FQB Tsarnayev bevasining uyini tintuv qilgan

Image caption Tsarnayev bevasi tergovchilarga yordam berayotgani aytilgan

FQB Boston marafonida hujumchi deya gumon etilgan marhum Tamerlan Tsarnayevning bevasi yashayotgan uyni tintuv qilgan va bir necha xaltada "dalillar"ni olib ketgan.

So‘nggi bor 24 yoshli Katrin Rassel himoyachilari bilan Dushanba kuni o‘z ota-onasining uyidan chiqib ketayotganida ko‘rishgan.

Shuningdek, Johar Tsarnayevning himoyasiga o‘lim jazosi bo‘yicha mashhur huquqshunos Jyudi Klark ham qo‘shilgan.

15 aprel kuni Boston marafonidagi portlashlar 3 kishining yostig‘ini quritgan, 260 dan ortiq insonni yarador qilgan edi.

Jyudi Klark Amerikada mashhur mahkama ishlari bilan tanilgan.

Johar Tsarnayev ommaviy o‘lim qurolini ishlatishda ayblanmoqda.

Bomba "dalili"

Image caption Tsarnayevlarning ota-onasi Amerikaga safar rejasini bekor qilganlar

Reuters axborot agentligiga mulozimlardan biri, Dushanba kuni Federal Qidiruv Byurosining xodimlari Tamerlan yashagan uyda DNK to‘plaganini aytgan.

FQB mutaxassislari aka-uka Tsarnayevlarning bomba hujumiga aloqadorligini isbotlovchi dalillarni topish uchun bu oilaning Shimoliy Kingstondagi uyida bir necha soat bo‘lishgan.

Rassel xonimning himoyachilariga ko‘ra, ularning mijozi tergov ishida yordam berish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda.

Katrin eri o‘ldirilganidan beri o‘z ota-onasining uyida istiqomat qilmoqda.

Ikkovlon yosh qizaloqlari bilan Kebridjdagi xonadonlardan birida yashashgan.

Politsiyaga ko‘ra, ular ayni xonadondan bomba yasalishida asqotadigan narsalarni topishgan.

Rassel xonimning himoyachilariga ko‘ra, u o‘z erining nima bilan mashg‘ul ekanidan ko‘p ham xabardor bo‘lmagan, Katrin sog‘liqni saqlash sohasida ishlagan, Tamerlan esa farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullangan.

Tamerlan Tsarnayev 18 aprel kuni politsiya bilan otishmada qurbon bo‘lgan.

Ammo uning o‘limi tafsilotlari to jasadga ega chiqmaganga qadar oshkor etilmaydi.

Mulozimlarga ko‘ra, Rassel xonim ham jasadni so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Tsarnayevlarning ota-onalari Rossiyadan Amerikaga kelish va Tamerlanning jasadiga egalik qilish niyatidan qaytishganini aytishgan.

Dushanba kuni Barak Obama va Vladimir Putin o‘z mamlakatlari o‘rtasida terrorchilikka aloqador voqealar yuzasidan hamkorlik masalalarini muhokama etishgan.

Barak Obama, Oq Uy bayonotiga ko‘ra, Rossiyaga yaqindan hamkorlik qilayotgani uchun minnatdorchilik izhor etgan.