Bir guruh arzdorlar Prezident qarorgohiga to‘siqsiz yetib borganlar

Image caption O‘zbekiston prezidentining rezidentsiyasi

O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansi rahbarligida bir qator arzdorlar Prezident Islom Karimovning rezidentsiyasi darvozalariga borishga muvaffaq bo‘lganlar.

Guruh nafaqat Prezident qarorgohiga borish, balki saroy oldida kichik norozilik namoyishini o‘tkazib, suratlarga tushish, hamda navbatchi qo‘riqchilarga o‘z shikoyatlarini topshirishga ham muvaffaq bo‘lganlar.

Prezidentning Do‘rmondagi qarorgohi qattiq qo‘riqlanadi va uning oldidagi ko‘cha yo‘l harakati uchun yopib tashlangan.

Urlayeva xonim ilgari surgan talablar orasida 2008 yilda giyohvand moddalar sotish aybi bilan o‘n yilga qamalgan qoraqalpog‘istonlik jurnalist Solijon Abdurahmonovning ozod etilishi talabi ham bo‘lgan.

Jurnalistga qo‘yilgan ayblar, ko‘p himoyachilar fikrida, soxta bo‘lib, uning mustaqil faoliyatini to‘xtatishga qaratilgan bo‘lgan. Sog‘ligi tobora yomonlashib borayotganiga qaramay, Solijon Abdurahmonov oxirgi amnistiya ro‘yxatiga tushmagan.

BBC Urlayeva xonimdan saroyga yurish tafsilotlarini so‘radi.

Urlayeva: Alyans a‘zolari 25 aprelda Toshkent markazida bo‘lib o‘tayotgan futbol matchi vaqtini tanlab, prezident rezidentsiyasiga yo‘l oldik. Barcha militsiya jamoat tartibini saqlash uchun futbolga safarbar qilingandi. Biz shundan foydalanib, to‘siqlarsiz prezident uyiga borib, unga shikoyatlarimizni yetkazishga muvaffaq bo‘ldik. O‘z huquqlarini yo‘qotib, turli idoralar bo‘ylab shikoyat qilib yurgan odamlarning arzlarini yig‘ib, prezident rezidentsiyasidagi navbatchi militsionerga topshirdik.

BBC: Nechta odam bo‘lib bordingizlar?

Urlayeva: Biz to‘rt kishi edik. Prezident rezidentsiyasi oldidagi blokpostga deyarli yetib bordik. Navbatchi bizdan shikoyatlarni qabul qilib oldi. Biz undan shikoyatlarni shaxsan prezidentga topshirishini so‘radik, lekin kim biladi kimga uzatgan. Keyin bemalol ortga qaytdik. Sal yurganimizdan keyin bir mashina militsionerlar orqamizdan yetib kelib, yo‘limizni to‘sdi. Ular bizga bayonotlarimizni qaytarib berishdi, va katta ko‘chaga chiqishimizni talab qilishdi. Lekin, ularning talablariga bo‘ysunmadik, uyimiz yaqin orada ekanini, kerak bo‘lsa bizni bemalol topa olishlarini aytib, ketaverdik. Shu bilan ish tugadi. Fakt shuki, biz odamlarni qo‘rqmaslikka chaqirayapmiz. Chunki odamlar hatto bu ko‘chadan yurishga qo‘rqishadi. Militsiya qo‘rqitib qo‘ygan, oltita BTR ko‘chaga o‘qtalib turibdi, har narsa bo‘lishi mumkin, deb. Lekin, bu kabi yurish insonning oxirgi nidosini anglatadi, boshqa chora qolmagan. Hech kimda boshqa yordamga umid qolmagan.

BBC: Demak, barcha xavfsizlik kuchlarini futbol maydoniga yo‘llab, prezidentni himoyasiz qoldirishganmi?

Urlayeva: Birgina navbatchi bor edi va atrofda qo‘ylar o‘tlab yurgandi. Boshqa bironta jon yo‘q edi. Haqiqatdan ham agar kimdir hujum qilishni o‘ylagan bo‘lsa, bemalol devorni oshib tushishi ham mumkin. Albatta, bizning yurishimiz tinch yo‘lda, tinch talablar bilan amalga oshirildi. Biz o‘z plakatlarimizdagi shiorlarni ko‘rsatib, shikoyatlarimizni topshirib qaytdik. Qaytayotganimizda bahaybat harbiylarga to‘la yuk mashinasi yuqori tezlikda rezidentsiya tomon o‘tib ketganini ko‘rdik. Biz unda tor ko‘chaga burilib ulgurgandik.

BBC: Bu kabi yurish bilan o‘zingiz va sheriklaringizni xavf ostiga qo‘ymadingizmi?

Urlayeva: Bilasizmi, har bir yurish hibsga olishlar yo boshqa choralar bilan yakun topadi. Men musulmonlar bilan birga rezidentsiyaga borganimda, bizni do‘pposlashgandi, keyin hibsga olib, keyin uning ustiga, har bir musulmon arzdorga ikki million so‘mdan jarima solishgandi. Bu juda katta pul. Jinoyatimiz plakatlar bilan rezidentsiyaning oldida turganimiz va qiynoqlarga tutilayotgan musulmonlarni ozodlikka chiqarishni talab qilganimiz bo‘lgan. Bu safar ham plakatlarimizni ochib, suratlarga tushib oldik, yakkabosh navbatchi hech nima qila olmadi.

BBC: Bu safar qanday talablarni ilgari surgandingiz?

Urlayeva: Biz jurnalist Solijon Abdurahmonov ozodlikka chiqarilishini, tuhmat bilan noqonuniy qamalgan jurnalist Viktor Krymzalov ozod etilishini, Taxmina Azizovaning qallig‘i tutilayotgan qiynoqlar to‘xtatilishini, 81 yoshli nafaqaxo‘r Nina Saxartsevaning tortib olingan uyini qaytarib berishni talab qildik. Darvoqe, bu 81 yoshli ayol ham keldi biz bilan rezidentsiya qarshisiga. Balki prezident qandaydir munosabat bildirar deb umid qilib bordik.