Niderlandiya qirolichasi taxtini o‘g‘liga topshirdi

Image caption Tojni topshirish marosimida Ovro‘podagi qirollik oilalari ishtirok etishdi

Amsterdamda Niderlandiyaning 75 yashar qirolichasi Beatriksning taxtdan voz kechishiga bag‘ishlangan rasmiy marosmi bo‘lib o‘tdi. Beatriks o‘z qirollik tojini o‘g‘li Oransk shahzodasi Villem-Aleksandrga topshirdi.

46 yoshli Villem-Aleksandr 1890 yilda vafot etgan Villema III ortidan taxtga ko‘tarilgan ilk erkak qirolga aylandi. O‘shandan buyon Niderlandiyani faqat qirolichalar boshqarayotgan edi.

Beatriks Niderlandiya qirolligi taxtiga 1980 yilda o‘tirgan edi.

Qirolicha taxtdan voz kechish niyati haqida yanvar oyida e‘lon qilgandi. O‘shanda u taxtni yangi avlodga topshirish vaqti yetgani va o‘g‘li mamlakatni idora etishga tayyor ekanini aytgandi.

Qisqa marosim

Beatriks Amsterdamdagi qirollik saroyida bo‘lib o‘tgan qisqa marosimda rasman taxtdan voz kechdi.

Yangi qirol Nieuwe Kerk cherkoviga qasamyod keltiradi va so‘ngra parlamentning qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tadi.

Taxtdan voz kechish marosimida Ovro‘podagi qirollik oilalaridan ko‘plab vakillar ishtirok etdi: Uels shahzodasi Charlz va rafiqasi, Ispaniyadan shahzoda Felipe va malika Letitsiya va Daniyaning voris shahzodasi Frederik va turmush o‘rtog‘i.

Shahzoda Villem-Aleksandr uylangan va uch farzandi bor.

Uning xotini Maksina Argentinada tug‘ilgan.

Qirolicha Beatriks Oransk– Niderlandiyani XIX asr boshidan buyon idora etayotgan Nassau sulolasining oltinchi hukmdoridir.

Holland an‘anasi

Oxirgi o‘n yilliklarda taxtdan voz kechish Niderlandiyada an‘anaga aylandi.

Qirolicha Beatriksning onasi, qirolicha Yuliana taxtdan 1980 yilda 70 yoshida voz kechgandi. Uning buvisi, qirolicha Uilgelmina taxtdan 1948 yilda 68 yoshida taxtdan voz kechgandi.

Qirolicha Beatriks 31 yanvarda 75 yoshga to‘ldi.

Qirolicha Beatriks mamlakat ijtimoiy hayotida faol rol o‘ynadi. Ammo uning qirolichaligi fojialardan holi bo‘lgani yo‘q.

2009 yilda monarxiyaga qarshi bir shaxs o‘z avtomobilida qirolicha va oilasini tomosha qilgani to‘plangan olomonga borib urilishi oqibatida 8 nafar inson halok bo‘ldi.

2012 yil mart oyida esa uning ikkinchi o‘g‘li, shahzoda Frizo, Avstriyada qor ko‘chkisi ostida qoldi. U hozir ham koma holatida yotibdi.