Bangladesh: qulab tushgan binoda bo‘lgan yuzlab odamlar hali bedarak

Bangladesh rasmiylariga ko‘ra, poytaxt Daka yaqinida 8 qavatli binoning qulab tushishi oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 273 nafarga yetgan, yana yuzlab odamlar bedarak qolmoqda.

Kiyim-kechak fabrikalari joylashgan bino vayronalari ostidan payshanba kunidan beri 40dan ortiq kishi qutqarilgan.

Bosh vazir Shayx Hasina bugun jabrlanganlar ruhi uchun tilovat qilishga chaqirgan.

Halokat norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan, ishtirokchilar binolardagi xavfsizlik andazalari talabga mos emasligidan g‘azab izhor qilishgan.

Payshanba kuni Bangladesh Kiyim-kechak ishlab chiqirish uyushmasi qarorgohi tashqarisida namoyishchilar va politsiya to‘qnashgani bois ayrim yo‘llar bekitilgan.

Norozilik namoyishlari juma kuni ham davom etayotgani aytiladi.

"Vaziyat o‘ta notinch...Biz to‘planganlarni tarqatish uchun rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladik", deb aytgan politsiya zobitlaridan biri.

Politsiyaning aytishicha, bino xo‘jayini hafta boshlarida yoriqlar paydo bo‘layotgani borasidagi ogohlantirishlarni bee‘tibor qoldirgan.