Bleyk: "Inson huquqlarining ahvoli o‘zbek-amerika aloqalariga to‘sqinlik qilmoqda"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image caption Robert Bleyk hukumat bilan faollar o‘rtasida inson huquqlari yuzasidan muloqot o‘tkazish ehtimoli haqida gapirgan

Toshkentga safar qilgan AQSh Davlat Kotibining yordamchisi Robert Bleyk inson huquqlari borasida oldinga siljishning yo‘qligi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga to‘sqinliq qilayotganini aytgan.

Janob Bleyk bu haqda chorshanba kuni mahalliy faollar bilan uchrashuvi chog‘ida gapirgan.

Uchrashuvda qatnashgan norasmiy O‘zbekiston Inson Huquqlari Himoyachilari Alyansi faoli Yelena Urlayeva AQSh mulozimining "Biz Markaziy Osiyoda inson huquqlari fazosining torayib borayotganidan tashvishdamiz", degan so‘zlarini keltiradi.

Unga ko‘ra, janob Bleyk faollarni Qo‘shma Shtatlar mintaqada inson huquqlarining ahvolini yaxshilash yo‘lida diplomatik sa‘y-harakatlarni davom ettiradi, deb ishontirgan.

Tashrif arafasida Robert Bleyk Markaziy Osiyo hukumatlarini Arab bahoridan saboq chiqarishga chaqirgandi.

"Muloqot"

AQSh Davlat Kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi avvalroq Prezident Islom Karimov tomonidan qabul qilingan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama etilgan.

Janob Bleykning O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvlarda inson huquqlari masalasini ko‘tarib-ko‘tarmagani noma‘lum.

Uning o‘zi Toshkentdagi AQSh elchisining qarorgohida nodavlat faollari bilan o‘tgan uchrashuvda rasmiylar bilan muzokaralari tafsilotlari haqida gapirmagan.

Yuqori martabali AQSh diplomatining tashrifi arafasida taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov qamoqdan ozod etilgan.

Mahalliy huquq faollari 1999 yilgi Toshkent portlashlarida ayblanib, qamalgan yozuvchining 14 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqarilishida AQSh diplomatiyasining roli borligiga shubha qilishmaydi.

Robert Bleyk bilan uchrashuvda ishtirok etgan huquq faoli Surat Ikromov AQSh mulozimidan O‘zbekiston qamoqxonalarida qolayotgan 30 nafar ko‘zga ko‘ringan siyosiy mahbuslarning hammasini ozodlikka chiqarishda ko‘mak berishlarini so‘raganliklarini aytdi.

Uning BBCga aytishicha, janob Bleyk davlat va nodavlat faollari o‘rtasida inson huquqlari yuzasidan muloqotni yo‘lga qo‘yish ehtimollari haqida gapirgan.