Tojikiston o‘zbeklari haqida BBC mehmoni Farhod Jo‘rayev bilan suhbat

Image caption Farhod Jo‘rayev Tojikistonda qalam tebratayotgan iqtidorlik o‘zbek jurnalistlaridan

Tojikistonlik iqtidorli jurnalist Farhod Jo‘rayev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob berdi.

Farhod Jo‘rayev Sug‘d viloyatida o‘zbek tilida nashr etiluvchi davlat hokimiyati ijroiya organining "Sug‘d haqiqati" gazetasida besh yildan buyon muharrirlik qiladi.

BBC mehmoni 1982 yil 19 noyabrda Tojikiston shimolidagi Sug‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumanida tavallud topgan.

O‘rta maktabni "oltin medal" bilan tugatib, tahsilni Xo‘jand Davlat Universiteti jurnalistika va tarjima nazariyasi bo‘limida davom ettirgan.

O‘z mehnat fa‘oliyatini avval mahalliy radioda boshlab, keyinroq Bobojon G‘afurov tumanida yoshlar bilan ishlash, sport va turizm, ideologiya va jamiyat tashkilotlari bilan ishlash bo‘limlarida mudir vazifasida fa‘oliyat olib borgan.

2008 yildan Sug‘d viloyati davlat xokimiyati ijroiya organining "Sug‘d haqiqati" gazetasida bosh muharrir vazifasida fa‘oliyat olib bormoqda.

"Sug‘d haqiqati" gazetasi haftada ikki marta, 8 sahifada chop etiladi.

Tojikiston jurnalistlar va xalqaro jurnalistlar konfederatsiyasi a‘zosi.

Tojikiston matbuoti va madaniyati a‘lochisi.

Ijtimoiy masalalarda jurnalistik tadqiqotlar olib borgan.

Farhod Jo‘rayevning bir necha maqolasi, shuningdek, "terrorizm masalalarining tojik matbuotida yoritilishi"ga bag‘ishlangan.

--------------------------------------------------------------------------------

BBC: Xo‘janddan O‘ktam Rizayev "asl jurnalist qanday bo‘lishi kerak?" - deb so‘ragan.

Farhod Jo‘rayev: Mening shaxsiy fikrim, jurnalist eng avvalo siyosiy jihatdan yetuk va xolis bo‘lishi kerak. Xolis bo‘lmagan jurnalist hech qachon jurnalistikada obro‘, e‘tibor topa oladi deb ayta olmayman.

BBC: O‘ktam Rizayev Tojikistondagi jurnalistika darajasini ham bilishga qiziqqan.

Farhod Jo‘rayev: Umumiy tojik jurnalistikasi haqida so‘z ketganda, men ayta olishim mumkinki, Tojikiston so‘z erkinligi jihatidan demokratik davlatlardan biridir. Buni to‘liq ma‘noda ayta olaman. Agar bizning ro‘znomamiz haqida gap ketadigan bo‘lsa... Ro‘znomamiz mamlakatimiz istiqloliyatining ilk mevalaridan. Gazeta ta‘sis etilganiga 20 yilgina bo‘lgan esa-da, u respublikamiz, viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, ma‘naviy-ma‘rifiy ishlarining rivojiga, milliy an‘analarimiz va qadriyatlarimizni qayta tiklashga katta hissa qo‘shmoqda. Agar jurnalistika me‘yorlari nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda bizning yozayotgan materiallarimiz o‘sha zamonaviy jurnalistika talablariga to‘liq javob beradi, deb ayta olmayman, lekin buning ko‘pgina sabablari bor. Birinchi galda bu balki professional jurnalistlarning yetishmasligidir. Ammo, bir so‘z bilan aytganda Tojikistonda jurnalistika rivojlanayapti, deyish mumkin.

BBC: Siz muharrirlik qilayotgan "Sug‘d haqiqati" gazetasiga qiziqish katta-mi? Qancha odam o‘qiydi bu gazetani?

Farhod Jo‘rayev: Bugungi kunda bizda 3 mingdan ortiq mushtariylarimiz bor. Ro‘znomamiz viloyat davlat hokimiyati ijroiya organi nashriyasi hisoblanadi. Gazetamiz viloyatda o‘zbek tilida chiqayotgan gazetalar ichida tiraji eng ko‘pi hisoblanadi.

BBC: Uch mingdan ortiq, deyapsiz. Tojikiston shimolida yuz minglab o‘zbeklar yashaydi. Eng yirik gazeta uchun bu tiraj oz emasmi?

Farhod Jo‘rayev: Viloyatda ko‘pgina gazetalar chop etiladi. Jumladan, viloyat o‘zbeklar jamiyati ro‘znomasi "Qadriyat", viloyat o‘zbeklar manaviyat markazi ro‘znomasi "Ma‘naviyat". Har bir shahr va nohoiyada nashr etiluvchi gazetalarda alohida o‘zbek bo‘limlari mavjud. Tog‘li Maschoh va Ayniy tumanlari xorij, albatta. Viloyatdagi o‘zbeklar o‘zlariga tegishli axborotlarni olish imkoniga egalar degan umiddaman. O‘ylaymanki, kelajakda ro‘znomamiz mushtariylari soni yanayam ko‘payadi.

BBC: Toshkentdan Hojiahmad ismli o‘quvchimimz quyidagi savollarni yo‘llagan:

1. Tojik va o‘zbek jurnalistlari o‘rtasidagi hamkorlik yoki fikrlar almashinuvi qay darajada, imkoniyatlar bormi?

Farhod Jo‘rayev: Bugungi ilm-fan taraqqiy etayotgan bir davrda tojik va o‘zbek jurnalistlari yaqindan hamkorlik qilishayapti, deb o‘ylayman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali biz O‘zbekistonlik hamkorlarimiz materiallarini doimiy ravishda o‘qib boramiz. Ular ham bizning tojik jurnalistlari bildirgan fikrlarni o‘qib, o‘z fikru mulohazalarini bildirib borishayapti. O‘ylaymanki, bu hamkorliklar kengayadi.

2. Avvalo sizga xalqlarimizni qiynaydigan savol, ya‘ni O‘zbek-Tojik davlatlari munosabati (xalqlari emas) yaxshilanishi yo‘lida nimalar ishlar qilinishi kerak, deb o‘ylaysiz?

Farhod Jo‘rayev: Eng birinchi navbatda, men o‘ylaymanki, davlatlar o‘rtasidagi hamkorliklarni mustahkamlash bu – ikki davlat rahbarlari va hukumat miqyosida bajariladigan vazifalar. Lekin, biz hech qachon "tojik-o‘zbek" degan narsaga bormaganmiz. Men hech qachon ko‘rmaganmanki, misol, Xo‘jandda "sen o‘zbeksan" yo "sen tojiksan" degan so‘z yoki millatchilikka yaqinroq biron narsa bo‘lsa. O‘ylaymanki, ikki millatni bir-biriga yaqinlashtirish yo‘lida faqat do‘stlik va do‘stlikni mustahkamlash ishlari bilan yanayam rivoj berish mumkin. Chunki biz, ikki tilda gapiruvchi bir xalq, deb doimiy ravishda aytib kelamiz. Bu ikki millat ikki jilg‘adan tashkil topgan keng bir daryodir.

BBC: Zamon ismli muxlisimiz esa "Nima uchun Tojik hukumati uchun o‘zbeklar va O‘zbekiston davlati xuddi dunyodagi yagona dushmanga aylanmoqda?" – deb so‘ragan.

Farhod Jo‘rayev: Bilmadim, nima uchun Zamon do‘stimiz shunday xulosaga kelganlar. Men bu narsani hech qachon ko‘rmaganman. O‘zbek xalqiga nisbatan yoki O‘zbekiston davlatiga nisbatan biror bir so‘z aytilganini yoki biror bir amal qilinganini.

BBC: Farhodjon, tojikistonlik o‘zbek jurnalistlari o‘zbek-tojik munosabatlari haqida umuman qanday fikrdalar?

Farhod Jo‘rayev: Jurnalist sifatida shaxsiy fikrimni aytadigan bo‘lsam, biz judayam yaxshi, mustahkam aloqaga egamiz. Bu yerdagi o‘zbeklar ikki xalqning eng yaxshi xislatlarini o‘zida in‘ikos etib kelayapti. Men hech qachon kamsitish holatini ko‘rmaganman. Men ishlayotgan gazeta doimiy ravishda faqat do‘stlikni tarannum etib keladi.

BBC: Muhtaram Farhodbek! Tojikistonda jurnalistika sohasida o‘zbek tilida faoliyat olib borayotgan mamlakatning bir fuqarosi sifatida aytingchi, siz faoliyatingiz davomida titul millatidan bo‘lgan tojik hamkasbingizdek siyosatda, ijtimoiy jabhalarda o‘z fikringizni, haqatan ham, erkin va teran ayta olayapman, deya olasizmi? – deb so‘rapti O‘shdan muxlisimiz Odiljon Mahdumiy.

Farhod Jo‘rayev: Rostanam, men bir jurnalist sifatida ayta olaman. Viloyat gazetasiga bosh muharrir sifatida atiga 25 yoshda edim. Olti yildirki, mana shu dargohda rahbarlik qilib kelayapman. Biz doimiy ravishda o‘z ovozimizga egamiz. Men, mana shu millat vakili sifatida, o‘zimizni qiynagan muammolar to‘g‘risida ochiq gapira olaman.

BBC: "Mamlakatda yillar davomida ozayib borayotgan o‘zbek maktablarini salbiy ahvolini hech bo‘lmasa shu miqdorda saqlash qolish uchun bir o‘zbek sifatida, ziyoli sifatida ijobiy tomonga amalga oshirish rejalari bormi?" – deb so‘rapti yana Odiljon Mahdumiy.

Farhod Jo‘rayev: O‘zbek tilidagi maktablar soni kamayib borayotgani yo‘q. Maktablar soni o‘sha-o‘sha. Lekin, xalqimiz bolalarini rus sinflariga , ingliz sinflariga yoki tojik sinflariga berayapti. Tojikistonda qirg‘iz maktablari bor, turkman maktablari bor. Bilmadim ularning soni kamayib borayapti, deyish nechog‘lik o‘rinli.... Xalqimizdan ko‘pchilik o‘zlari o‘z farzandlarini tojik tili yoki rus tilida ta‘lim beruvchi sinflarga berishayapti. Lekin, viloyatimizdagi ko‘plab maktablar o‘zbek tilidagi maktablardir. Bundan tashqari universitetlarning barcha pedagogik fakultetlarida o‘zbek tili guruhlari bor. Xo‘jand Universiteti qoshida O‘zbek Tili va Adabiyoti Fakulteti amal qiladi.

BBC: Sug‘d viloyati Spitamen tumanidan Salima Tojikistonda o‘zbeklar bilan bog‘liq muammolar ko‘pligini aytgan. "Yaqinda shogirdim fan olimpiadasida, bilimi zo‘r edi, ammo o‘rin ololmadi, chunki millati o‘zbek edi, – deb yozadi u. – "Bu har bir tojikistonlik o‘zbek qismati: o‘zbek bo‘lsang amal kursisiga o‘tirolmaysan, biror martabaga erisholmaysan, karьera qilolmaysan va h.o. Sizlar ikki millionga yaqin o‘zbek ichidan yetishib chiqqan iqtidorli o‘zbek jurnalistlari nega shu masalalarni ko‘tarmaysizlar?"

Farhod Jo‘rayev: Bunday savollar, bunday noroziliklar odatda bo‘lib turadi. Lekin, mana shunday noroziliklarning ko‘pi tushunmovchiliklar ortidan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki, bizning parlamentdan tortib shahru nohiyalardagi barcha sohalarida o‘zbeklar faoliyat yuritayapti, deb bemalol aytish mumkin. Qandaydir holatlar bordir, lekin bu yuqori darajada emas, balki mahalliy darajada. Bugungi kunda biz parlamentda o‘z vakillarimizga egamiz. Tojikiston hukumatida bir necha hukumat a‘zolari o‘zbeklardan iborat. Ko‘pgina shaharu nohiyalar raislari bizning hammillatlarimizdir.

BBC: Sug‘d viloyati asosan O‘zbekiston bilan chegaradosh. Chegaralar muammolari Tojikistondagi o‘zbek matbuotida qanchalar ko‘tariladi?

Farhod Jo‘rayev: Haqiqatan ham, ko‘pgina shahar va nohiyalarimiz O‘zbekiston bilan chegaradosh. Asosiysi qarindoshchilik, quda-andachilik bor. Asosiy qiynaydigan masala, bu - viza masalasi. Chegaraoldi mintaqalarda yashovchi aholi uchun besh kun davomida vizasiz borib-kelish masalasi hal bo‘lgan esa-da, viza muammosi muammoligicha qolmoqda. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga bir ma‘noda o‘z ta‘sirini yetkazayapti, deb o‘ylayman.