"Alisher Usmonov jiyanining o‘limini sharhlamoqchi emas"

Image caption "Uzmetronom" nashrining yozishicha, Bobur Usmonov Toshkent markazidagi "Minor" qabristonida tuproqqa qo‘yilgan va Alisher Usmonov juda qayg‘uli ahvolda ko‘ringan

Bu haqda Amerikada chop etiluvchi Forbes jurnalining Rossiyadagi nashri asli o‘zbekistonlik milliarderning vakiliga tayanib xabar tarqatgan.

Ammo, O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, "Rossiya va Britaniyaning eng boy odami" jiyani Bobur Usmonovning kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan dafn marosimida shaxsan ishtirok etgan.

"Uzmetronom" nashrining yozishicha, Bobur Usmonov Toshkent markazidagi "Minor" qabristonida tuproqqa qo‘yilgan va Alisher Usmonov juda qayg‘uli ahvolda ko‘ringan.

29 yoshli Bobur Usmonovning kecha chorshanba kuni tong sahar Toshkentda "Ford Mustang" rusumli mashinasida halokatga uchrab, hayotdan ko‘z yumgani xabar berilgandi.

Bobur Usmonovning avtohalokatda qurbon bo‘lganini shu kunning o‘zida rossiyalik milliarderning vakili ham, rafiqasi Irina Viner xorijiy va mahalliy internet nashrlariga tasdiqlashgandi.

Ammo ularning so‘zlariga tayanib, xabar tarqatgan internet nashrlari ham avtohalokat sabablari tafsilotlarini keltirishmagan.

Bu haqda hozircha rasmiy ma‘lumotlar ham yo‘q, ammo dastlabki xabarlarda Bobur Usmonovning mashina boshqaruvini yo‘qotgani bunga sabab bo‘lgani aytilgandi.

BBC O‘zbek Xizmati bugun O‘zbekistondan olishga muvaffaq bo‘lgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yuz bergan hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Tergov jarayoni esa, Toshkent Shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

So‘nggi tafsilotlardan ma‘lum bo‘lishicha, mashinada u bilan birga bo‘lgan va xabarlarda do‘stining jazmani ekani aytilayotgan Kristina Yo‘ldosheva ham halokat sathida emas, kasalxonada olamdan o‘tgan.

"Uzmetronom" nashri uning ham kecha asr vaqtida Toshkentda dafn etilgani haqida yozgan.

Bobur Usmonov rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning asosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan va O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning kuyovi bo‘lgan.

U 2009 yilda, ko‘pchilik tahlilchilar hozir prezident Islom Karimovning o‘rniga asosiy da‘vogarlardan biri sifatida tilga olayotgan janob Mirziyoyevning jiyaniga uylangan bo‘lgan.

Alisher Usmonovning o‘zi esa, 2007 yilda Britaniyaning "Gardian" gazetasi bilan suhbatida na O‘zbekiston va na boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgandi.

Asli o‘zbekistonlik milliarder rasmiy Kreml o‘zini prezident Karimovga ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rishi haqidagi taxminlarni ham "o‘zini kremlshunos deb ataydiganlarning fantaziyasi" deb atagandi.

Alisher Usmonov suhbati chog‘ida na O‘zbekiston prezidenti va na uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan aloqasi yo‘qligini ham ta‘kidlab o‘tgandi.

Jiyani Bobur Usmonovning rafiqasi bilan asosan Shveytsariyada yashagani, ammo qarindoshining nikoh to‘yida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan bo‘lgani aytiladi.

Hozirgi kunda Alisher Usmonovning umumiy boyligi 20 milliard AQSh dollari atrofida ekani ma‘lum.