Qirg‘iziston: "Qumtor" mojarosidan kim qanday foydalanayapti?

24 aprel kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 1000 tacha kishi "Qumtor" oltin koni bo‘yicha Qirg‘iziston Kanada shirkati bilan imzolagan shartnomani bekor qilish talabi bilan norozilik namoyishi uyushtirganlar.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Qirg‘izistonning eng daromadli oltin konidan mamlakat yetarli foyda ko‘rmayapti.

Qumtor mojarosi Qirg‘izistonda Bakiyev hukumati ag‘darilgan paytdan buyon davom etib keladi, Qirg‘iz rasmiylari bu bitim xalq manfaatiga to‘g‘ri kelmasligini aytib tekshirish boshlaganlar.

Bishkekda ertalabdan qattiq yomg‘ir yog‘di, muxbirlarga ko‘ra, bu mitingga odamlarni butun mintaqalardan yig‘ib kelishgan.

Qirg‘izistondagi taniqli siyosatchi, sobiq muvaqqat hukumat a‘zosi Azimbek Beknazarov yetakchilik qilgan tadbirga, muxbirlarga ko‘ra, 1000 tacha odam yig‘ilgan, muxolifatdagi bir necha partiya vakillari kelishgan.

Miting tashkilotchilari butun Qirg‘izistondan Bishkek markaziga 11 ming-15 ming odamni olib chiqishlarini aytganlar.

Bishkek markazida yig‘ilganlar "Qumtor" xalqniki, xalq boyligi xalqqa tegishli bo‘lishi kerak" degan talablar bilan chiqishgan.

"Qumtor" koni bo‘yicha shartnoma adolatsiz, deb chiqayotganlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati bu shirkat aktsiyasining 33 foizlik paketiga ega, qolgan daromadning hammasi chet elliklarga ketayapti.

Hozir Qirg‘izistonda Kanadaning "Centerra Gold" shirkati bilan 2009 yilda imzolangan bitim toza bo‘lmagan, shuning uchun bu shartnomani qayta ko‘rib chiqish kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda.

Bunday chaqiriq tarafdorlari "Qumtor" konida oltin qazib olishdan tushadigan ko‘proq foyda Qirg‘izistonda qolishi kerak, deb chiqmoqdalar.

Qirg‘izistonning ikki davlat idorasi "Centerra Gold" shirkatini ekologiyaga zarar yetkazishda ayblab 150 million dollardan ortiq jarima to‘lashini talab qilib chiqmoqda.

Hozir Qirg‘iziston parlamenti talabi bilan Bosh prokuratura shirkat faoliyatini tekshirishni boshlagan.

Vaziyat to‘la o‘rganib chiqilganidan keyin bir qarorga kelinadi, deb kutilayapti.

"Centerra Gold" rahbariyati hech qanday jarima to‘lamoqchi emasligi, o‘zlarining hamma hujjatlari va olib borayotgan faoliyati Qirg‘iziston qonunlari doirasida ekanini urg‘ulab keladi.

Shirkat o‘tgan 2012 yili moliyaviy nuqtai nazardan daromadli yil bo‘lmaganini, 9,8 tonnaga yaqin oltin qayta ishlashga erishganini aytadi.

"Qumtor" Qirg‘iz Yalpi Ichki mahsulotiga eng ko‘p tushum daromad olib keladigan shirkat hisoblanadi.

Shirkatdan mamlakat iqtisodiga har yili 1 milliard AQSh dollaridan ziyod mablag‘ tushadi.

Bugun "Qumtor" bitimi xalq manfaatini ko‘zlamaganini aytib, namoyishchilar bilan hamfikr ekanini aytgan Qirg‘iziston parlamentidagi koalitsion ko‘pchilik rahbari Feliks Kulov, hamma ish qonun doirasida bo‘lishi lozim, deb urg‘ulagan.

U "Qumtor" bo‘yicha boshlangan tekshirishlar va muzokaralarning natijasini kutishga chaqirgan.