Qirg‘izistonda uchoq halokatga uchragan

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegarasida uchoq halokatga uchragan.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 15 larga yaqin yuz bergan.

Poytaxt Bishkekdan 160 kilometrcha g‘arbda Chuy viloyatining Chaldovar qishlog‘i aholisi uchoq qulagani haqida Favqulodda holatlar vazirligi rasmiylariga xabar berganlar.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, uchoq AQShning C-135 yonilg‘i tashiydigan harbiy uchog‘i bo‘lgan.

Talofotlar haqida ma‘lumot olinmagan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, yonilg‘i tashiydigan uchoq uchuvchisi parashyutda sakrashga ulgurgan.

Uchoq aholi istiqomat qilmaydigan tog‘li hududda - Chon-Arik va Cholok-Arik qishloqlariga yaqin joyda qulagan.

AQShning Bishkekdagi "Manas" aeroportida joylashgan Tranzit Tashish Markazi halokat borasida xabar bermagan.

"Manas" Tranzit markazidan uchoq halokatga uchragani haqidagi xabar tekshirilayotganini ma‘lum qilishgan.

Mahalliy aholi vakillari aytishicha, uchoq hali osmondaligida bir necha bo‘lakka bo‘linib qulagan.

Uchoq qoliqlari katta tog‘li hududda sochilib ketgan.

Hodisa joyiga yetib borgan qutqaruvchilar kuchli alanga sababli uchoq qoldiqlariga yaqinlasha olmaganlarini aytganlar.