"Tsarnayevlarning onasi o‘g‘li bilan jihod haqida so‘zlashgan"

Image caption Maxachkalada 25 aprelda o‘tgan matbuot anjumani. Anzor va Zubeydat Tsarnayevlar

Rossiya josuslik xizmatlari hali 2011 yilda Boston terror amalida gumon qilinayotgan aka-ukaning onasi o‘z o‘g‘illaridan biri bilan jihod haqida so‘zlashgan telefon suhbatini yozib olganlar.

Anonimlik sharti bilan Assoshieyted pressga gapirgan AQSh hukumati vakili Rossiya josuslik xizmatlari bu yozuvni amerikalik hamkasblariga bir necha kun avval taqdim etishganini bildirdi.

Vakil Federal qidiruv byurosi avvalroq bu yozuvga ega bo‘lmaganidan taassuf izhor qilgan. Uning aytishicha, bu yozuvni bilganda, FQB ertaroq Tsarnayevlar ishi bilan shug‘ullanardi.

Telefon yozuvining tafsilotlari ochiqlanmagan. Zubeydat Tsarnayeva o‘g‘illaridan qaysi biri, qo‘lga olinganida halok bo‘lgan Tamerlan bilan suhbatlashganmi yoki hozirda qamoqxona kasalxonasida saqlanayotgan Djoxar bilan - bu ham noma‘lum.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Moskva yana bitta audio tasmani AQShga topshirgan. Unda go‘yoki FQB gumonsiragan va Rossiya janubida yashayotgan shaxs bilan Zubeydat Tsarnayeva o‘rtasidagi telefon suhbat yozilgan.

46 yoshli Zubeydat Tsarnayeva AQSh fuqaroligiga ega, biroq doimiy ravishda Maxachkalada yashaydi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, AQShda uni 1600 dollar miqdorida o‘g‘irlik qilgani uchun hibsga olishlari mumkin. 2012 yil oktyabrida u mahkamaga kelmagan.

Uning turmush o‘rtog‘i Anzor Tsarnayev RIA Novostiga gapira turib, AQShga payshanba kuni uchishga shaylanayotganini aytgan, biroq sog‘lig‘i tufayli Rossiyada ushlanib qolganini bildirgan.

Ikki kun avval Zubeydat Tsarnayeva matbuot bilan suhbatida Maxachkaladan Moskvaga eri bilan safar qilayotganini, hamda Moskvada eri ehtimol kasalxonaga yotishini xabar qilgan.

19 yoshli Djoxar Tsarnayev so‘roq paytida Bostondagi portlashlarni akasi bilan "Iroq va Afg‘onistondagi urushlar tufayli Islomni himoya qilish" maqsadida uyushtirishganini aytgan.

Tsarnayevlarning ota-onasi bir necha bor o‘z o‘g‘illari beayb ekanlarini aytib, AQSh josuslik xizmatlarini ularni ataylab terror amaliga jalb qilishda ayblashgan.

"Mening o‘g‘illarim begunoh! Men ularni sevaman va buni butun dunyo eshitishini istayman. Meni bugun o‘ldirishsa, baxtli ketardim. O‘la turib "Ollohu Akbar!" deya xitob qilardim", - dedi Zubeydat Tsarnayeva CNNga bergan intervyusida.