Johar Tsarnayevga ayblovlar e‘lon qilindi, lekin hujum sabablari hanuz noma‘lum

Image caption Johar Tsarnayevga ayblovlar kasalxonada e‘lon qilindi.

Boston marafonida amalga oshirilgan hujumlarga aloqador ko‘rilayotgan Johar Tsarnayevga nisbatan rasman ayblovlar e‘lon qilindi.

Tsarnayev ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanish va o‘limga olib kelgan amallarga qo‘l urishda ayblanmoqda.

Qoralovchilarga ko‘ra, aybdor, deya topilgan taqdirda u o‘lim jazosiga yuz tutishi mumkin.

Kasalxonda yotgan yerida ayblovlar e‘lon qilinar ekan tomog‘idan yaralangan Johar Tsarnayev bir marotaba savolga javob berishga muvaffaq bo‘lgan.

U himoyachi yollashga qurbi yetadimi yo‘qmi degan savolga qisqa qilib "Yo‘q", deya javob bergan.

Boshqa hamma savollarga u boshini qimirlatib javob bergan.

Rasmiylar Johar Tsarnayev ishini harbiy tribunalda emas, oddiy mahkamada ko‘rishga qaror qilganlar.

Ayni vaqtda Xavfsizlik Xizmati vakillari Senatning Josuslik Qo‘mitasiga chaqirilib, 26 yoshli Tamerlan Tsarnayev borasida mavjud bo‘lgan ma‘lumotlar yuzasidan so‘roqqa tutilishlari kutilmoqda.

Rossiya rasmiylari 2011 yili Tamerlanning radikallashuvi borasida tekshiruv o‘tkazilishini AQSh rasmiylaridan so‘rashgan. Lekin ko‘rinishicha, o‘sha tekshiruvlar hech qanday natija bermagan.

Ukasi Johar bilan Bostondagi hujumlarni amalga oshirishda masu‘l ko‘rayotgan Tamerlan o‘tgan juma kuni politsiya bilan otishma vaqtida halok etilgan.

Hujum sabablari noma‘lum

Johar Tsarnayevga nisbatan ilgari surilgan 10 sahifalik ayblov xulosasida Bostondagi hujumlar tafsilotlari keltirilgan.

Lekin hujumga olib kelgan sabalar haqida hech nima deyilmagan.

Ammo Associated Press xabar agentligiga gapirgan ba‘zi AQSh rasmiylari hujum ortida diniy sabablar turganligiga ishonishlarini aytganlar.

Aka-uka Tsarnayevlar Rossiyaning Dog‘iston Respublikasidan 2002 yili AQShga ko‘chib o‘tishagn.

Ular Harvard Universiteti joylashgan Masachusets shtatining Kembridj shahrida yashaganlar.

19 yoshli Johar oliy ma‘lumot olish uchun grant olishga muvaffaq bo‘lgan. Otasining aytishicha, u miya jarrohi bo‘lishni orzu qilgan.

26 yoshli Tamerlan havaskor bokschi bo‘lgan. U o‘zini o‘ta taqvodor, ichmaydigan va chekmaydigan yigit sifatida taqdim qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Tamerlan o‘tgan yili Dog‘istonga borib, olti oy yashab kelgan.