Uzdunrobita kasod deb e‘lon qilindi, MTS mojarosi bitdimi?

Image caption MTS brendi o‘rnini kim egallashi noma‘lum

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahar Xo‘jalik mahkamasi Uzdunrobita mobil aloqa shirkatini kasod deb tan olgan va uni bir yil ichida tugatish haqida qaror chiqargan.

Shu yil yanvarida MTS ning sho‘‘ba korxonasi bo‘lgan Uzdunrobita O‘zbekiston tekshiruvchi idoralari talab qilgan 600 million dollar miqdoridagi mablag‘larni to‘lay olmasligini aytib, xo‘jalik mahkamadan o‘zini bankrot deb e‘lon qilishni so‘ragandi.

11 martda o‘tgan birinchi majlisida Toshkent shahar Xo‘jalik sudi kreditorlarning so‘rovlarini qondirmagan.

O‘zbek huquq-tartibot idoralari mamlakatning eng yirik mobil aloqa shirkati bo‘lgan Uzdunrobitani pul-mablag‘larni maqsadsiz ishlatish va soliq to‘lamaslik kabi harakatlarda ayblagan va davlatga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida shirkatni milliylashtirish haqida qaror chiqargandi.

Uzdunrobitaning bir nechta yuqori martabali menejerlari hibsga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2012 yilning noyabrida Toshkent shahar jinoiy mahkamasining appelyatsion kollegiyasi 600 million dollar evaziga shirkatni davlat tasarrufiga o‘tkazish jarayonini to‘xtatishga rozi bo‘lgan edi.

Uzdunrobita hissalariga egalik qilgan Rossiyaning MTS shirkati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi ziddiyat sabab o‘tgan yil yozida O‘zbekistondagi to‘qqiz yarim million mijozlar birdaniga mobil tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

O‘zbekiston xo‘jalik mahkamasining so‘nggi qarori Prezident Karimovning Moskvaga tashrifi ortidan e‘lon qilinmoqda.

Rossiya matbuoti MTS masalasi Moskvadagi muzokaralar chog‘ida muhokama etilgani haqida yozgan.

"Xo‘jayinlar o‘zgaradi"mi?

Mustaqil tahlilchi Alisher Taksanovning aytishicha, Uzdunrobitaning bankrot deb e‘lon qilinishi navbatdagi korruptsion bir kelishuvdir.

"Unga muvofiq, Uzdunrobitaning texnikasi qayta sotiladi yoki boshqa shirkatning nomiga rasmiylashtiriladi. Chunki O‘zbekiston har qanday holatda ham yaxshi, sifatli uyali aloqaga, axborot aloqasiga muhtoj. Amalda esa Uzdunrobitaning xo‘jayinlari o‘zgaradi, xolos", - deydi tahlilchi.

Uning fikricha, MTS mojarosi yana bir marta O‘zbekistondagi sarmoya muhitining "zararli" ekanini ko‘rsatgan va shunday ekan, MTSning O‘zbekistonga qaytish ehtimoli kam.

Alisher Taksanov Uzdunrobitaning o‘zi ham O‘zbekistondagi faoliyati davomida amaldagi qonunchilikdan chetga chiqqan va shuning uchun mahkamada o‘z manfaatlarini himoya qila olmagan, deb ishonadi.

"O‘zbekistonda ishlab kelgan barcha yirik shirkatlar, Zarafshon-Nyumont yoki Oxus deylik, o‘z faoliyatlarida qaysidir darajada amaldagi qonunchilikdan chetga chiqadilar. Ya‘ni ularning kelishuvlarida baribir qandaydir qorong‘u jihatlar bor, deb ishonaman. Nazarimda, Uzdunrobitaning faoliyatida ham xuddi shunday jihat bo‘lgan va shuning uchun shirkat o‘zini himoya qila olmadi", - deydi tahlilchi.