AQSh: Jeyms Dobbins Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha elchi etib tayinlangan

Image caption Jeyms Dobbins bungacha ham AQShning Afg‘onistondagi maxsus elchisi bo‘lgan.

Amerikalik faxriy diplomat Jeyms Dobbins Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha yangi maxsus elchisi bo‘lishi e‘lon qilindi.

Bu haqda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ma‘lum qilgan.

Jeyms Dobbins nomzodining Senatdan tasdiqlanishi talab qilinadi, biroq amerikalik rasmiylar janob Dobbinsning qisqa fursat ichida Markaziy Osiyoga safarini boshlashiga shubha qilmayaptilar.

AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi lavozimi o‘tgan yili dekabridan bo‘sh edi.

2010 yil dekabrigacha taniqli amerikalik diplomat Richard Xolbruk maxsus elchi bo‘lgan, biroq uning to‘satdan vafoti ortidan Mark Grossman tayinlangan edi.

Jeyms Dobbins Prezident Jorj Bush ma‘muriyati davrida AQShning maxsus elchisi bo‘lgan va 2001 yil oxirida Tolibon qudratdan ag‘darilganidan keyingi yangi Afg‘oniston hokimiyatini barpo etishga bag‘ishlangan Bonn anjumanida u Vashington vakili sifatida ishtirok etgan edi.

Janob Dobbins Bosniya va Haiti singari "qaynoq nuqtalar"da elchilik qilgan, U AQSh Davlat kotibining Ovro‘po masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimini egallagan.