AQSh: O‘n yil oldin o‘g‘irlangan uch qiz topilgan

Image caption Amanda o‘n yillik tutqunlik ortidan opasi bilan ko‘rishdi

Eson-omon topilgan ayollar yo‘qolgan paytlari o‘spirin qizlar bo‘lishgan. Amanda 16 yoshda, Jina 14 yashar va Mishel esa 19 yoshga kirgan edilar.

Kutilmaganda qamab qo‘yilgan uydan yordam so‘rab qichqirgan Amandaning ovozini qo‘shni erkak eshitib qoladi.

Bu qizlar qamab qo‘yilgan uyda yashovchi uch aka-uka hibsga olingan. Ular kelib chiqishi janubiy amerikalik bo‘lgan 50 yoshdan oshib qolgan erkaklardir.

Politsiya bu uyda yana 6 yashar bolakayni ham topgan. Bu bola kimga tegishli ekani ma‘lum emas.

Lekin Amandaning qarindoshlari u tutqunlikda qiz farzandli bo‘lganini aytishgan.

Qizlarning oilalari ularning eson-omon topilganidan xursand bo‘lishsa, 10 yil davomida jigargo‘shalari boshidan ztkazgan azoblarni o‘ylab larzaga tushishgan.

"O‘tgan 10 yil davomida jiyanim shundoq yaqinimizda tutqunlikda saqlanayotgani yetti uxlab tushimizga ham kirmabdi" - dey aytgan Jinaning tog‘asi.

Shifokorlar hozir ayollarni shifoxonda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmoqda.

Amanda va Jina o‘spirinlik chog‘i yo‘qolishganida bu voqea matbuotda keg yoritilgandi. Keyinchalik barcha ularni o‘lganga chiqargandi.

Ammo 19 yoshida bedarak ketgan Mishel borasida ko‘p yozishmagandi. Politsiya esa uni uyidan qochib ketgan, degan xulosaga kelgan.

Uzoqqa cho‘zilgan tutqunlik

Oradan shuncha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, mana shu dushanba kuni Amanda tutqunlikdan qochib chiqishga intiladi.

Aka-ukalar uyda bo‘lmagan paytda Amanda yordam so‘rab qichqira boshlagan. Uning ovozini qo‘shni erkak eshitib qoladi.

Image caption Aka-ukalar qizlarni o‘g‘irlab, o‘n yil davomida mana shu uyda tutqunlikda tutishgan

"Bechora qiz jon-jahdi bilan tashqariga chiqish uchun yordam so‘rardi" - deydi Charlz ismli bu qo‘shni - "Bordim-da, eshikni ichkaridan ochib, tashqariga chiqsang bo‘lmaydimi, deb aytdim. U esa eshik tashqaridan qulflanganini bildirdi".

Charlz shunda eshikni tepib, qulfni sindirib ochadi. Ichkaridan esa Amanda va uning qizalog‘i chiqib kelishadi.

Ozodlikka chiqqanidan o‘zida yo‘q xursand Amanda esa hadeb: "Mening Amanda Berrima! Meni o‘g‘irlashgandi. 10 yildan beri topisholmagan! Mana endi ozodlikdaman!" - takrorlagan.

Amanda o‘zini Ariyel Kastro ismli erkak o‘g‘irlaganini va ichkarida yana boshqa ayollar borligini aytgan.

Amandani qutqargan Charlz esa bu qizlarni o‘g‘irlab, tutqunlikda saqlagan aka-ukalar bilan birga kabob pishirganini, ularnign bunaqa dahshatli odamlar ekanini bilmagani haqida aytgan.

Amanda oxirgi marotaba 2003 yili yemakxonadan chiqib, opasiga meni olib ketgan, deb qo‘ng‘iroq qilgan. O‘shandan keyin bedarak ketgan. Qizi yo‘qolganidan uch yil o‘tib, uning onasi olamdan o‘tgandi.

Jina esa maktabdan uyga qaytgunicha izsiz ketgandi.

Bu uch ayolning o‘tgan o‘n davomida tutqunlikda kechgan hayoti borasida hali ko‘p ma‘lumotlar aniq emas.

Ammo bu xabar yosh qizaloqlar o‘g‘irlanib, uzoq yillar tutqunlikda tahqirlangan bir necha voqeani odamlar yodiga soldi.

AQSh va Ovro‘poda yosh o‘spirin qizaloqlar maktab yo‘lida majburan mashinaga solib o‘g‘irlab ketilgan holatlar sodir bo‘lgan. Va ular oradan uzoq yillar o‘tib topilgandi. Ba‘zilari esa tutqunlikda bolali ham bo‘lishgan.