Bangladeshdagi bino qurbonlari 500 dan oshgan

Bangladesh rasmiylariga ko‘ra, poytaxt Dakka yaqinidagi qulagan fabrikasi binosining qurbonlari soni 507 ga yetgan.

Bu bilan Bangladeshdagi bino halokati yaqin tarixda eng ko‘p inson umriga zomin bo‘lgan bino qulashi bo‘lgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi 2001 yil 11 sentyabr terrorchilik xurujlarini hisobga olmaganda, bundan oldin bino yiqilishida eng ko‘p o‘lgan insonlar soni 502 nafar bo‘lgan.

Bu hodisa 1995 yilda Janubiy Koreyaning Seul shahrida "Sampong" binosi qulashi bo‘lgan.

Bangladesh harbiylari xabar qilishicha, "Rana Plaza" deb nomlangan bino qoldiqlari orasidan 3 may tongigacha yana 29 insonning jasadi chiqarib olingan.

Ko‘plab insonlar bedarak ketgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bino yiqilib tushishi oqibatida 2500 kishi yaralangan, 2437 inson vayronalar orasidan qutqarib olingan.

Ushbu hodisa tufayli to‘qqiz inson hibsga olingan.

Payshanba kuni politsiya muhandis Abdur Razzoq Xonni hibsga olgan.

Politsiyaga ko‘ra, u bino sohibi Muhammad Sohel Rananing maslahatchisi bo‘lgan.

Muhammad Sohel Ranani qonunga zid ravishda binoga qo‘shimcha qavatlarni qo‘shib qurdirganlikda gumon etmoqdalar.

Biroq, muxbirlar xabar qilishicha, injener Abdur Razzoq Xonning hibsga olinishi ko‘pchilikni hayratlantirgan, chunki u bino xavfsizlik talabiga javob bermasligini aytib, binoni tekshirishga chaqirgan bo‘lgan.

Bino qulagan 24 apreldan bir kun oldin binoda yoriqlar paydo bo‘lgan, mahalliy xususiy televideniye bilan suhbatda Abdur Razzoq Xon bino egasiga odamlarni ko‘chirish kerak deb ogohlantirganini aytgan.

Oxirgi to‘rt kun ichida bino qoldiqlari orasidan birorta ham tirik inson topilmagan.

Biroq hodisa sahnasida ko‘plab odamlar o‘zlarining yaqinlarining suratlarini ushlab kutishmoqda.

Bulbula ismli ayol o‘zining qizi haqida darak kutayotganini aytgan.

"Qizimning oti Malika. Fabrikaning to‘rtinchi qavatida ishlar edi. Ishga kirganiga endigina uch oy bo‘lgan edi. Qizimdan biror bir xabar yo‘q", deb aytgan u.

Bangladesh rasmiylarining aytishicha, topilgan insonlarning ayrim jasadlari juda yomon shikastlangan va buzilgan.

Shuning uchun tanib olish qiyin bo‘lgan, egasi chiqmagan jasadlar dafn etilgan.

Qutqaruvchilar yana qancha odam bedarak ketgani haqida ma‘lumotga ega emasliklarini aytishgan.

Chunki fabrikalar egalari aniq raqamni berishmagan.

Ushbu halokat tufayli Bangladeshdagi kiyim-kechak fabrikalari yopib qo‘yilgan edi.

2 may kuni korxonalar o‘z faoliyatini qayta boshlagan.