Nahang "Barsa" va "Real"ga nima bo‘ldi, O‘zbekistondan munosabat

Har ikki Ispaniya nahanggi - ham "Barselona" va ham "Real"ning bu yilgi Chempionlar ligasi final bosqichiga chiqish imkoniyatlari qil ustida qoldi.

Dastlabki yarim final uchrashuvini "Barselona" "Bavariya"ga 0:4, "Real" "Borussiya"ga 1:4 hisobida boy berdi.

Bu ikki qudratli jamoaning olmon klublaridan bu kabi yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashi jahon futbol ahli uchun ham kutilmagan bo‘lgani tayin.

Aksariyat futbol mutaxassislarining birdek e‘tirof etishlaricha, olmon jamoalarining bu qadar muvaffaqiyatlari Ovro‘po futbolida gegemonlik Olmoniyaga o‘tayotganini ko‘rsatadi.

Bunga oddiy faktlarning o‘zi ham dalolat qilayotgandek:

Deylik, "Barsa" 1997 yildan buyon Ovro‘po miqyosidagi turnirlarda bu kabi yirik hisobda mag‘lubiyatga uchramagan. Ispan jamoasi o‘sha yili Kiyevning "Dinamo"siga xuddi shunday hisobda yengilgan.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, Chempionlar ligasi tarixida biror bir jamoa dastlabki uchrashuvini 4 yoki 5 to‘p farqi bilan yutqazib, keyingi bosqichga chiqa olmagan.

Murabbiysi Joze Mourino boshchiligi ostida ketma-ket uchinchi bor Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, "Real" ham uchinchi bor yarim finaldan pastga qulash xavfi ostida qolgan.

O‘zbekistondan munosabat

O‘zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimovning aytishicha, Chempionlar ligasi dastlabki yarim final uchrashuvlari o‘zi qatori O‘zbekiston futbol ahlini ham befarq qoldirmagan.

Birodar aka bilan suhbatimizdan ayon bo‘lishicha, ko‘pchilik Ispaniyaning "Barselona"siga ishqibozlik qilgan va uning g‘alaba qozonishini kutgan.

Ammo, unga ko‘ra, dastlabki yarim final uchrashuvlari ortidan, "Ko‘pchilik hozir eng kuchli jamoa deb, "Bavariya"ga tan bergan va unga o‘z ovozini berayapti".

Birodar akaning aytishicha, urgan to‘rttadan gollari olmon jamoalarini deyarli finalga olib chiqib bo‘lgan va o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining aksariyati finalda "Bavariya" g‘alaba qozonadi, degan o‘ydalar:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Eslatib o‘tamiz, "Real" "Borussiya"ga qarshi yarim final bellashuvlarining javob uchrashuvini 30 aprel, "Barselona" esa, "Bavariya"ga qarshi 1 may kunlari o‘tkazishadi.