Osiyo Chempionlar ligasi: "Bunyodkor" chorak finalda

Safarda Janubiy Koreyaning "Poxang Stilerz"iga qarshi durang natija qayd etgan Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqdi.

Bu "Bunyodkor"ning o‘z tarixida uchinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqishi bo‘ladi.

Bunga guruhning "Sanfrechche Xirosima" va "Beytszin Goan" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham durang (0:0) natija qayd etilishi imkon berdi.

Aks holda, qaldirg‘ochlarning bugungi o‘yinda faqat g‘alaba qozonishlari taqozo etilardi.

Toshkentdan faxriy futbolsh sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, qaldirg‘ochlarning yutug‘i O‘zbekistonda katta xursandchilik bilan qarshi olingan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

So‘nggi uchrashuviga qadar "Bunyodkor" 5 uchrashuvdan 9 ochko to‘plab, o‘zi tushgan "G" guruhida yetakchilik qilib turgandi.

Yaponiyaning "Sanfrechche Xirosima" jamoasiga qarshi Toshkentda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvida esa, 0:0 durang natija qayd etib, qaldirg‘ochlar chorak finalga muddatidan ilgari chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy berishgandi.

Uchrashuv arafasida

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, endi ushbu vazifani uddalashi uchun "Bunyodkor" bugungi uchrashuvida faqat g‘alaba qozonishi shart bo‘ladi.

"Bordiyu durang yoki mag‘lubiyat qayd etadigan bo‘lsak, nafaqat o‘zimizning o‘yinimiz, balki narigi o‘yinning natijasiga ham qarashimiz kerak bo‘ladi", deydi faxriy sharhlovchi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Guruhning ikkinchi uchrashuvi ham bugun bo‘lib o‘tadi va Yaponiya chempioni "Sanfrechche Xirosima" o‘z maydonida Xitoyning "Beytszin Goan"ini qabul qiladi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turgan "Beytszin Goan" peshqadam "Bunyodkor"dan faqat bir ochko farq bilan ortda bormoqda.

"Poxang Stilerz" esa, 5 ta o‘yindan 6 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Bu – "Bunyodkor"ning o‘zining qisqa tarixida oltinchi bor Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surishidir.

Agar bugungi o‘yinda g‘alaba qozonsa, "Bunyodkor" uchinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqqan bo‘ladi.

Ikki bor turnirning yarim finalida to‘p surgan qaldirg‘ochlarga hozircha Osiyo Chempionlari chempionligi nasib etmagan.

Osiyo Chempionlar ligasida O‘zbekistonni namoyon etayotgan ikkinchi jamoa bo‘lgan "Paxtakor" esa, guruhdagi so‘nggi uchrashuvini ertaga 1 may kuni o‘z maydonida "Ash-Shabab"ga qarshi o‘tkazadi.

O‘zbekiston chempioni guruh bosqich saralash bellashuvlarining 5-tur uchrashuvini safarda Saudiya Arabistoni jamoasi "Al-Ittifoq"qa boy bergandi.

"V" guruhida hamon 5 o‘yindan 8 ochko to‘plagan Qatarning "Lahviya"si peshqadamlik qilmoqda.

So‘nggi g‘alabasi ortidan ochkolari sonini 7 taga yetkazib olgan "Al-Ittifoq" esa, to‘plar hisobidagi farq bilan "Paxtakor" bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni bo‘lashib turibdi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, "Paxtakor" ham o‘z tarixida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.