O‘zbekistonlik yozuvchi: "Tarixni tahrir qilib bo‘lmaydi"

Image caption "Tarixni tahrir qilib bo‘lmaydi..."

O‘zbekistonlik yozuvchi Galina Dolgaya Aprel oyida Britaniyaning London shahrida kechgan Kitob kunlarida qatnashdi. Bu sermahsul yozuvchi 2006 yildan beri beshta roman yozib tugatgan, Galina yoshim anchaga borganidan keyin avvaliga she‘rlar yoza boshladim, keyin esa nasrga ko‘chdim, deydi. O‘zini tabiat va inson munosabatlari ilhomlantirishini aytgan o‘zbekistonlik yozuvchi bilan biz bugungi kitobxonlik, adabiyot va siyosat va tarix haqida suhbatlashdik. Suhbatimiz sobiq Sho‘ro va bugungi mustaqil O‘zbekiston respublikasi haqida mulohazalar bilan boshlandi.

Galina Dolgaya: Menimcha, gap bu yerda siyosat bilan bog‘liq emas. Sho‘rolar quladi, O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi. Ammo biz bugun o‘z yo‘qotilgan yoshligimizni sog‘inamiz. Bugun men eski zamonlarni qo‘msar ekanman, umrimning eng yaxshi damlari bo‘lmish o‘smirlik va yoshligimni sog‘inaman...Men Sho‘rolar davri yomon edi va yo hozir yomon deb aytmagan bo‘lardim, bular tarixning ikki boshqa-boshqa davrlaridir. Shaxsan men hozir yomon yashayapman deb aytmagan bo‘lardim. Inoq oilamiz bor va o‘zimizning biznesga egamiz.

BBC: Bizga mehmon bo‘lib kelgan rossiyalik yozuvchi shoirlar bilan suhbatlarni tinglab adabiyot va siyosat, ayniqsa Rossiyada bugun bir-biriga juda uyg‘un ekan degan taasurot uyg‘onadi...E‘tibor berdingizmi?

Galina Dolgaya: Albatta, adabiyot hayotni tasvirlaydi...Ammo har bir yozuvchi adabiyotda o‘z "boshpanasini" tanlaydi. Faqat hozirgi kun bilan yashayotganlar bor. Davrlarni taqqoslab yozayotganlar talaygina. Doim bir norozilik mavjud...Ochig‘ini aytsam, menga nafaqat rus yozuvchilari, balki rossiyaliklarning o‘zlariga erk berishlari va o‘z rahbarlari, mamlakatlari haqida ochiqchasiga yomon fikrlarni izhor qilishlari yoqmaydi. Albatta, ochiqlik deysiz, demokratiya deysiz...bular yaxshi...Bir yapon donishmandining gapi yodimga tushadi, o‘z vataningda siyosat yoqmadi hijrat qil va yo yashaginu qanday bo‘lsa shunday qabul qil. Rossiya yoqmayaptimi, nimaga yashaysiz u yerda? Mana men o‘z vatanimni qanaqa bo‘lsa shunaqa yaxshi ko‘raman. Menga tarixni kovlashib, masalan, Stalin davrida qancha odam qurbon bo‘ldi degan mavzuga qayta-qayta yondashishlari ham yoqmaydi. Albatta, tarixga qaytib turish kerak...Meni ko‘proq qadimiyat qiziqtiradi.

BBC: Siz Toshkentda yashaysiz, o‘zbek tilida yozadigan hamkasblaringiz asarlarini ham o‘qiysizmi? Sizning o‘zingizni bugungi kitobxonlik darajasi qoniqtiradimi? Ayniqsa yoshlar orasida?

Galina Dolgaya: Muammo shundaki, rost men O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsam ham, afsuski hali ham o‘zbek tilini bilmayman...Bugun esa adabiy asarlar asosan o‘zbek tilida nashr etiladi.O‘tmishda men o‘qib turardim tarjimalarni, hozir esa yo‘q...Bilasizmi yoshlar va kitobxonlik mavzuga to‘xtaladigan bo‘lsak, ehtimol bu yerda yana avlodlar o‘rtasidagi qadimiy tortishuv bosh ko‘tarib qolar? Men kattaroq avlod vakili o‘laroq hozirgi yoshlar orasida kitobxonlik darajasidan qoniqmayman. Mana shu Londondagi kitob yarmarkasida o‘zim uchun kashfiyot qildim. Bizga dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan millat ruslar deb aytishardi, ammo bu yerda ma‘lum bo‘lishicha, ingliz tilida gaplashadiganlarning oltmish foizdan ortig‘i kitobxon ekan! Bundan men xafa bo‘ldim, ehtimol bu yerda nashr qilish imkoniyatlari ko‘pdir? Bilmadim...boshqa bir salbiy an‘ana shuki, bugun yozuvchi o‘zi istaganini emas, aksariyat holatlar nashriyot talabiga asosan yozadi. Ya‘ni, adabiyot ham tijoratlashib bormoqda. Albatta, zamon bilan qadriyatlar ham isloh bo‘layapti, mening farzandlarim ham, kino kitobdan yaxshiroq deb o‘ylashadi. Bugungi kunda internet bor, mobil telefonlar ommaviylashib ketgan. Zamon ham nazarimda tezlashgan. Yoshlar ham tezlashgan va yo qaysidir ma‘noda tezlashib yashamoqda. Yurgan yo‘lida o‘zi bilan o‘zi telefonda gaplashib boradi. Bizning yoshligimizda kutubxonaga borish bayram edi. Bugungi yoshlarda bu madaniyat yo‘q, men buning salbiy va yo ijobiyligini aytayotganim yo‘q.

BBC: Ehtimol, yoshlar qiziqib o‘qiydigan kitoblar ozdir? O‘tmishda adabiyotning ta‘bir joiz bo‘lsa tortishish kuchi qudratliroq bo‘lgandir?

Galina Dolgaya: Bilasizmi, hozir qaysi mualliflarni o‘qish kerak, qaysinisini o‘qimaslik kerak deb adabiyotga qayta qarab chiqishmoqda. Menga yoqmaydi bu kabi yondashuv. Ehtimol, bir tomondan bu tijoratlashuv bilan bog‘liqdir, ehtimol kimdir o‘ylab chiqayotgandir bularni...Bilmadim, ammo bu noto‘g‘ri. Bu katta muammo. Albatta, boshqa tomondan hozirgi zamonaviy texnika yutuqlaridan foydalanish kerakdir, ammo qo‘lga olib varaqlab o‘qiladigan qog‘oz kitoblar ham kerak.

BBC: Siz adabiyotda tanlov haqida gapirdingiz, O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, ayrimlarga ko‘ra, mamlakatning butun bir tarixi qayta yozib chiqilmoqda? Sho‘rolar davri haqida imkon qadar kamroq va shundan ham faqat tanqidiy gapiriladi?

Galina Dolgaya: Tarixni qayta yozib bo‘lmaydi, mumkin emas bunday qilish... Qayta yozishmoqda deb aytmagan bo‘lardim, aslida qaysidir bir davrga ko‘z yumishmoqda. Yashirishga harakat qilishmoqda. Buni ham aslida imkoni yo‘q. Chunki bu voqealar ro‘y bergan...tarixni unutar ekansiz, o‘tmishda qanday xato bo‘lgan bo‘lsa yana qaytarasiz. Yaxshi davr ham, yomon davr ham tarix va uni yashirmaslik kerak. Sho‘rolar davrini mustamlakachilik davri deyishmoqda. Xo‘p, mayli, mustamlaka davridir, ammo bu davrda yomonlik bilan bir qatorda yaxshiliklar ham bo‘ldi... Amir Temurni oling, qancha qon to‘kkaniga qaramay u buyuk shaxs, buyuk sarkarda! Leninni oling, Stalinni oling, bular oddiy odamlar emas! Tarixda salbiymi va yo ijobiymi iz qoldirgan insonlar va ularni yoshlarga shunday taqdim qilish kerak. Tanganing ikki tomoni borligini unutmaslik kerak.