Mashhur aktrisa To‘ti Yusupovaga savol bering

BBC mehmoni - O‘zbekiston xalq artisti, mashhur aktrisa To‘ti Yusupova.

Aktrisa shu kunga qadar yuzga yaqin spektakl, tele va radiospektakllarda rollar o‘ynab, O‘zbek kino va teatr san‘atining yorqin siymolaridan biriga aylangan.

To‘ti Yusupova turli millat ayollarining xarakterlarini sahnada nozik mahorat bilan gavdalantirgan.

Luiza ("Makr va muhabbat"), Fusako ("O‘g‘irlangan umr"), Nuri ("Qutlug‘ qon"), Ubayda ("Qotil"), Xonzoda ("Boy ila xizmatchi"), Mastura ("Xolisxon"), Fotima ("Shoshma, quyosh"), Sotti ("Kelinlar qo‘zg‘oloni"), Nodira ("Nodirabegim"), Hafiza ("Shohi so‘zana") obrazlari aktrisaning eng sevimli rollari bo‘lib, uning ijodida alohida o‘rin tutadi.

To‘ti xonim O‘zbekistondagi muxlislariga ayniqsa Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasidagi Sotti obrazi bilan yaxshi tanilgan.

Image caption To‘ti Yusupovaning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasidagi Sotti obrazi ko‘plarning xotirasida muhrlanib qolgan

Uning Sotti xarakteridagi chaqimchilik, ikkiyuzlamachilik va qattiqqo‘l qaynonasiga sadoqat kabi xususiyatlari juda ko‘p televizion va teatr tomoshabinlarining yodida muhrlanib qolgan. Ayni obrazi bilan To‘ti Yusupova o‘zining beqiyos komik mahoratlarini namoyish qila olgan.

Mazkur spektakl Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida sahnalashtirilgan.

Ko‘pchilik hamkasblari va tanqidchilar fikrida, To‘ti Yusupova bag‘ritosh, qahriqattiq, satang ayollarni ham, saxiy, mehribon va mushtipar ayollar, hamda onalarni ham ustalik, katta ehtiros bilan gavdalantiruvchi aktrisadir.

To‘ti Yusupova ko‘plarga "Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi" televizion ko‘rsatuvidagi ona obrazlari, hamda "Abdullajon", "To‘langan qarz", "Seni izlab", "Dilxiroj", "Ipak daraxti" kabi filmlardagi rollari bilan yaxshi tanish.

U 2000 yilda "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlandi.

Biroq, yaqin o‘tmishda onaxon ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirdi - ikki katta yoshli o‘g‘illaridan ayrildi va yurak xuruji ortidan jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi.

Yoshi ulug‘ aktrisa amaliyot ortidan uyda o‘tirganiga qaramay, san‘atdan to‘la ayrilib qolmaganini aytadi.

To‘ti Yusupova 1936 yilda Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida tug‘ilgan.

U 1953-1957 yillarda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san‘ati institutining aktyorlik fakultetida o‘qigan. O‘qishni tugatgach, yo‘llanma bilan Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga kirgan.

To‘ti Yusupovaga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring yoki uzbek@bbc.co.uk manziliga elektron maktub yo‘llang.

Suhbat matni juma kuni chop etiladi, audio versiyasini esa shanba va yakshanba kunlari uzatiladigan dasturlarimizda tinglay olasiz.