AQSh Davlat Departamenti: "Solijonni ozod qiling!"

Image caption Davlat Departamenti o‘zbekistonlik jurnalistni ozod qilishga chaqirmoqda

O‘zbekistonda qamoqqa tashlangan taniqli jurnalist Solijon Abdurahmonovning masalasi Amerika Davlat departamentining kundalik matbuot yig‘inida ilk asosiy mavzuga aylagan.

Davlat departamentining voizlaridan biri Patrik Vetrell jurnalistlar bilan suhbatda, "Men uchrashuvning eng avvalida bir masalani e‘tiboringizga havola etmoqchiman. Bilasiz, biz ikki haftalik "Matbuotni Ozod Qiling" nomli kampaniyani boshlaymiz. Biz Jahon Matbuot kuni arafasida Solijon Abdurahmonovning taqdiriga e‘tibor qaratmoqchimiz. Solijon O‘zbekistonlik jurnalist, uni 2008 yilda giyohvand moddalarga aloqador deya shubhali ayblovlar bilan o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilishgan. Solijon poraxo‘rlik muammosini o‘rgangan, iqtisodi abgor O‘zbekistonda fermerlar huquqlarini himoyasiga otlangan jurnalistdir. Yaqinda uning ishi yana jurnalistlar nazariga tushdi, chunki mulozimlar uni ziyorat qilishni istagan Xalqaro Qizil Xoch jamiyatiga ko‘rsatishmadi. Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlari Solijon Abdurahmonov masalasini O‘zbekiston hukumati bilan muhokama qildi. Biz O‘zbekiston hukumatidan Solijon Abdurahmonovni ozod qilishni so‘raymiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumati doxil barcha hukumatlarni fikr erkinligi huquqini himoya etishga va jurnalistlarni ozod hamda mustaqil faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqiramiz”, deb aytgan.

Solijonni ozod qiling!

Image caption Solijon Abdurahmonov 2008 yildan beri qamoqda qolmoqda

O‘tgan hafta bir guruh inson huquqlari faollari Prezident Islom Karimovning Do‘rmondagi qarorgohi yaqiniga borishga muvaffaq bo‘lishgan va muvaqqat ravishda qo‘riqchilardan biriga Islom Karimovga atalgan nomalarini topshirishgan.

Taniqli inson huquqlari faoli Yelena Urlayevaga ko‘ra, ayni nomada jurnalist Solijon Abdurahmonovni ozod etish talabi ham bo‘lgan.

Prezidentning Do‘rmondagi qarorgohi qattiq qo‘riqlanadi va uning oldidagi ko‘cha yo‘l harakati uchun yopib tashlangan.

O‘tgan yil noyabr oyida Qarshi qamoqxonasida saqlanayotgan mustaqil jurnalistni Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti komissiyasi xodimlari borib ko‘rishmoqchi bo‘lishgan.

Ammo uning yaqinlariga ko‘ra, mulozimlar jurnalistni tashkilot xodimlaridan yashirishgan.

Solijon Abdurahmonovni Qoraqalpog‘iston mahkamasi 2008 yilda noqonuniy giyohvand moddalarni saqlash va tarqatishda aybdor deb topib 10 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.

Jurnalistning avtomobiliga giyohvand moddalar tashlab qo‘yilgani va soxta ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgani xalqaro hamjamiyatning ham tanqidlariga sabab bo‘lgan edi.