BMT O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvolini muhokama qildi

Image caption O‘zbekiston hukumati har to‘rt yilda bir bor BMT Inson huquqlari kengashida inson huquqlariga oid vaziyat haqida hisobot beradi.

"O‘zbekistonda siyosiy mahkumlar yo‘q, qiynoqlar qo‘llanilmaydi, bolalar majburiy mehnatidan foydalanilmaydi, matbuot cheklanmaydi va diniy erkinliklar toptalmaydi."

Bu suzlar bugun Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashida O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni muhokama etish chog‘ida O‘zbekiston rasmiy hay‘ati tomonidan yangradi.

O‘zbekiston Inson-huquqlari Milliy Markazi boshlig‘i Akmal Saidov yetakchiligidagi O‘zbekiston hay‘ati a‘zolari o‘z chiqishlarida mamlakatda inson huquqlarining himoya qilinishi, jumladan qiynoqlar, qamoqxonalardagi ahvol, bolalar mehnati va diniy tashkilotlarga oid BMT Inson huquqlari kengashi savollariga javob berdilar.

BMT Inson huquqlari kengashiga a‘zo davlatlar vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni baholadilar va O‘zbekiston hukumatiga o‘z tavsiyalarini berdilar.

"Alohida e‘tibor"

Akmal Saidovga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 6 millioni "u yoki bu darajada inson huquqlari sohasidagi ta‘lim bilan mashg‘uldir".

O‘zbekiston hay‘atining boshlig‘i shuningdek, inson huquqlariga oid 120 dan ziyod hujjat o‘zbek tiliga o‘girilganini ma‘lum qildi. "Barcha maktab va o‘quv yurtlarda inson huquqlari, ulardan bir qanchasida esa bolalar huquqlariga oid o‘quv kurslari tashkil etilgan. Shuningdek, huquqbonlik mavzusiga huquq-tartibot organlarida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash darajasida alohida e‘tibor qaratiladi" - dedi Akmal Saidov.

Qator mamlakatlar vakillari O‘zbekistonda matbuot erkinligi va yig‘inlar o‘tkazish huquqlari poymol etilayotganidan xavotir izhor etdilar.

Portugaliya namoyandasi mamlakatining O‘zbekistonda huqubonlar, jurnalistlar va muxolifat a‘zolarining ta‘qib etilishi, kaltaklanishi va uy qamoqlariga tashlanishi hollaridan "chuqur tashvish"da ekanini aytdi.

Britaniya vakiliga ko‘ra, O‘zbekistonda matbuotni erkin deb bo‘lmaydi.

"Huquq-tartibot idoralari fuqarolarga tinch namoyishlar o‘tkazishga izn bermaydi, ko‘plab axborot va muxolifat saytlariga to‘siq qo‘yilgan," - dedi Britaniya vakili.

AQSh vakili ham ayni tashvishlarni izhor etdi.

Biroq Akmal Saidov mamlakati "jurnalistning professional faoliyati kafolati haqidagi qonun deb nomlangan jahon parlamentarizmida betakror qonunga ega" ekanini aytdi.

Janob Saidovga ko‘ra, bu qonun jurnalist faoliyatiga oid barcha xalqaro me‘yorlarni o‘z ichiga olgan.

Akmal Saidov har yili matbuot kunida eng mohir jurnalistni taqdirlash maqsadida "oltin qalam" konkursi ta‘sis etilganini aytdi.

Qamoqxonalar ahvoli

Misr vakili o‘zbek hay‘atidan qamoqxonalar ahvolini yaxshilashga e‘tibor qaratishni so‘radi.

Estoniya, Slovakiya va Chernogoriya esa, O‘zbekistonga qiynoqlarga qarshi BMT konventsiyasini ratifikatsiya qilishga chaqirdi.

BMT Inson Huquqlari Qo‘mitasidagi Olmoniya vakili O‘zbekiston hukumatini qamoqxonalarda ahvolni yaxshilash maqsadida Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bilan hamkorliklarni qayta tiklashga da‘vat qildi.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi shu oy boshida O‘zbekiston qamoqxonalariga barcha tashriflarini bekor qilgandi.

Qo‘mita tarqatgan bayonotda aytilishicha, bunday qarorga tashrif shartlarining hurmat qilinmagani, jumladan, mahbuslar bilan qamoqxona sharoitlari borasida yakkama-yakka suhbatlashish imkoni berilmagani sabab bo‘lgan.

Olmoniya vakili O‘zbekiston hukumatidan Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi vakillariga hech qanday cheklovlarsiz qamoqxonalarga borishlari uchun shart-sharoit yaratishni so‘radi.

U, shuningdek, rasmiy Toshkentiga BMTning qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisini O‘zbekistonga kirishi uchun izn berishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Abdukarim Shodiyev esa O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘n yildan buyon joy yetmaslik muammosi yo‘qligini aytdi.

Unga ko‘ra, jazo koloniyalari 80 foizga to‘ldirilgan.

Irlandiya vakili, shuningdek, O‘zbek qamoqxonalarida "sistematik qiynoqlar" qo‘llanilayotganini bildirdi.

Irlandiya vakili O‘zbekiston hukumatini BMTning qiynoqlar bo‘yicha vakili 2003 yilda bergan tavsiyalarni hayotda joriy etishga chaqirdi.

Uning ilova qilishicha, O‘zbekiston inson huquqlari faollarini himoya qilish uchun amaliy choralarni qo‘llashi zarur.

Norvegiya vakili O‘zbekiston BMTda bergan oxirgi hisobotidan buyon o‘tgan to‘rt yil davomida inson huquqlariga oid qator normativ aktlarni qabul qilganini olqishladi.

Biroq u ham O‘zbekiston qamoqxonalaridagi shart-sharoitlarni "noinsoniy" deya baholadi.

Finlandiya vakili ham tergov izolyatorlarida gumondon shaxslarni qiynoqqa solish hollari saqlanib qolayotganidan xavotirda ekanini aytdi.

Uning talab qilishicha, O‘zbekiston mahkamalarida qiynoqlar ostida olingan ko‘rsatmalar qabul qilinmasligi kerak.

Portugaliya va Britaniya vakillari qamoqxonalardagi "og‘ir sharoitlardan" tashvishda ekanini aytishdi.

Akmal Saidov Irlandiya vakilini "sistematik qiynoqlar" iborasidan foydalanishdan tiyilishga chaqirgan.

"Bunday ta‘rif xalqaro tajribada umuman yo‘q. Bu mening so‘zlarim emas. Bu so‘zlar O‘zbekiston hay‘atiga BMTning qiynoqlar bo‘yicha sobiq ma‘ruzachisi janob Manfred Novak tomonidan yozilgan maktubda bitilgan", deb aytdi Akmal Saidov.

Qo‘shma Shtatlar vakili barcha siyosiy mahkumlarni ozod etishga chaqirdi.

"Siyosiy yondashuv"

Qator mamlakatlar vakillari O‘zbekistonda bolalar mehnatidan, ayniqsa paxta yig‘im-terimi paytida, keng foydalanish hollari saqlanib qolayotganidan xavotir izhor etdilar.

Finlandiya, Shvetsiya, Olmoniya va Vengriya vakillari rasmiy Toshkentdan paxta terimi paytida Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakilini O‘zbekistonga qo‘yishga chaqirdilar.

Biroq O‘zbekiston Mehnat va Ijtimoiy Muhofaza vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Alimuhamedov Xalqaro Mehnat Tashkiloti nozirlarini O‘zbekistonga kirishga izn berish chaqiriqlarini "siyosiy yondashuv" deya rad etdi.

U O‘zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik mehnatga oid qonunchilikni mustahkamlash va o‘quv-ta‘lim mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan cheklanishini ma‘lum qildi.

Olmoniya, Norvegiya va Niderlandiya vakillari esa O‘zbekistonda o‘tgan yilgi paxta yig‘im-terimi paytida yoshi o‘n beshga yetmagan bolalarni "sistematik va tashkillashtirilgan tarzda" paxtaga jalb qilish hollari kuzatilmaganini bildirdilar.

Biroq Olmoniya vakili yoshi 15 dan yuqori bo‘lgan o‘smirlarni mehnatga jalb qilish hollari hamon kuzatilayotganidan xavotirda ekanini aytdi.

Koreya vakili esa bolalar mehnatidan foydalanish hollarini butunlay to‘xtatish uchun O‘zbekiston hukumatiga nazorat mexanizmlarini kuchaytirishni taklif qildi.

Ammo O‘zbekiston hay‘ati boshlig‘i Akmal Saidov bolalar mehnati masalasida O‘zbekistonga qarshi "maxsus kampaniya" tashkillashtirilganini da‘vo qildi.

"Bu kampaniya salmoqli darajada jahon iqtisodiy bozoridagi nohalol raqobat natijasidir. Umuman olganda, buni barcha xalqaro ekspertlar e‘tirof etishadi. O‘zbek paxtasining reytingi dunyo bozorida o‘sib borayotgani uchun ham, janob Alimuhamedov aytmoqchi, sof iqtisodiy raqobatning g‘arb shirkatlari tomonidan siyosiylashuvi natijasidir", dedi Akmal Saidov.

"Milliy manfaat"

BMT Inson huquqlari kengashining ba‘zi a‘zolari, jumladan Olmoniya, Portulagiya va Marokash vakillariga ko‘ra, O‘zbekistonda nohukumat tashkilotlarini ro‘yxatga olish hamon qiyinligicha qolmoqda.

Polsha vakili esa O‘zbekiston hukumatidan siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olishda mavjud cheklovlarni olib tashlashni so‘radi.

O‘zbekiston Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Yesemurat Kanyazovning javob berishicha, O‘zbekistonda barcha nodavlat tashkilotlari davlat tomonidan ro‘yxatga olinishi zarur.

"Bu barcha yuridik shaxslarga tegishlidir. Nohukumat tashkilotlarini ro‘yxatga olish - xoh ular tijoriy, xoh notijoriy - murakkab emas, deb o‘ylayman. Lekin, shunga qaramay, bu masalani ko‘rib chiqayapmiz. Xususan, davlat to‘lovlarini kamaytirish. Bunga ilovatan, ba‘zi nohukumat tashkilotlariga imtiyozlar berilgan. Nogironlar, bolalar va ayollar nohukumat tashkilotlari davlat to‘lovlarining faqat 20 foizini to‘lashadi, xolos," dedi Yesemurat Kanyazov.

O‘zbekiston hay‘atining raisi Akmal Saidov ilova qilishicha, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlar faoliyati man‘ qilingan.

"O‘zbekiston qonunlarida uch turdagi faoliyat taqiqlangan. Missionerlik, prozelitizm va ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlar. Bu bizning milliy manfaatlarimizga javob beradi," - deb aytdi Akmal Saidov.

Ayollar muammolari

Irlandiya vakili O‘zbekistonda ayollarni ularning ixtiyoriga qarshi sterilizatsiya qilish hollari saqlanib qolayotgandan tashvish izhor etdi.

Yaponiya vakili esa O‘zbekistonni yosh qizlarni turmushga uzatish tajribasidan tiyilishga chaqirgan.

Biroq, o‘zbek xay‘ati vakiliga ko‘ra, O‘zbekistonda 17 yoshida turmushga chiqish hollari bir foizni ham tashkil etmaydi.

Eron, Shri-Lanka va Malayziya vakillari O‘zbekistondan ayollar savdosini bartaraf etishga qaratilgan choarlarni kuchaytirishni so‘rashgan.

Nigeriya vakili ayollarni tahqirlovchi tajribalarni yo‘q qilishga chaqirgan.

Qo‘shnilar xayrxohligi

Qozog‘iston va Turkmaniston vakillari O‘zbekiston inson huquqlari va iqtisodiy sohalarda "yutuqlar"ga erishganini aytdilar.

Ikkalma qo‘shni davlat vakillari tanqiddan holi chiqishlarida O‘zbekistonni ayni yo‘nalishda davom etishga undadilar.

Rossiya vakili O‘zbekistonga "inson huquqlari sohasida huquq-tartibot va mahkama organlari xodimlari bilimini oshirish"ni tavsiya qildi.

U shuningdek xalqaro vazifalarni hayotga tatbiq etish uchun O‘zbekistonga ichki qonunlarni mukammallashtirishni, "irqchilikning har qanday ko‘rinishi, ksenofobiya va toqatsizlikka faol qarshilik ko‘rsatish"ni so‘radi.

Ukraina vakili siyosiy partiyalar va parlamentni kuchaytirishni taklif qildi.