Qozog‘iston Prezidenti: Ko‘chaga axlat tashlaganlar kaltak bilan urilsin

Image caption Qozog‘iston Prezidentiga ko‘ra, ko‘chalarga axlat tashlaganlarni kaltak bilan jazolash kerak.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ko‘chaga axlat tashlaganlarning yumshoq joyiga kaltak bilan urib tarbiyalash tarafdori ekanligi bildirgan.

Janob Nazarboyev Ostona shahrining rivojlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shaharda to‘planib qolgan axlat uchun amaldorlarni tanqid qilgan va aholida madaniyat yo‘qligidan noligan.

U ko‘chalarga axlat tashlovchilarni yumshoq joyiga urib tarbiyalashdan boshqa chora yo‘qligini aytgan. Bir yil oldin esa janob Nazarboyev bu kabi tartibbuzarlarni qamash kerakligini aytgandi.

Prezident Nazarboyev poytaxt Ostonaning bundan keyingi rivojlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlisda amaldorlarni qattiq tergadi, tartibbuzarlarni esa urib tarbiyalash kerakligini ta‘kidladi.

Elboshi maxsus tushirilgan foto alьbomni axlat uchun mas‘ul amaldorga ko‘rsatarkan, shaharni axlat bosib ketganini aytdi.

"Bu yoqqa kelib ishingni ko‘r. Mana bu tartibsizlikni ko‘rmayapsanmi? Mana axlatni qanday yig‘ib olishayapti. Qara qoplarda uyilib yotibdi. Ko‘p qavatli uylarning oldi sasib yotibdi. Buni olib stolingga esdalik uchun qo‘yib qo‘y va mavzelar bo‘ylab yurib ishing bilan shug‘ullan", - deya tanbeh bergan mas‘ullarga Nursulton Nazarboyev.

Shundan so‘ng Elboshi odamlar ko‘chalarda tozalik va tartibga intilmasa, hech qanday chiroyli bino va muzey madaniyatni oshirmasligini aytgan.

"Axlat chelak turadi, ular esa yoniga tashlab ketishadi. Buning uchun Singapurda 50 marta yumshoq joyiga kaltak bilan uradi va 500 dollar jarima soladi. Shunday tarbiyalash kerak boshqa yo‘l yo‘q", - degan Nazarboyev.

Olma -otalik Alevtina Madyarova Qozog‘iston shaharlarida ko‘chaga axlat tashlash keng miqyosli muammo ekanligini aytadi. Alevtina shaharda axlatlarni yig‘ish va bu muammoga jamoatchilikning e‘tiborini qaratish maqsadida tashkil qilingan "San‘at axlatga qarshi" aktsiyasida ishtirok etgan.

"Menimcha, Olma ota uchun axlatni ko‘chaga tashlash o‘ta jiddiy muammo. Chunki odamlarga bolaligidan axlatni maxsus joyga tashlash kerakligi o‘rgatilmagan. Men oldin boshqa bir davlatda yashaganman. Bu narsa u yerda mentalitet sifatida shakllangan. Chunki atrofingni iflos qilish shunchaki qabul qilinmas ish", - deydi Alevtina Madyarova.

Alevtinaga axlat tashlaganlarni kaltak bilan savalash g‘oyasi yoqadi. Lekin shu bilan birga tarbiyalashning kaltak ishlatilmaydigan yo‘llarini ham qo‘llab quvvatlaydi.

Mustaqil jurnalist Sergey Duvanov axlat uchun kaltaklash Janubi- Sharqiy Osiyoda keng yoyilgani va bu narsani Qozog‘istonda ham qo‘llash g‘ayritabiiy bo‘lmasligini aytadi. Biroq 73 ni qoralagan Elboshi Nazarboyev tomonidan aytilgan bu kabi takliflar oldingilari kabi unutiladi.

"An‘anaga muvofiq bu borada bir kampaniya bo‘lib o‘tadi va axlat haqida unutib yuborishadi. Prezident bir vaqtlar Olma otada Xammer rusumli mashinalar yurishini yoqtirmasligini aytgan edi. Ularni ta‘qiqlashni boshlashdi. Ammo mavzu unut bo‘ldi va Olma otada Xammerlar qanday yurgan bo‘lsa shunday yurishibdi", - deydi Sergey Duvanov.

Qozog‘iston ko‘chalarini ommaviy ravishda tozalash kampaniyasi o‘tgan yili ham bo‘lib o‘tgandi.

O‘tgan bahorda mamlakat rahbari axlatni ko‘chaga tashlaganlarni hibsga olishni taklif qilgandi. O‘shanda prezidentning taklifini jadallik bilan amalga oshirish boshlangandi. Bir oyning ichida turli shaharlarda 300 dan ortiq tartibbuzar hibsga olingan bir necha 10 ming dollar jarima solingandi.

Keyinchalik ushbu ko‘rsatgichlar keskin tushib ketdi. Axlat tashlovchilarni esa Nazarboyev yana esga olmoqda.