Nazarboyev Afg‘onistondan NATO qo‘shinlari chiqib ketishidan cho‘chimaydi

Image caption "Butun dunyoda bo‘layotgani kabi bizning mintaqamizga ham o‘zgarishlar kelayapti", degan janob Nazarboyev.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev aytishicha, NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan hech qanday fojea yuz bermaydi.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zgarishlar pallasida turibdi.

"Markaziy Osiyodagi bizning mintaqaga, dunyoda bo‘layotgani kabi o‘zgarishlar davri kelayapti. Shu jihatdan mintaqaviy xavfsizlik masalasi juda ham dolzarb. Shuni aytmoqchimanki, NATOning Afg‘onistondan 2014 yilda chiqib ketishi ortidan ortga aylanuvchi taymer qo‘shilgani yo‘q. Mintaqamiz uchun hech qanday fojea sodir bo‘lmasligiga aminman", - degan Nursulton Nazarboyev.

Prezident Nazarboyev aytishicha, Markaziy Osiyo Xudo tomonidan unutilgan joy emas, balki yangi va dinamik mintaqadir.

2014 yili Afg‘onistondan AQSh boshchiligidagi NATO kuchlari chiqib ketishi ortidan mutaxassislar mintaqada xavfsizlik masalasi keskinlashinini bildirishadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston maxsus kuchlariga tayangan ekspertlar Afg‘onistondagi jangarilar 2014 yildan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlariga xavf solishi mumkinligini ta‘kidlab kelishadi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Rasul Jumali Prezident Nazarboyev tomonidan tinchlantirishga yo‘naltirilgan bu kabi bayonotlarni tushunishini aytadi.

"Davlat rahbarining vazifasi odamlar orasida osudalikni saqlash. Ammo NATO kuchlari chiqib ketishi ortidan vaziyat prezident aytayotgandek oson emas. Vaziyat ancha murakkab. Ma‘lum xavotirlar nafaqat Qozog‘istonda, balki mintaqaning boshqa davlatlatlari, ayniqsa O‘zbekistonda ham bildirilmoqda. Agar AQSh qo‘shinlari butkul Afg‘onistondan olib chiqilsa, qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi tayin", - deydi Rasul Jumali.

Tolibonning bundan 10 yil oldingi asosan pashtunlardan tashkil topgan guruhga o‘xshamasligini va bugunga kelib turli millat va kuchlarni birlashtirgan qurolli kuchga aylangani aytiladi.

Tolibon qudratga keladigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlariga u yo da bu darajada ta‘sir o‘tkazishi mumkin.

Ayniqsa, tarkibida Markaziy Osiyo va Qofqoz fuqarolaridan tashkil topgan turli guruhlar mintaqada o‘z manfaatini himoya qilishga jadal kirishishi mumkin.

Siyosatshunos Rasul Jumaliga ko‘ra, mintaqa davlatlari bunday paytda birgalikda harakat qilishi orqali o‘z manfaatlarini yakdil himoya qilishi mumkin.

Lekin ShHT, KXHShT, NATO kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotganda ushbu davlatlarning geopolitik manfaatlari yo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolmasligi kerak.

"Mintaqa davlatlari Afg‘onistonga nisbatan o‘zning muvozanatli siyosatini yuritishi lozim. Va Afg‘onistonda shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotgan kuchlarning qo‘g‘irchog‘i bo‘lib qolmaslik kerak. Afg‘oniston bizning qo‘shni davlatimiz va bilan munosabatlar milliy manfatlarni ko‘zlagan holda amalga oshiriladi", - deydi Rasul Jumali.

Siyosatshunosga ko‘ra, Afg‘oniston hukumatiga ko‘pchilik xalq qo‘llovchi qanday kuchlar kelishidan qat‘i nazar, Qozog‘iston bu hukumat bilan hisoblashishi kerak.