Boston hujumchilarining qozog'istonlik do‘stlari hamon hibsda qolmoqda

Image caption Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi AQShda hibsda olingan talabalarga har tomonlama yordam berilayotganini aytadi

Boston portlashlaridan so‘ng hibsga olingan ikki nafar qozog‘istonlik talaba hanuz qo‘yib yuborilgani yo‘q.

Bostondagi kollejda tahsil olgan talabalarning portlashlarni sodir etishda gumon qilinayotgan aka-uka Tsarnayevlar bilan yaqin aloqada bo‘lgani aytiladi.

Biroq Qozog‘iston rasmiylari ushbu talabalarning portlashlarga aloqasi yo‘qligi va ular Amerika viza tartiblarini buzgani uchun ushlab turilganini bildirgan.

Azamat Tajayakov va Dias Kadirbekov portlashlardan bir necha kun o‘tib 20 aprel kuni o‘z kvartiralarida qo‘lga olinganlar.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi keltirgan bayonotda talabalardan AQSh huquqni muhofaza qilish organlari Tsarnayevlar bilan naqadar yaqin aloqada bo‘lganini surishtirgan.

Surishtirishlar davomida qozoq talabalarning mavjud viza tartibini buzganligi aniqlangan va hodisaga oydinlik kiritilgunga qadar ularni hibsda saqlash qarori olingan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligidagi vakil Janbo‘lat Usenovning BBCga aytishicha, mamlakat konsulligi ushbu talabalar bilan yaqin aloqani saqlab turibdi.

"Konsulimiz ular bilan doimiy aloqada. Ularga advokat yollashda yordam berdik. Konsullik tomonidan har qanday yordam kerak bo‘ladigan bo‘lsak, barchasini fuqarolarimiz oladi, bu holatda ham shunday bo‘layapti", - deydi Janbo‘lat Usenov.

Qozog‘istonlik talabalarning advokati Robert Shatl telefon orqali suhbatda Associated Press jurnalistiga talabalarning Bostondagi portlashlarga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Bundan tashqari qozog‘istonlik talabalar umumiy do‘sti bo‘lmish Johar Tsarnayevda zo‘rovonlik va terrorizmga moyilllik ko‘rmaganini bildirganlar.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, uning himoyasidagilar tergov bilan yaqin hamkorlik qilayapti va Boston portlashlari bo‘yicha gumondor emas.

Biroq ular talabalik vizasi tartibini buzganlikda ayblanmoqda.

AQSh muhojirlik politsiyasi esa qozoq talabalarini hibsda ushlanib turishi borasida biror izoh bermagan.

Associated Press qozoq talabalari o‘qigan kollej direktoriga iqtibosan keltirishicha, Dias Qadirbayev talabalar safida boshqa yo‘q, Azamat Tadjayakov esa kelgusi kursga o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu ikki talabaning Johar Tsarnayev bilan birga tushgan suratlarini ko‘rish mumkin.

Bir rasmda BMW rusumli mashina oldiga "birinchi raqamli terrorist" degan yozuv aks ettirilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, mashina Qadirbayev nomiga tirkalgan.

Advokatga ko‘ra, ushbu yozuv hech qanday siyosiy kayfiyatni bildirmaydi, balki bemavrid paydo bo‘lgan shunchaki ahmaqona hazildir.

Bundan tashqari Amerikaning ABC telekanali politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, aka-uka Tsarnayevlar portlashlardan so‘ng, qozoq talabalarning kvartirasiga kelgan va ularning o‘rtasida telefon orqali aloqa bo‘lganini ta‘kidlagan.

Biroq mustaqil manbalardan ushbu taxminlarni tasdiqlangani yo‘q.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bu borada hech qanday ma‘lumotga ega emasligini bildirdi.