Shinjon Uyg‘uristonidagi zo‘ravonlikda 20 dan ortiq inson halok bo‘lgan

Xitoyning davlat nazoratidagi matbuoti tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, Shinjon Uyg‘uristonning Qoshg‘arida politsiya bilan uyg‘ur "qurolli guruh" o‘rtasidagi to‘qnashuv oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan.

Rasmiy Shinjon ma‘muriyatining web-saytiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 15 nafari politsiya xodimi va rasmiy bo‘lgan.

Hodisaning Qoshg‘arning Bachu tumanida seshanba 23 aprel kuni ro‘y bergani xabar qilinmoqda.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, jamoa xodimlari qurol-yarog‘ qidirib uylarda tintuv o‘tkazayotgan payti "qurolli banda" hujum qilgan.

Uch jamoa xodimi "mahalliy rezidentning uyida shubhali shaxslar va pichoqlarni aniqlaganlaridan keyin ular garovga olingan", deyiladi Shinjon ma‘muriyati web-saytidagi xabarda.

"Politsiya zobitlari va jamoa rasmiylari hodisa joyiga shoshilganlar. Gumondorlar ularga hujum qilib o‘ldirganlar. Ular, shuningdek, garovda ushlab turgan jamoa xodimlarini ham o‘ldirganlar, uyga o‘t qo‘yganlar", deyiladi rasmiy xabarda.

Politsiya olti gumondorni otib o‘ldirgani va sakkiz kishini qo‘lga olgani xabar qilingan.

BBC muxbiri Shinjondan kelayotgan xabarlarni tasdiqlatish juda qiyinligini aytadi.

Biroq Xitoy rasmiylari hodisani "terrorchilik xuruji" deb ataganlar.

Rasmiy xabarda gumondorlar shaxsi haqida ma‘lumot berilmaydi, biroq xorijdagi Uyg‘ur faollari ushbu zo‘ravonlikda Xitoy hukumatini ayblaganlar.

Oxirgi yillarda mahalliy Uyg‘urlarning xavfsizlik kuchlari, xitoylik Hanlarga qarshi hujumlari haqida bir necha marta xabar qilingan.

Jahon Uyg‘urlari Kongressi so‘zchisi Dilshod Rashidning aytishicha, aslida hukumat "qurolli shaxslari" tozalash kampaniyasi payti bir yosh Uyg‘urni o‘ldirishgan.

Bundan g‘azablangan Uyg‘urlar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

Uyg‘urlar Shinjon aholisining 45 foizini tashkil etadi, biroq bu hududlarda xitoylik Hanlar soni ortib borayotgani etnik to‘qnashuvlarga yetaklayotgani aytiladi.

Xorijdagi Uyg‘urlar Xitoy hukumatini Shinjondagi aholi tarkibini tub aholi bo‘lmagan Hanlarni bu joyga ko‘chirib olib kelish bilan o‘zgartirishga intilayotganlikda ayblaydilar.

Pekin rasmiylari Uyg‘urlarni Shinjon mintaqasini ajratib olishga intilayotganlikda ayblaydi, biroq Uyg‘ur faollari Pekinni o‘zining qatag‘on siyosatini oqlab ko‘rsatish uchun turkiy musulmonlarni yomonotliq qilayotganlikda ayblaydi.