O‘zbekistonda xayriya marafoni bekor bo‘ldi

Boston portlashlari ortidan Toshkentda o‘tkazilishi rejalangan "Hayot uchun" xayriya marafoni bekor qilingan.

Ushbu yugurish tadbiri Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi Forum jamg‘armasi tomonidan tashkil qilinayotgandi.

Bu haqda Twitterdagi sahifasida ma‘lum qilgan Karimova xonim 28 aprelga rejalangan xayriya tadbiri xavfsizlik xavotirlari bois bekor qilinganini aytgan.

"Mazkur imkoniyatdan foydalanib, sizlarga shuni ma‘lum qilamanki, qo‘riqlanadigan inshootlardan tashqaridagi barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Qaror xavfsizlikni ta‘minlash uchun olindi", deb yozgan Gulnora Karimova.

Ma‘lum qilinishicha, marafon o‘rniga "Bostondagi portlashdan jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aktsiya" o‘tkaziladi.

Xayriya marafonini Forum jamg‘armasi va Ko‘krak bezi saratoni milliy uyushmasi 2010 yildan beri tashkil qiladi. Maqsad ayollar ko‘krak saratoniga qarshi kurashga ko‘mak berish ekani aytiladi.

O‘tgan yil Toshkent shahri va undan oldin viloyatlarda tashkil etilgan yugurish tadbirlarida 40 mingga yaqin kishi ishtirok etgani xabar qilingandi.

To‘plangan mablag‘ 1 milliard 50 million so‘m esa, ayollarda ko‘krak saratonini aniqlash va davolashga sarflanishi haqida aytilgandi.

Ammo, xorijda ushbu tadbirni tashkil qiluvchi Syuzan Komen nomidagi jamg‘arma hamda Luvr muzeyi Forum jamg‘armasi bilan hamkorliklari uchun tanqidga tutilgandilar.

Ular O‘zbekistonda inson huquqlari poymol etilishi bilan bog‘liq vaziyatga ko‘z yumayotganlikda ayblangandilar.