Toshkent: "Yolg‘iz qariyalar qo‘rquvda"

Image caption Qotillikda gumon qilinayotgan shaxslarning fotorobotlari ham e‘lon qilingan

"Toshkentdagi yolg‘iz qariyalar qo‘rquvda yashashmoqda" - deydi O‘zbekistondan inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva.

"Ular qosh qorayishi bilan eshiklarni yopib olib, hech kimga ochmaslikka intilmoqdalar. Ba‘zilar ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqadi".

Yelena Urlayeva so‘nggi paytlari o‘ldirilib, tunalayotgan keksalar yashovchi mahallalarga borib, vaziyatni o‘rganayotganini aytadi.

"Mana hozir ham Toshkent viloyatiga chiqmoqchimiz, shahardan tashqarida ham shunday voqealar bo‘layotgani aytilmoqda".

Toshkentda so‘nggi paytlari yolg‘iz qariyalar o‘ldirilayotgani haqidagi xabarlar, ayniqsa, bola-chaqalaridan ayri yo uzoqda yashaydigan keksalar orasida vahimalarni orttirgan ko‘rinadi.

Ustiga ustak, hali-hamon qotillar topilmagan. Turli internet sahifalarida gumon qilinayotgan ayol va erkaklarning fotorobotlari ham e‘lon qilingan. Lekin bu hali yordam berganicha yo‘q.

Turfa manbalar qotilliklar sonini ham har xil ko‘rsatmoqda. Ayrim xabarlar yuzdan ziyod qariyaga hujum bo‘lganini aytsa, boshqalar qotilliklar soni o‘ntacha ekanligini bildiradi.

"Yuzdan ziyod keksalar o‘ldirilgani haqidagi xabarlar bo‘rttirma gap" - deb rad etadi jurnalist Sergey Yejkov.

Ammo Yelena Urlayeva qotilliklar soni ko‘pligini urg‘ulaydi. Huquqbonga ko‘ra, mamlakat matbuot vositalari bu xabarlarni keng yoritmayotgan ko‘rinadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda shunday hollarda aholi orasida vahima tarqatishni istashmaydi va matbuot bundayin voqealarni keng hamda muntazam yoritmaydi.

Lekin matbuot gapirmaydigan mavzularni mish-mishlardan eshituvchi o‘zbekistonliklar hozir qaysi raqam yo gapga ishonishni bilmasliklari mumkin.

Ko‘pchilik nega militsiya shuncha qotillikdan keyin ham aybdorlarni topa olmayotganidan yo hayron, yo g‘azabda, deyishadi faollar.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, mamlakat Ichki ishlar vazirligi qotillarni topishni tezlashtirish uchun moddiy rag‘batlantirish va mukofot ajratishni ham ko‘zda tutmoqda.

"Toshkentda qariyalarni o‘ldirayotgan qotillarni topgan odamlarga kvartira berish haqida IIVdagi shaxsiy suhbatlarda aytilgan" - deydi uzmetronom.com vebsahifasi yurituvchisi Sergey Yejkov - "Ammo bu ommaga e‘lon qilinmagan".

Ayni damda esa keksalarni o‘ldirayotgan qotillar ochiqda, poytaxtdagi yolg‘iz keksalar esa qo‘rquv iskanjasida qolishmoqda.