Alisher Usmonovning jiyani "avtohalokat qurboni bo‘ldi"

Image caption Yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan Bobur Usmonov rossiyalik taniqli milliarder Alisher Usmonovning asosiy merosxo‘ri hisoblanardi

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 8 may kuni ertalab O‘zbekiston poytaxtida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani - Bobur Usmonov halok bo‘lgan.

"Uzmetronom" nashrining ma‘lum qilishicha, 30 yoshli Bobur Usmonov 11 may kuni yaqinlaridan birining nikoh marosimida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Bobur Usmonov asosan Shveytsariyada yashab kelgan.

Alisher Usmonovning asosiy merosxo‘ri sifatida ko‘riladigan Bobur Usmonov 2009 yil mayida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning jiyaniga uylangani xabar qilingan.

Alisher Usmonov shu yil 20 milliard dollar bilan Britaniya va Rossiyaning eng badavlat shaxsi deb topilgandi.

Yo‘l-transport hodisasida boshqa qurbonlarning borligi haqida hozircha ma‘lumot yo‘q.

BBC Bobur Usmonov o‘limi tafsilotini o‘rganishga harakat qilmoqda.