O‘zbekiston quyosh energiyasini o‘zlashtirish sohasida oqsamoqda

Image caption O‘zbekiston quyosh energiyasidan foydalanishga shu paytgacha ehtiyoj yo‘q edi, deydi German Treshalov

O‘zbekiston Toshkent viloyatidagi Parkent tumanida quyosh energiyasiga asoslangan fotoelektrik stantsiyasini qurishni rejalayotgani xabar qilinadi.

Uzbekenergo shirkatining bildirishicha, stantsiyaning quvvati 3 megavattga teng bo‘ladi.

Quyosh energiyasiga O‘zbekistonda tobora salohiyatli muqobil energiya manbai deya qaralmoqda.

Bundan foydalanib qolishni istayotgan xorijiy shirkatlar o‘z texnologiyalarini taklif qilib, O‘zbekistonga kela boshlaganlar.

Jumladan Frantsiyaning yirik Alstom shirkati o‘tgan hafta Toshkentda quyosh energiyasini olish yo‘lidagi innovatsion g‘oyalar borasida taqdimot marosimini o‘tkazgan.

Serquyosh O‘zbekiston quyosh energiyasi uchun ajoyib maskan bo‘lishiga qaramay, bu kabi energiyadan foydalanish bo‘yicha oqsamoqda.

BBC muqobil energiyalar bo‘yicha ixtirochi, Toshkentlik iqtisodchi German Treshalovdan bu oqsash sabablari haqida so‘ragan.

German Treshalov: Muqobil, yashil energetika bo‘yicha har qanday texnologiyalar hozircha ancha serxarajat deb ko‘riladi va ulardan qisqa muddat ichida o‘z pulini qoplaydigan foydani olish qiyin. Ularni rivojlantirish yo‘lidagi innovatsion g‘oyalarni tadbiq qilishga esa qo‘shimcha vaqt va qo‘shimcha xarajatlar kerak. O‘zbekistonda bular faqat sinab ko‘rilayapti, xolos. Masalan, Parkentdagi quyosh energiya stantsiyasi anchadan beri mavjud, lekin u yerda hozir aynan qanday o‘zgarishlar yo sinovlar olib borilayotganini aytishga qiynalaman. Ammo tashabbuslar yo‘q emas. Maishiy talablarga javob sifatida hali bu kabi energiya bizda rivojlanganicha yo‘q. Hozircha quyoshli kollektorlar qo‘llanilayapti. Avvalambor, quyosh energiyasini bir necha yo‘llar bilan olish mumkin. Birinchi usul - quyosh energiyasini bevosita elektr energiyasiga moslashtirish. Bu foto elementlar deb nomlanadi. Tomga foto element o‘rnatiladi va bu asbob bevosita elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ammo, uning quvvati kam bo‘ladi, shuning uchun ham maishiy maqsadlarda ishlatib bo‘lmaydi. Maishiy energiya iste‘moliga 220 voltlik energiya kerak, fotobatareyalar esa 12-13 volt beradi, xolos. Masalan, u orqali noutbukni, yoki mobil telefonini zaryad qilish mumkin, lekin keng sanoat maqsadlarida qo‘llab bo‘lmaydi. Ikkinchi usul esa - suvni qizitish orqali. Qizigan suvning bug‘i turbinaga yo‘naltiriladi, turbina esa 220 voltli standart elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Undan sanoat ko‘lamida foydalansa bo‘ladi, lekin O‘zbekistonda bu hali qurilmagan. Meksika, Amerikada sinab ko‘rilayapti. Uchinchi usulga kelsak, bu issiqlik yig‘ish kollektorlarini o‘rnatish usuli. Unda oddiy radiatorlar tomga o‘rnatiladi, unda suv aylanib turadi, bu suv 70-80 gradusgacha isiydi va buning natijasida iste‘molchi issiq suv bilan ta‘minlanadi. U qish oylarida juda qo‘l keladi, chunki uyni ham isitish mumkin. Yozda esa dush yo vanna uchun qo‘llay olasiz. Men Samarqandda ba‘zi xo‘jaliklar bundan foydalanishayotganini bilaman. Ularning volt quvvatini chamalash qiyin, chunki ular sizga suvni qizitib beradi, xolos.

BBC: Bu texnologiyalar ancha serxarajatli dedingiz, nima uchun bunday?

German Treshalov: Ularning qimmatligiga sabab shuki, ular ishlab chiqaradigan energiya ularga sarflangan xarajatga nisbatan juda oz. Masalan, oddiy teplostantsiya qurmoqchi bo‘lsangiz, bir kilovatt ishlab chiqarish uchun 200-300 dollar sarflaysiz, qayta ishlab chiqariladigan energiya, va jumladan quyosh energiyasi uchun esa bu xarajatlar 10-20 baravarga oshib ketadi. Lekin, tepadan aytganlarim ichida uchunchi usul ancha arzon, uni oddiy o‘rtaxol oila sotib olib o‘rnatishi mumkin. U hatto ko‘mirdan arzonroq tushishi mumkin. Shaharlarda, albatta, ularni tadbiq qilish qiyin bo‘ladi, chunki ko‘p qavatli binolar ko‘p. Qishloqlarda esa ular juda samarali bo‘lishi mumkin. Lekin, bir tomoni bor, ular faqat quyosh charaqlab turganda samarali bo‘ladi, bulutli kunda emas. Agar, ular quyoshli kunda olingan issiqlikni yig‘ib, uzoq vaqt o‘zida saqlashini istasangiz, ancha qimmatroq texnologiyalarni xarid qilishga to‘g‘ri keladi.

BBC: O‘zbekistonda o‘rtacha hisobda 300 kun quyoshli bo‘lar ekan, lekin ayni damda shuncha energiyadan foydalanilmayapti.. Ya‘ni, O‘zbekiston bu kabi energiya qo‘llash bo‘yicha, aytaylik, Turkiya kabi davlatlardan ancha ortda qolayapti. Nega shunday?

German Treshalov: Chunki Turkiyada energiya manbalari yo‘q, va ularda quyosh energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ancha avvalroq paydo bo‘lgan. Biz Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan vaqtimiz, bizga quyosh energiyasining keragi yo‘q edi, chunki markazlashgan energiya taqsimoti bor edi. Ittifoq qulagach esa, butun sobiq ittifoqda iqtisodiy o‘sish to‘xtadi va muqobil energiya bobida biz boshqa mamlakatlardan 10-15 yil ortda qolib ketdik. Undan tashqari, bu texnologiyalar hozircha juda qimmat va yetarlicha samarali emas. Lekin, O‘zbekiston prezidenti muntazam ravishda o‘z nutqlarida ularni rivojlantirish haqida ko‘rsatmalara beradi, lekin afsus bu tashabbuslar mulozimlar idoralarida so‘nib ketaveradi.