Salomat Vafo: "Men erotik yozuvchi emasman. Men eng millatparvar yozuvchiman"

Image caption Salomat Vafo o‘zbek kitobxonlari dilidan o‘rin olgan zamonaviy yozuvchilardan biri

BBC mehmoni - taniqli yozuvchi Salomat Vafo.

Salomat Vafo "Farida", "O‘zini izlayotgan ayol", "Ko‘ngil farishtasi", "Tilsim saltanati", "Ovoraning ko‘rgan kechirganlari", "Poyezd", "Muqaddas manzil", "Ustyurt", "Tutilgan oy" va boshqa asarlari bilan o‘zbek kitobxonlari tiliga tushgan.

Uning 2004 yilda nashr qilingan "Tilsim saltanati" romani O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi qarshiligiga uchrasada, "Yilning eng yaxshi romani" deb tan olingan va rus tiliga ham tarjima qilingan.

Kitobda Orol dengizi bo‘yida yashagan jangchi ayollar - amazonkalar jamiyatidagi erkak-ayol munosabatlari tasvirlanadi. Unga qarshiliklar erkak va ayol o‘rtasidagi intim munosabatlar tadqiq qilinganligi uchun yuzaga kelgan.

Yozuvchining yana bir mubohasali asarlaridan biri "Poyezd" hikoyasidir.

Hikoya O‘zbekistonda chop etiluvchi "Ma‘rifat gulshani" gazetasining o‘tgan yil fevral oyida chiqqan sonida qattiq tanqid ostiga olindi.

"...izm"lardan "Hirsizm"ga yohud adabiyotdagi axloqsizliklar" nomli maqola muallifi Dilfuza Komilova yozuvchini "ayollikning dilbar dunyosiga putur" yetkazishda ayblaydi. Muallif, shuningdek, hikoyadagi giyohvandlar orasida yuz beradigan o‘zaro suhbatni o‘zbekchilikka qilingan haqorat deya talqin qilgan.

"Poyezd" hikoyasida bosh qahramon Sabohat Kamolning poyezdda uzoq safari chog‘ida ko‘rgan-kechirganlari tasvirlanadi. Bosh qahramon sovuq vagonlardagi xamrohlarining qiliqlaridan qochib boshpana topishga urinadi. Asardan fohishalar, giyohvandlar, betob qori bilan suhbatlar, murdalar va tushidagi ona obrazlari o‘rin olgan.

Salomat Vafo mazkur tanqidiy maqolada qo‘llanilgan iboralardan norozi bo‘lib, ma‘naviy zarar da‘vosi bilan Toshkentda mahkamaga shikoyat qilgan.

Yozuvchining aytishicha, mahkama ishi ikki bora to‘xtatib qo‘yilgan. Ko‘p o‘tmay "Ma‘rifat gulshani" gazetasi butkul yopilgan. Mahkama ishi natijasiz qolmoqda.

Adiba 1962 yil 20 yanvarda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.

U 1997 yildan beri O‘zbekiston teleradiokompaniyasining "Yoshlar" kanalida katta muharrir bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda.

2004 yilda "Paxta ishi" ko‘rsatuvi uchun adiba "Eng buyuk va eng aziz" yillik mukofotiga sazovor topilgan.

Salomat Vafo tinglovchilarimiz va saytimiz o‘quvchilaridan kelgan savollarga javob berdi.

Assalomu alaykum, Salomat opa. Sizda yozuvchi bolalik davrida qanday shakllangan? Menga tabiatni, insonlarni tasvirlashingiz yoqadi. Qizaloq vaqtingizda qanday edingiz, rosa sinchkovmi? Bolalingizni tasvirlab bering. Rahmat. Ollohdan uzoq umr tilayman. Sharofat Avazova, Kanada

Salomat Vafo: Katta rahmat. Mening bolaligim haqidagi javoblarim ko‘pincha eshitguvchilarni biroz hayratga soladi, chunki men bolaligimda juda yomon qiz bo‘lganman-da. Yomon desam bo‘lmaydi, nima desam ekan, qaysar, o‘jar bo‘lganmanmi deyman-da. Uyimizda olti farzand voyaga yetgan. Xudoga shukur, hamma aka-ukalarim o‘qib, oliy ma‘lumotga ega bo‘lishgan. Rahmatli onajonim qishloq muallimasi, fuqarolar uyushmasining raisasi bo‘lganlar. O‘sha davrning ilg‘or ayollaridan bo‘lganlar, ot ham minganlar, mashina ham haydaganlar. Onam Xorazmning mag‘rur bir ayoli bo‘lganlar. Onajonim biz kichikligimizda ko‘p ishlaganlar. Biz bolaligimizdan, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, qishloqning barcha mehnatini ko‘rib ulg‘ayganmiz. Xorazmda tong juda erta otadi, qishloq odamlari quyosh bilan uyg‘onishadi. Men bolaligimda Orol dengiziga borib ko‘rmaganman, lekin o‘zim ko‘rgan qumlar, Amudaryo, Sulton Vays tog‘i, yonimizdagi cheksiz dalalar - hammasi ruhiyatimga ta‘sir qilgan. Bilmadim, insonning ijodkorligi bolaligidan ma‘lum bo‘ladimi. Otam Matyoqub ota, umrlari uzoq bo‘lsin, hozir 75ga kirganlar, aytardilar "Salomat, san nima uchun boshqalar qiziqqan narsalarga qiziqmaysan?" Hamma singillarim to‘quvchilik qilishardi, jo‘rroplar (paypoqlar) to‘qishardi, gullar o‘stirishardi-da, men hech narsa qilmasdim-da. Men kitob o‘qirdim. Otamning nazarida men dunyodagi eng qaysar, betga chopar qiz bo‘lganim uchun, juda ko‘p kaltak yeganman. Hozir ham eslab, kulishamiz. Pastda menga umuman joy bo‘lmasdi, singillarim ko‘rib darrov chaqib berishardi "Ana opam kitob o‘qiyapti ish qilmasdan" deb. Men ulardan bekinib, xorazmcha "uchak" deydi, tomga chiqib olardim. Tomda bekinib o‘tirardim, onam bechora chaqirsalar ham, indamasdan kitob o‘qib o‘tirardim. Uzr, batafsil eslayapman, balki bu olis-olisda yashayotgan yurtdoshlarimiz uchun qiziqarliroqdir. Chunki men ham, to‘ppa-to‘g‘ri Salomat Vafo bo‘lib, yaxlit, mukammal odam bo‘lib osmondan tushmaganman. Men ming-minglagan o‘zbek ayollari, qizlari ko‘rgan-kechirganlarini ko‘rganman, qilgan mehnatlarini qilganman, dalada ishlaganman... Bir voqeani eslayman, tandirga olov yoq deyishgan. Lekin, kitob o‘qib o‘tirib tandir esimdan chiqib ketibdi. Qishloqda bir tog‘ora xamir oshiriladi, ko‘p non yopiladi, Xorazmning cho‘raklari. U xamir achib, oshib, toshib ketgan. Men esa kitob o‘qib o‘tiraverganman. Bir mahal, dunyoning baxtsizligi menga bo‘lib, otam qayerdandir kelib qolganlar. Xamirni olib borib berishni aytishganda, qarasam, o‘t yoqmaganman. Otam ikkalamiz muchaldoshmiz - ular ham yo‘lbars. Shundoq qo‘limdagi bibliotekani kitobini olib, gurullab yonayotgan olovga tashlavorganlar-da. Bu butun umr esimdan chiqmaydi. Ko‘zyoshlarim bilan olovni atrofida aylanganman. U yerda ham meni kaltaklashgan, qochib yurganman... Xullas, mana shunday voqealar ko‘p bo‘lgan.

BBC: Non ham boshqacha yopilgan bo‘lsa kerak, olovdagi kitob bilan.

Salomat Vafo: Haa, kitobdagi bir-bir yongan qiyofalar, qalblar u nonni juda boshqacha qizartirgan bo‘lsa kerak. Unday voqealar ko‘p bo‘lgan. Men absolyut idealizmning tarafdori emasman. Shuning uchun, bir baxtsiz bolalik bo‘ldi deb aytolmayman-ku, qandaydir boshqacha yashashni istagan oddiy bir o‘zbek qizining bolaligi. O‘sha qishloqdan qochib ketish uchun hatto bir marta nina yutvorganman. O‘smir edim o‘shanda. Shunday qiz bo‘lganman. O‘zim insonning hayotiga qasd qiluvchi omillar bilan ko‘p shug‘ullanganman, lekin, onam bechora aytardilar "Saning joning qattiq ekan, hech o‘lmagansan, endi umring uzoq bo‘lsa kerak" deb. Uzr, shu tafsilotlarni aytayapman, "men tonglarni sut-qaymoqlar bilan kutardim" degan chiroyli gaplarni aytmasdan. Xorazmlik ayollar biroz ochiqroq, biroz qo‘polroq bo‘ladi-da, lekin vaqt o‘tgan sari tog‘larni, quyoshning nurini tepaga ko‘tarilgan sari odamlar ko‘rganidek, meni ham asarlarimni o‘qib, odamlar mening qalbimni, dunyomni muxlislarim anglagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Salomatxon siz Xorazmda tug‘ilgansiz. Shu ma‘noda o‘sha yerda tug‘ilgan va bugun oramizda bo‘lmagan Bahodir Sodiq, Matnazar Abdulhakim¸ Ullibibi Otayeva kabi ijodkorlar ijodiga munosabatingiz. Ikkinchi savol¸ Xorazmda tug‘ilgan ammo undan ketib qolgan Omon Matjon¸ Muhammad Solih¸ Bahrom Ro‘zimuhammad kabi shoirlarning respublika masshtabiga chiqish va yahshi menedj qilinib obro‘ topishi sizningcha mahalliy biqiq muhitda daraxt kamol topmaydi degan mujdani beradimi. Rahmat oybika. Polvon Jummi, Xiva Polvonyop

Salomat Vafo: Matnazar og‘aning shunday satrlari bor:

Tegramda aylandi necha fasllar, Necha bir asrlar shamoldek yeldi. Men ko‘ngilma-ko‘ngil, men qalbma-qalb Seni ko‘rish uchun o‘tmish qa‘ridan keldim.

Men ustozimiz Matnazar Abdulhakim, Ullibibi Otayevalar bilan gaplashganman, suhbatlashganman. Ullibibi opa Xorazmning haqiqiy siymolarini namoyon qilgan ayol edilar. Juda qalblari katta shoira edilar. Bugun oramizda bo‘lmagan shoir va ijodkor do‘stlarimizga Xudoning rahmati yog‘ilsin. Men hamisha ustozlarimiz oldida, ayniqsa Xorazmning ulug‘ bir faylasuf qalb egasi, Xorazmning buyuk farzandi Matnazar og‘aning ijodi qoshida ta‘zim qilaman, chunki u kishining ijodini o‘qib biz, masalan, Bahrom Ro‘zimuhammad, o‘zim, mendan keyin kelayotgan Go‘zal Begim, Go‘zaloy Matyoqubova, Davron Rajab va boshqa yana ko‘plab shoir yozuvchilar, uzr shular hozir esimda borlari, ustozlarning ijodlarini o‘qib, Omon Matjonning ijodlarini o‘qib kamolga yetganmiz. Matnazar og‘aning hatto Xorazmcha yozilgan she‘rlari bor:

Yur idazora, jilli bo‘loli, Idazora getib jilli bo‘loli.

Shunday dostonlaridan parchalarni bilaman. "Mani qalbim Qolajiqdin yonodi" deganlar. Xivaning yonida Qolajiq tuz ko‘li bor. O‘shani obraznыy qilib berganlar. Afsus, judayam yosh ketdilar. Shu odamlar o‘z yaratgan asarlari bilan millat qalbida juda katta qasrlar qurib ketganlar, ularni qadimiy Xorazmning gujumiga o‘xshataman. Bu buyuk asrlarga ta‘tigulik gujum, uning soyasida hali ko‘p odamlar o‘tiradi, avlodlar o‘tadi. Men ustozlarimiz ijodi qoshida o‘zimni juda mas‘uliyatli his qilaman. Kelayotgan avlodlarimizga ularni albatta yaxshi o‘qib, o‘rganishini tavsiya qilardim. Endi, mahalliy muhitda ijodkorlar o‘sib yetisholmaydimi, degan savolingizga keladigan bo‘lsam, o‘ylaymanki, ma‘lum bir ma‘noda Xorazmning jo‘g‘rofiy jihatdan uzoqligi ham bunga ta‘sir qilsa kerak-da. U yer o‘z holicha bir yurt, o‘zga bir o‘lka-da. O‘zining yozilmagan qonunlari o‘sha jazirama saratoni va qahraton qishiga o‘xshagan. U yerda yashash ham, ijod qilish ham qiyin. Ayniqsa, bugungi bozor iqtisodiyoti talablari hukmron bo‘lgan hayotimizda o‘sha o‘lkalarda yashab ijod qilish, aytaylik, bir ayol kishi uchun oson emas. Hozir ham ko‘plab dugonalarimiz, masalan, Yozuvchilar Uyushmasining raisi Gavharjon Ibodullayeva boshliq bir-ikkita shogird qizlar, shoir ukalarimiz borki, Xorazmda turib ijod qilishadi. Ularga oson emas. Lekin, Xorazm xalqining tabiatiga ham bog‘liq bu. Masalan, matbuotida, televideniyesda ma‘lum darajada, Toshkentga, yo boshqa viloyat gazeta-jurnallariga qaraganda, ochiqlik, tanqidiy ko‘z bilan qarash bor. Bir borganimizda televideniyesini ko‘rib hayron qolgandim. Ularning televizion jurnalistlari militsiya mahkamasini olib tanqid qilishayotgandi. Orol muammosi bo‘yicha ham dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqqanlar. Bizning tengdoshlarimiz, Bahrom Ro‘zimuhammad, men, va oldinroq Omon akalar universitetni bitirganimizdan keyin taqdir taqozosi bilan qolib ketganmiz. Men kechki bo‘limda o‘qiganman. O‘zingiz bilasiz, qishloqdan qochish tarafdori bo‘lganim uchun, qochishga muvaffaq bo‘lganman. Ko‘p odam tashlab ketgan o‘qishni, o‘sha paytlar kechki o‘qish juda qiyin bo‘lardi. Shularga qaramasdan, chidab, haligi, Xorazmcha aytganda, yiqilib-surilib, o‘zim yig‘lab, o‘zim turib, keyinroq ishlab, o‘qiganman.

BBC: Xorazmda ijod qiladigan shoir va yozuvchilarni sanab o‘tdingiz. Demak, o‘sib yetishish uchun Toshkentga kelish shart emas, demoqchimisiz?

Salomat Vafo: Yo‘q, unday demoqchi emasman. Bizning eng ko‘zga ko‘ringan ijodkorlarimiz - Matnazar og‘a, Oshiq Erkin, Gavharjon bor... Bilasizmi, hatto Yozuvchilar uyushmasidayam, viloyatlardagi mahalliy shoir-yozuvchilar ijodiga, ma‘lum bir darajada, ikkinchi darajali deb qaraladi-da. Toshkent endi markaz bo‘lganidan keyin, hamma shu yerda, tanqidchilar ham, radio va televideniye, matbuot nashrlari, nashriyot uylari shu yerda joylashgan. Bu yerga kelgan ijodkorlar osonroq yuzaga chiqa oladi. Viloyatlarda yuzaga chiqish qiyinroq. Men ochig‘ini aytishim mumkin, juda-juda talantli yosh qiz-yigitlar bor, nafaqat Xorazmda, boshqa viloyatlarda, Qoraqalpoqda, Qashqadaryoda. Ijodkor hech qayerda oson yashamaydi. Ularning yo‘l chiptasiga ham puli yo‘q. Kelib qanday yashaydi bu yerda? Qayerda turadi ular? Shu taraflari bilan aytsam, bugun yuzaga chiqish yanayam qiyinroq deb o‘ylayman.

Assalom Salomat opa! "Poyezd" hikoyasi nima maqsadda yozilgan? Umuman adibda maqsad bo‘lishi kerakmi yoki maqsadsiz ham asar bitsa bo‘ladimi? Bir suhbatda "tanqidchilar to‘g‘ri tushunmabdi" degansiz. O‘zi bu hikoyangizda qanday simvolika bor? Masalan, oxiridagi ona obrazi nimadan ishora? Sizga ijodiy yutuqlar tilab, Hosiyat, Bornmut, Britaniya

Salomat Vafo: Bilmadim, dunyoda 6-7 milliard odam yashaydigan bo‘lsa, ularning birontasi qalb va taqdir ma‘nosida bir-biriga o‘xshamagani singari, yozuvchilar ham bir-biriga o‘xshamaydi. Men "Poyezd" hikoyasini yaratishda oldimga biron bir maqsad qo‘ymaganman, men mana shuni ochishim kerak, deb. O‘ylaymanki, u shunaqa bir holatki, ma‘lum vaqtlarda ma‘lum narsa dunyoga keladi, farzandga o‘xshab. Simvolika haqida aytadigan bo‘lsam, men dunyoda darbadar kezib yurgan bir ayol, dunyoda o‘z joyini topa olmayotgan ayolni ko‘rsatganman. Esingizda bo‘lsa, u yerda besh-oltita kupelar bo‘ladi. O‘sha kupelarda hayotning har xil qatlamini ko‘rsatishga harakat qilganman. Inson jamiyatda o‘z o‘rnini topishi juda og‘irligini ko‘rsatishga harakat qilganman-da. U real narsa emas, simvolika qilib olganman. Ona obrazi esa ko‘pgina hikoyalarimda bor, Onani men butun millatlarni, ayollarni birlashtiradigan simvolik obraz ma‘nosida olaman, ba‘zan Vatan qiyofasida olaman. Bizda ko‘pincha "Vatan, vatan" deb qizil bir narsaga aylantirib yuborishgan, lekin u Vatan umuman boshqa-da, u Vatan insonning qalbida yashaydigan, uning shaxsi, insonligini va barqaror oyoqda turishini ta‘minlaydigan, tayanch nuqtasi bo‘ladigan manzil deb olganman-da.

Assalom alaykum. Siz o‘zbek adabiyotidagi "Ilk erotik yozuvchi" degan "unvon"dan faxrlanasizmi yoki uyalasizmi? Adabiyotimizga bunday yo‘nalishni olib kirishdan maqsadingiz nimada? Xususan, AQShning Ayova Universiteti saytida chiqqan "O‘zbekistonda erotik adabiyot" maqolangizdagi fikrlar, xususan bir asaringizda yoritilgan ochiq sahnalarni san‘atga yo‘yganingiz mamlakatimizda Ma‘naviyatga asoslangan jamiyatning rivojlanishida qanchalik muhim, deb o‘ylaysiz? Masud Mahsudov

Salomat Vafo: Shu savolni oldin ham mana shu yigit, muxlisimiz menga berganlar, esimda bor. Rahmat savollari uchun, o‘shanda ham bemalol javob berganman. O‘zimni erotik asarlar namoyondasi deb bilmayman. Men ochiq aytishim mumkin, men bir o‘z fikrini real bayon qilish imkoniga ega bo‘lgan odam, potentsial fikr, intellektga ega bo‘lgan odam sifatida aytmoqchimanki, o‘zimni ayol yozuvchilar ichida ham, erkak yozuvchilar ichida ham eng millatparvar yozuvchi hisoblayman. Real hayotimda ham, ijodimda ham shunday muammolarni ko‘tarib chiqqanman, hali o‘qib ko‘rishar. Men yaratgan asarlar ichida "Ustyurt", "Nomsiz kema", "Ertakka aylangan kun", "Arg‘imchoq", "Muqaddas manzil" kabi juda-juda ko‘p hikoyalarim borki, men ularda millatning, O‘zbekning dardini, Sovet mamlakatlari bo‘lingandan keyin chegaralarning har yog‘ida qolib sochilib ketgan, juda sho‘rish bir qismatlarga ega bo‘lgan, onasining o‘ligiga yetib borib uni ko‘ma olmagan millatning armonlarini yozgan odamman. Hatto o‘sha tomonlari bilan ham meni ko‘pincha, ayol kishiga xos bo‘lmagan qarashlarim bilan, ustozim Odil Yoqubov rus yozuvchilarga qiyoslagandi. "Salomatning prozasida ruslarning shafqatsiz bir prozasi bor" deb aytgandilar. U paytda men juda yosh qizcha edim. Undan keyin yanayam yovuzlashib ketgan bo‘lsam kerak. (Kuladi) O‘sha Ayovada qilgan nutqimga kelsam, bizga Ayovaga borishdan oldin 6-7ta mavzular berishgandi. O‘shalar ichida shu erotik mavzu ham bor edi-da. Menimcha, shuning uchun ajratib olishganki, sharq ayolining erotika haqida fikr bildirishi ularga juda ham erish tuyulgan-da. U-bu misollar keltirgandim. U yerda men boshqa yana beshta bo‘limga javob berganman, nima uchundir o‘sha erotika mavzusini alohida olishgan. Internetda mavjud bo‘lgan maqola butun ijodim davomida menga, ma‘lum bir darajada, qarshi dastak bo‘layapti. Men do‘stlar buni tushunishlari kerak deb o‘ylayman. Inson, ijodkor odam hamma jarayonlarni bosib o‘tib ko‘rishi kerak. Sovet davrida ijod qilgan o‘zbek ayoli odob, hayo, andishadan iborat hayot egasi degan ijodkorlardan mening farqim bo‘larmidiki, agar yana hamma narsani pardalab, bezab ko‘rsatganimda? Boshqacha fikrlaydigan odamlar ham bo‘lishi kerak jamiyatda. Hammaning fikrini bir qolipga solish judayam qiyin. Plyuralizm bo‘lishi kerak jamiyatda. "Tilsim saltanati"da ham simvollar bilan hikoya qilganman, undagi voqealar eradan oldingi to‘rtinchi, uchinchi asrda bo‘lib o‘tgan. Shunga ham e‘tiroz bildirishgan. O‘zbek adabiyotining ustunlari bo‘lgan tanqidchilarning birontasi menga unday unvon bermagan, lekin. Uzr, ukamiz, bilmadim, sal shoshdilarmi yo boshqami. Mayli, o‘zlarining fikrlari... Men ham boshqa ijodkorlar, shoirlar singari, "tong, shafaq, ko‘z yosh, muhabbat, ayriliq" deb yozib o‘tiraversam bo‘lardi, lekin, axir kimdir aytishi kerak-ku bu dardlarni, armonlarni. Olis Orol bo‘ylarida qiyinchiliklar bilan yashayotgan ayollar, chelak ko‘tarib suv qatnaydigan, uyida gazi yo‘q, elektri yo‘q, qish bo‘yi azob chekadigan, chirog‘i, o‘tini yo‘qligidan qiynaladigan odamlar dardlarini... Bu yil masalan, Xorazmning o‘tgan 20 ichidagi tarixida birinchi marta gazning o‘rniga deb ko‘mir tarqatilgan. Gaz umuman bo‘lmagan. Nechta million-million erkaklarimiz, ayollarimiz tirikchilik va‘jidan O‘zbekistondan tashqarida ming xil qiyinchiliklarga chidab, bolam-chaqam deb mehnat qilishayapti. Men shularni yozganman. Juda ko‘p hikoyalarim qahramonlari - shu odamlar. Juda ko‘plari halok bo‘lishayapti, o‘lishayapti. Yaqinda o‘zimning 20 yoshli mehnat qilishga borgan jiyanim Moskvada poyezd urib halok bo‘ldi. Bular ham xalqning armonlarini tashkil qiladigan narsalar.

Assalom Alaykum Salomat opa! Savolim quyidagicha. Sizning yozayotgan asarlaringiz xozirgi zamon bilan uyg‘unlikda aks etadi. Aytingchi nega hozirgi paytda tarixiy asarlar kam yozilayotir. Bunga adiblarimizning aqli, hoxishi yoki yana boshqa narsalar yetishmasligi deb o‘ylaysizmi??? Hojiahmad, Toshkent

Salomat Vafo: Tarixiy asarlarning kam yozilishiga sabab, birinchidan hozir noshirlarimiz sotiladigan asarlarni chop qilishadi-da. Shuning uchun ham, ko‘p yozuvchilarimiz tarixiy asarlar yozishmaydi. Bozorbop, bozor talabiga mos keladigan, sarguzashtlarni aks ettirgan asarlarni yaratishadi. Tarixiy asarni yozish qiyinroq. Ko‘p mashaqqat chekiladi. Tarixiy ma‘lumotlarni o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi. Lekin, shunga qaramasdan, ma‘lum bir tarixiy asarlar yaratilayapti o‘zbek adabiyotida. Masalan, Muhammad Ali ustozimiz tomonidan, yo boshqa yozuvchilar, masalan, Mashrab haqidagi tarixiy asarlarni o‘qiganman.

Assalom alaykum, Salomat opa! Avvalo ijodingizga baraka tilayman. Savolim shuki, hozirgi adabiy jarayonga umumiy qanday baho berasiz? Nima uchun Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar"i darajasidagi yoki hech bo‘lmasa O‘tkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi" darajasidagi asarlar yaratilmayapti? O‘tkir Hoshimov endigina asarlarini chop etganida Abdulla Qaxxorning unga yozgan maktubi, oq fotiha berganligini bilamiz. Nima uchun shunday yarq etib chiqayotgan yozuvchilar ko‘zga tashlanmayapti? Shoxjahon, Seul, Janubiy Koreya

Salomat Vafo: Menimcha, bunday deyish to‘g‘ri emas. O‘zbek adabiyotida yaxshi asarlar yaratilayapti. Abdulla Qodiriy, ustozimiz O‘tkir Hoshimov ijodini aytadigan bo‘lsak, ularning asarlarini keng omma tushuna oladi. Bizning adabiyotimizda keyingi davrlarda syurrealizm, absurd, yana o‘sha psixologik tadqiqotga ega bo‘lgan, lozim bo‘ladigan bo‘lsa, postmodern degan yo‘nalishlarda asarlar yaratilayapti. Bular insonning bevosita ruhiy olamini tadqiq qiladigan asarlar. Ko‘p yosh yozuvchilarimiz bu yo‘nalishda eksperimental tadqiqot ma‘nosida asarlar yaratishayapti va ular juda muvaffaqiyatli chiqayapti, deb o‘ylayman. Masalan, Nazar Eshonqul, Isojon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Luqmon Bo‘rixon, Zulfiya Qurolboy qizi, Mehriniso Qurbonova, ko‘p do‘stlarimizning asarlarini aytishimiz mumkin. Nazarning "Maymun yetaklagan odam" hikoyasi va Isojonning juda bir joziba bilan, xalqona yozilgan hikoyalarini bemalol jahon adabiyoti namunalari bilan tenglashtirish mumkin... Navoiyni tushunish haqida bizga ko‘p munozara bo‘ladi. Ya‘ni, Navoiyni tushunish uchun, Navoiy omma darajasiga tushishi kerakmi yoki omma Navoiyni anglashi uchun Navoiy darajasiga chiqishi kerakmi? Shundan kelib chiqib, bu masalaga ham, intellekt, badiiy saviya, did jihatidan yondoshish kerak. Lekin, o‘ylaymanki, yaqin orada o‘zbek adabiyotimizni dunyo taniydi va tan oladi.