Xalqaro Diniy Erkinliklar bo‘yicha komissiya: "O‘zbekistonga qarshi jazo choralari qo‘llansin"

Qo‘shma Shtatlarning dunyo davlatlaridagi diniy erkinliklar bo‘yicha vaziyatini kuzatib boruvchi hay‘ati O‘zbekistonni yana bir bor "alohida xavotirga molik" davlatlar qatoriga kiritishni so‘ragan va unga qarshi jazo choralari joriy etishga chaqirgan.

Xalqaro Diniy Erkinliklar bo‘yicha komissiya yillik hisobotida O‘zbekiston diniy erkinliklar va inson huquqlari eng ko‘p toptaladigan davlat sifatida qayd etilgan.

Hukumatga maslahatlar beruvchi, ammo qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lmagan ushbu hay‘at Vashingtondan yuqori lavozimli o‘zbek rasmiylarini Amerikaga kirishlarini taqiqlashni so‘ragan.

Komissiya hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 1991 yil mamlakat mustaqillikka erishganidan beri diniy e‘tiqod va boshqa inson huquqlarini muntazam ravishda va chidab bo‘lmas darajada toptaydi.

"O‘zbek hukumati shaxslarni qaysi diniy tashkilot va yo oqimga tegishli bo‘lishidan qat‘iy nazar haddan ortiq jazolaydi. Diniy e‘tiqodni cheklovchi qonunlar davlatga mamlakatdagi barcha diniy jamoalar, ayniqsa, ko‘pchilikni tashkil etuvchi musulmonlar ustidan nazorat o‘rnatishga imkon yaratgan", deyiladi yillik hisobotda.

Bundan tashqari, komissiya O‘zbekiston hukumati rasmiy belgilab berilgan tartiblarga amal qilmaydigan musulmonlarni hibs qilishi hamda muayyan shaxslar, guruhlar va masjidlarga nisbatan repressiv siyosat yurgizishini ta‘kidlaydi. O‘zbek hukumati taqiqlangan tashkilotlar qatorida "Hizb ut-Tahrir", Akromiylar, Tablig‘chilar Jamoati, Nurchilar hamda Vahhobiylik kabi qator boshqa diniy oqimlari bor.

"Hukumat ularning ekstremistik siyosiy dasturlarga ega ekanini da‘vo qiladi", deydi AQShning Xalqaro Diniy Erkinliklar bo‘yicha komissiyasi.

Komissiyaning ta‘kidlashicha, minglab odamlar aqidaparast degan ayblovlar bilan qamoqxonalarda qolmoqda. "Ularning ko‘plari esa, qiynoqlarga solingani xabar qilinadi".

Amerika hay‘atiga ko‘ra, din nomi bilan davlatga tahdid soluvchi guruhlarga qarshi deya ishlab chiqilgan "mujmal" qonunlar O‘zbekistondagi ko‘plab musulmonlarga qarshi qo‘llaniladi. Hay‘at O‘zbekiston qamoqxonalarida qolayotgan musulmonlar soni "5 mingdan 10 minggacha" ekanini aytadi.

Hisobotda diniy huquqlari toptalgan qator insonlar nomlari ham keltirilgan.

Amerika hay‘ati O‘zbekiston qamoqxonalarida bedarak yo‘qolgan ikki imom hamda 2012 yil fevralida Shvetsiyada otib ketilgan Obidxon qori Nazarov haqida ham eslatadi.

Shu o‘rinda, komissiya 2010 yil militsiya tekshiruvlari payti uyidan ushbu imomlarga tegishli audioyozuvlarni topilishi ortidan jurnalist Xayrulla Hamidovning 6 yilga ozodlikdan mahrum etilishini ham qo‘shimcha qiladi.

Bundan tashqari, Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonda diniy erkinliklari cheklanayotgan faqat musulmonlar emasligi, boshqa turli diniy oqimlar vakillari ham rasmiylar bosimlariga duch kelayotganini urg‘ulaydi.

Komissiya hisobotida "Yahova shohidlari", "Ettinchi kun adventistlari", "Baptistlar", "Bahoiylar" hamda "Buddaviy"lar hukumatning doimiy kuzatuvi ostida ekani aytilgan.

Image caption O‘zbekistonda diniy erkinliklari cheklanayotgan faqat musulmonlar emasligi, boshqa turli diniy oqimlar vakillari ham rasmiylar bosimlariga duch kelayotganini ta‘kidlanadi

Amerika Davlat Departamenti O‘zbekistonni "alohida xavotirga molik" davlatlar sirasiga 2006 yildan beri kiritadi. 2009 yildan beri esa, ayni ro‘yxatda bo‘lishicha qaramay, ijobiy o‘zgarishlar tomon qadam tashlashni rad etib kelayotgan davlatlar qatorida qayd etadi.

Komissiya O‘zbekiston uchun qator tavsiyalar ham bergan. Ulardan birinchisi, AQSh hukumati diniy erkinliklar bilan ahvolni yaxshilash borasida O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar boshlashi lozimligidir. Agar bu muzokaralar 180 kun ichida amalga oshmasa, jazo choralari joriy etish, Prezident Karimov doxil yuqori va o‘rta martabali o‘zbek rasmiylarini Amerikaga kelishlarini taqiqlash so‘ralgan.

Pokiston ilk bor ro‘yxatda

AQSh Xalqaro Diniy Erkinliklar bo‘yicha komissiyasi yillik hisobotida Xitoydagi uyg‘urlar va Tibet buddaviylari ahvoli abgorlashib borayotganidan, Misr, Eron, Birma, Saudiya Arabistoni va boshqa qator mamlakatlardagi muammolardan tashvish bildirilgan. Markaziy Osiyodagi Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlar nomlari ham hay‘at ro‘yxatiga tirkalgan.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar hukumati tomonidan tayinlangan ushbu hay‘at Pokistonga diniy erkinliklar ahvoli yuzasidan bosimlarni oshirishga chaqirgan.

Hay‘atning ogohlantirishicha, mamlakatdagi diniy ozchiliklar bilan bog‘liq vaziyat inqiroz darajasiga yetishi mumkin.

AQSh komissiyasi Pokistonni "alohida xavotirga molik" davlatlar qatoriga kiritishni so‘ragan. Bu agar vaziyat o‘nglanmasa, ayni davlatga nisbatan jazo choralari ko‘rilishi ehtimolini anglatadi.

Komissiyaning bildirishicha, shia ozchiliklarini nishonga olgan "surunkali mazhablararo zo‘ravonliklar misli ko‘rilmagan darajada ortishi" tufayli Pokistonda diniy erkinliklar poymol etiladi.

"Hukumat nasroniylar, ahmadiylar va hindularni muhofaza qila olmayapti", deyiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, shakkoklikka oid va boshqa qonunlar keng ko‘lamda "diniy erkinliklarga zid qo‘llaniladi".

Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yil Pokistonda yuzlab shialar, ayniqsa, kelib chiqishi Afg‘onistondan bo‘lgan hazoralar o‘ldirilgan.

Davlat Departamenti 2001 yil senbyar hujumlaridan beri Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin, biroq pastu baland munosabatlarga ega bo‘lib kelgan Pokiston bundan oldin diniy erkinliklar bo‘yicha "alohida xavotirga molik" davlat ro‘yxatiga kiritmagandi.