Yangiyo'l hokimiyatida do'pposlangan fermer olamdan o'tgan

Image caption Fermerlar muntazam ravishda hokimiyatga hisobot berishga majburlar.

Yangiyo'l tuman ichki ishlar bo'limi rahbaridan hammaning oldida musht egan fermer Tursunali Sodiqov bir kun o'tib 16 aprel kuni yurak xurujidan o'lgan.

Bu haqda xabar bergan O'zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish qo'mitasi fermer isnodga chidolmasdan infarktga yo'liqqanini da'vo qilmoqda.

Totalitar tuzum bo'lgan O'zbekistonda hokim va mirshablar tomonidan fermer hamda qo'l ostida ishlovchi kadlarni tahqirlash va urish hollari tez-tez uchrab turadi. Bu tahqirlashlar ortidagi mas'ullar jazosiz qoladi.

Qo'mita xabariga ko'ra, 15 aprel kuni Yangiyo'l tuman hokimi fermerlarni yig'ib majlis o'tkazgan. Majlisga ayrim fermerlar kech qolib kelgan.

Kech kelganlarni tuman ichki ishlar bo'limi rahbari Aziz Toshpo'latov mushtlari bilan do'pposlagan.

Vaziyatga aralashgan fermer 63 yoshli Tursunali Sodiqov ham janob Toshpo'latovdan musht egan. Fermer ertasi kuni yurak xurujidan vafot etgan.

Bu haqda ushbu majlisda ishtirok etgan boshqa fermer Inson huquqlarini himoya qilish qo'mitasiga kelib shikoyat qilgan.

Qo'mita raisi Marat Zohidov havfsizlik nuqtai nazaridan guvohning aloqa raqamlarini berolmasligini aytdi va hodisani o'zi so'zlab berdi.

"O'sha erda kaltak eganidan keyin uyga ketgan. Kayfiyati tushgan. Majlisdagi odamlar baqira boshlaganidan keyin sal tinchib qolishgan. Lekin 63 ga kirgan, oldin bunaqa narsalarga duch kelmagan odam ta'sirlangan. Uyga kelib kasal bo'lib, ertasiga infarkt olib o'tib ketdi, bechora", - deydi Zohidov.

Yangiyo'l tuman hokimiyati BBCga Qishloq va suv xo'jaligi boshqarmasida 15 aprel kuni hokim ishtirokida fermerlarning yig'ilishi bo'lganini tasdiqladi.

Ismini oshkor qilishni istamagan xodim militsiya tomonidan hech kim kaltaklanmaganini aytdi.

"Militsiya tomonidan urdi-urdi, kechikib kelish degan narsa bo'lgani yo'q. O'zim ishtirok etdim, ammo hech narsani ko'rganim yo'q", - deb aytdi hokimiyat vakili.

Yangiyo'l tuman ichki ishlar boshqarmasi rahbari Aziz Toshpo'latovdan bu borada ma'lumot olishning imkoni bo'lmadi. Tuman ichki ishlar boshqarmasi ishonch telefoni go'shagini ko'targan va o'zini Jamshid deya tanishtirgan xodim kaltaklash borasida hech qanday ma'lumotga ega emasligini aytdi.

Jamshidga ko'ra, militsiya xodimlari hokimiyatdagi yig'ilishlarga fermerlarni yig'ib beradi.

"Militsiyaga fermer kerak emas-ku. Hokimiyatda yig'ilish bo'ladi, fermerlarni chaqirtirib beringlar deyiladi. Uchastka nozirlari telefon orqali etqazadi, hokimiyatga etib kelishadi. Kelishdan bosh tortgan fermerlarni ko'rmaganman", - deydi Jamshid.

Militsiya xodimidan nima uchun hokimiyatdagi yig'ilishga odamlarni militsiya chaqirish bilan shug'ullanishi so'ralganda, u "hokimiyatda ishchi kuchi etishmasligi va shuning uchun hamkorlik sifatida amalga oshirilishi" sabab ekanini aytdi.

Huquq himoyachilari O'zbekistonda fermer va qo'l ostidagi shaxslarni tahqirlash va kaltaklash odatga kirganini e'tirof etishadi.

Bundan sal oldinroq Namangan viloyat hokimi va o'rinbosari tomonidan fermerlar va gaz ta'minoti idorasi rahbarini kaltaklagani haqida xabar chiqqan edi.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Ziyodilla Razzoqov viloyatda fermerlar hokimiyat, ichki ishlar, prokuraturaning tazyiqi ostida qolganini va mustaqil faoliyat yurita olmasligini aytadi.

Odatda bunday huquq buzilishlaridan shikoyat qilingan taqdirda ham ish ko'rib chiqilmaydi.

"Shikoyat qiladi, lekin uning shikoyati hech qachon tuman yoki viloyat prokuraturasi tomonidan qanoatlantirilmaydi. Sabab har qanday qonunning oldida birinchi navbatda qishloq xo'jaligi turadi. Fermer kaltaklanadimi, voyaga etmagan bolalar ekspluatatsiya bo'ladimi, bu kabi arizalarga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilmaydi", - deydi Razzoqov.