham jurnalning yillik ro‘yxatida Rossiyaning badavlat odamlari qatoridan joy olib kelgan.

Ammo, faqat o‘tgan yil Rossiyadagi barcha milliarderlarni ortda qoldirib, ilk bor peshqadamlikka chiqib olgandi.

U so‘nggi yillarda asosan tog‘-kon sanoatidan katta foyda ko‘rayotgan bo‘lsa ham, internet va mobil shirkatlariga katta pul kiritmoqda.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida u Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqasidan qariyb 1 milliard dollar foyda ko‘rgan. Rossiyadagi uchta yirik mobil operatorlaridan biri bo‘lgan MegaFon nazoratini o‘z qo‘liga olgan.

Namangan viloyatining Chust shahrida, prokuror oilasida tug‘ilgan Usmonov, britan matbuoti ma‘lumotlariga ko‘ra, 80-yillarda davlat mulkini o‘g‘irlash va firibgarlikda ayblanib, olti yil qamoqda o‘tirgan.

Usmonovning himoyachilari unga qarshi ayblar Sovet davrida tashkillashtirilgan bo‘lgani va janob Usmonovning Mixail Gorbachev rahbarligi davrida tamoman oqlanganini aytishgan.

2007 yilda Gardian ro‘znomasi bilan elektron pochta orqali suhbatda janob Usmonov O‘zbekiston yo boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgan.

Janob Usmonov Kreml uni prezident Karimovga ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rishi haqidagi taxminlarni "o‘zini kremlshunos deb ataydiganlarning fantaziyasi" deb atagan.

U Prezident Islom Karimov va uning qizi Gulnora Karimova bilan aloqasi yo‘qligini bildirgan. Biroq, yaqinda O‘zbekiston Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoyevga quda bo‘lishi ortidan, uning siyosiy ambitsiyalari borasidagi bashoratlar yana qizigan.