Tolibon: Turkiya, Rossiya va Qirg‘iziston fuqarolari xavfsiz joyda

Yomon ob-havo tufayli qo‘nishga majbur bo‘lgan tikuchardagi xorijliklarni qo‘lga olgan Afg‘oniston Toliboni "xorijliklar xavfsiz joyga" olib ketilganini aytgan.

Turkiyalik yo‘l quruvchilarni olib uchayotgan Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-8 tikuchari yakshanba kuni Xost viloyatidan Kobulga parvoz qilgan.

Ob-havo yomonlashgach, Pokiston chegarasiga yaqin Lo‘g‘ar viloyatining Azra tumanida qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Bu tuman esa Tolibon nazorati ostida.

Tikucharda sakkiz nafar Turkiya fuqarosidan tashqari ekipaj a‘zolari va Afg‘on tarjimon bo‘lgan.

Tikuchar uchuvchilaridan biri Rossiya, yana biri Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan.

Mi-8 tikuchari Ukrainaga tegishli ekani, uni Afg‘onistondagi xususiy Khorasan Cargo Airlines shirkati ijaraga olgani xabar qilingan.

"Ular axvfsiz joyga olib ketilgan, ularning salomatlik muammosi yo‘q, hammalari juda yaxshi. Ular Afg‘onistonning ichkarisida" deb aytgan Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid telefon orqali muloqotida "Frans Press" axborot agentligiga.

Ularning taqdiri qanday kechishi haqidagi savolga, "Tolibon rahbariyati hal qiladi", deya javob bergan Zabihulloh Mujohid.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi so‘zchisi Siddiq Siddiqiy tikuchardagilarni qidirish boshlanganini ma‘lum qilgan, biroq boshqa tafsilotlarni oshkor etmagan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, xorijliklarni ozod qilishga oqsoqollar jalb etilgan.