"Aka-uka Tsarnayevlar hujumni AQSh mustaqillik kuniga mo‘ljallagan"

Image caption Marafon portlashida uch inson halok bo‘lgan, 260 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Amerika ommaviy axborot vositalarining tergov organlaridagi manbaga tayanib xabar tarqatishicha, Boston shahridagi marafon portlashlarida gumon qilinayotgan Tamerlan va Johar Tsarnayev dastlab portlashni 4 iyul AQSh Mustaqilligi kunida amalga oshirishni rejalaganlar.

Biroq ular qo‘lbola portlovchi moddalarini o‘zlari mo‘ljallaganidan ertaroq Tamerlan Tsarnayevning uyida tayyorlab tugatganlari uchun katta sondagi omma yig‘iladigan Boston shahridagi yugurish marafonini nishonga olishga qaror qilganlar, deya ma‘lum qilgan amerikalik huquqni muhofaza qilish idoralari.

Har yili AQSh mustaqilligi nishonlanadigan 4 iyul kuni ko‘plab bayram tadbirlari tashkil etiladi, bu tadbirlarda ko‘plab odamlar ishtirok qiladilar.

Aka-ukalar aynan qanday tadbirni nishonga olmoqchi bo‘lganlari ayon emas.

15 aprel kuni Bostondagi marafonning finish chizig‘ida ro‘y bergan portlashlar oqibatida uch inson halok bo‘lgan, 260 dan ortiq odam yaralangan.

Massachusets shtati xavfsizlik departamentidan xabar qilishlaricha, 2 may kuni qarindoshlari Tamerlan Tsarnayevning jasadini o‘likxonadan olib ketganlar.

Oldinroq AQShning Merilend shtatida yashaydigan amakisi Ruslan Tsarni jiyanining jasadini olish va dafn etmoqchi ekanini aytgan.

1 may kuni Boston prokurorlari Johar Tsarnayevning qozog‘istonlik ikki kursdoshiga ayblov e‘lon qildi.

Qozog‘iston fuqarolari Dias Qadirbayev va Azamat Tajayakovni Johar Tsarnayevga tegishli bo‘lgan noutbukni yo‘qotish yoki yashirish, mushakbozlik moddalaridan bo‘shagan ryukzakni ham yo‘qotishda ayblanmoqdalar.