"Yordamga muhtojlarga yordam yo‘q"

Image caption Ishsizlik baland o‘zbek qishloqlarida erkaksiz oilalar eng ko‘p qiynalishi aytiladi

"O‘zim ikkinchi guruhi nogironiman. Beshta bolam va ersiz singlimning ikki bolasiga qarayman" - deb o‘z sharoitini tushuntiradi Hazoraspdan Sanam-opa.

"Erim va singlim ish izlab Rossiyaga ketgan, hali bir so‘m jo‘natisholmadi. Keksa onam va mening nogironlik nafaqamizga qarab qolganmiz"

Sanam-opaga ko‘ra, u bolalarni boqishga qiynalib, bir necha bora mahalla qo‘mitalariga borsa, "sizlarga ko‘mak berilmaydi" degan rad javobi berishgan.

Uning prokuratura va boshqa rasmiy idoralarga qilgan murojaatlari ortidan bir marta ko‘mak ajratilgan, xolos.

Sanam-opa va unga o‘xshash boshqa ehtiyojmandlar yordam puli ololmayotgani haqida hiobot chiqargan "Najot" tashkilotiga ko‘ra, bunday holatlar Xorazmda ko‘plab topiladi.

Tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov Hazoraspdagi bir necha mahalla misolida fikirini asoslashga intilarkan, moddiy yordam ajratish jarayonida ta‘magirlik va qarindosh urug‘chilik avj olganini ta‘kidlaydi.

O‘zbekistonda mahalla qo‘mitalari yoki o‘z-o‘zini boshqarish organlari hozir ko‘plab vakolatlarga ega. Ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ajratish ma‘suliyati ham ana shu vakolatlar jumlasidan.

Lekin qator mahalla qo‘mitalari ishlashi bo‘yicha shikoyatlar oz emas. Ayniqsa, moddiy ko‘mak ajratish bobida.

"Mashinasi bor, o‘ziga to‘q odamlar yordam puli olishadi. Bizdek nigoron va kambag‘allarga hech nima berishmaydi" - deb ahvolni muxtasar tasvirlaydi Sanam-opa.

Mahalla va fuqaro

Mahalla qo‘mitalari shu kunlarda yangicha vakolatlarga ham ega bo‘lishmoqda.

Xususan, etikdo‘z, novvoy va yo sartarosh kabi kichik tadbirkor hamda hunarmandlar ham mahalla qo‘mitalari tarafidan dastaklanadi va mantiqan qaraganda, endi nazorat qilinishi ham mumkin.

Ammo ayni qadam amalda kichik tadbirkorlarning butunlay mahalla nazoratiga o‘tib qolishi, mahallaqo‘mlarda poraxo‘rlik va ta‘magarlik avj olishiga yetaklashi haqida xavotirlar bor.

Xususan, ko‘plarning qo‘rqishicha, hujjat to‘g‘rilash va yo kreditmi boshqacha moddiy dastakkami muhtoj kichik tadbirkorlar butunlay "mahallaqo‘m" istak-irodasiga qarab ish tutishga majbur bo‘lishi va bu voqelik poraxo‘rlikni kuchaytirishi mumkin.

Mahallalar azaldan to‘y-ma‘rakalar o‘tkazish, oilaviy mojarolarni mahkamaga yetkazmasdan adolatli hal qilish va ehtiyojmand xonadonlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi ishlarni bajarishda muhim o‘rin tutgan.

Lekin so‘nggi yilllari mahalla yetakchilari ko‘pincha odamlarni tekshirish va nazorat qilib borish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga olayotgani haqida fikrlar bor.

Ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatishi kabi vazifasiga kelganda esa, O‘zbekiston mahalla qo‘mitalari aholi vakillari tarafidan ilk bora tanqidga tutilayotgani yo‘q.